Tunda osmonga qarasangiz, juda ko‘plab yulduzlar tartibsiz sochilib yotganga o‘xshaydi. Aslida ular osmonda tartibsiz sochilib yotmaydi. Hozirgi vaqtda olimlar rasadxona, ya’ni observatoriyalarda yulduzlarning kattaligi, harorati, kimyoviy tarkibi va harakatlarini shuningdek, o‘zaro joylashgan o‘rinlarini ham o‘rganishmoqda.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, yulduzlar nihoyatda qizib yotgan, Yerdan juda uzoqda joylashgan osmon yoritgichlaridir. Ularni odamlar qadimdan guruhlarga ajratishgan va har bir guruhga nom berishgan. Bular yulduz turkumlari deb ataladi. Masalan, Tarozi, Chayon, Mezon va boshqalar.
Siz Katta Ayiq yulduzlar turkumini bilsangiz kerak. Ularni xayolan chiziq bilan tutashtirsangiz darhaqiqat, cho‘michga o‘xshaydi. Cho‘mich bandidagi ikkinchi yulduz yonida kichik yulduzcha bor. Qadimda jangchilarning ko‘zi o‘tkirligini shu yulduzni ko‘ra olishiga qarab aniqlashgan. Bizga ko‘rinib turadigan ancha yorug‘ yulduzlardan biri Oltin Qoziq (qutb) yulduzidir. Bu yulduz hamma vaqt ham osmonda bir joyda – Shimoliy qutb ustida turadi.
Oltin Qoziq (qutb) yulduziga qarab shimolni, shuningdek boshqa tomonlarga bo‘lgan yo‘nalishni ham aniqlash mumkin. Agar old tomoningiz bilan shimolga qarab tursangiz, o‘ng tomoningiz sharq, chap tomoningiz g‘arb, orqa tomoningiz janub bo‘ladi.
Fan-texnika rivojlangan bugungi kunda ham sayyohlar, ilmiy tadqiqotchilar, olimlar va dengizchilar hamon yulduzlarga qarab oriyentirlash uslubidan foydalanadi. Chunki, qo‘limizdagi texnik asbob-uskunalarni odam bolasi yasagan. U buzilishi, adashishi va hatto noto‘g‘ri ko‘rsatishi ham mumkin. Ammo, yulduzlar Qodir Zot tomonidan mukammal tarzda yaratilgan bo‘lib, biz bandalar uchun xizmat qilishga Alloh taolo tomonidan bo‘ysundirilgan. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qildi:
“U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong‘uliklarida yo‘l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan zotdir. Biladigan kishilar uchun oyatlarni batafsil bayon qildik”. (An’om, 97)
“(Yo‘llarga) belgilar ham (qo‘ydi). Yulduzlar bilan ham ular yo‘l topurlar”. (Nahl, 16)
Suddiyning so‘ziga ko‘ra, safarga chiqqanlar va musofirlikda yurgan yo‘lovchilar manziliga yanglishmay yetib olishlari uchun Alloh taolo osmonda yerning to‘rt tomonini va qiblani aniqlash uchun surayyo, yetti og‘ayni, oltin qoziq, qutb va boshqa yulduzlar kabi alomatlarni mo‘ljal sifatida yaratib qo‘ygan.
Ta’kidlash joizki yulduzlarning yo‘l ko‘rsatish bilan bir qatorda, o‘ziga xos bizga ma’lum va mavhum ko‘plab vazifalari bo‘lib, ana shulardan biri yil hisobini ham belgilashdir. Qur’oni karimda mazkur holat xususida ham oyat nozil bo‘gan:
“(Biz) osmonda burjlar yaratdik va kuzatuvchilar uchun uni (yulduzlar bilan) bezab qo‘ydik”. (Hijr, 16)
Ulamolar ushbu oyatni quyidagicha tafsir etishgan: “Osmonning o‘n ikki burji – hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy, dalv, hut bo‘lib, quyosh ularni 360 daraja bilan bir yil mobaynida kesib o‘tadi. Oyning ham shu kabi o‘n ikki burji mavjud”.
Bizlarga ota-onamizdan ham ming chandon Mehribon bo‘lgan, biz uchun son-sanoqsiz, cheksiz ne’matlar ato etgan hamda adashganimizda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan ALLOH TAOLOga cheksiz HAMD-U SANOLAR BO‘LSIN!
Saidabror Umarov O‘MI matbuot xizmati
Bugun, 30 iyun kuni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda juda muhim masalalar kun tartibiga chiqdi.
– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda, – dedi muhtaram Prezidentimiz. – Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor. Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak!..
Kecha Prezidentimiz ana shunday o‘g‘il-qizlarimizdan bir guruhini “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash haqidagi farmon va qarorni imzolagan edi. Bugun ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Aziz o‘g‘il-qizlarim! Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman.
Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor!
Yo‘lingiz ochiq, niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot yakunida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati