Joriy yilning 15 dekabr kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan “Muruvvat karvoni”ning navbatdagi xayriya yuklari Sirdaryo viloyatiga yetkazildi.
Ushbu viloyatda o‘tkazilgan xayriya tadbirlari davomida oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, diniy-ma’rifiy kitoblar va boshqa zaruriy buyumlar muhtojlar, kam ta’minlangan oilalar, masjidlarga tarqatildi.
Bunda 20 dona nogironlik aravachasi, 315 metr ayollar gazlamasi, 500 kg shakar, 500 litr yog‘, 74 dona Rosululloh ramazonda audio diski, 296 dona kitoblar (Hazrati Qusam ibn Abbos-Shohizinda, Tafsiri Irfon (19-22 juz), (22-25 juz), (26-28 juz)) o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 73 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar beg‘araz tarqatildi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati