Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ba’zi kechalarda Madina qabristoniga borib, yaqin birodarlarini ziyorat qilar edilar. Mo‘minlarning qabrlariga salom berar, haqlariga duo qilib, o‘lim va oxiratni yod etardilar. Shunday tunlarning birida Oisha onamiz yarim kechasi uyg‘onib, yonlarida Sarvari olamni topolmagach, ancha qayg‘ulandilar. Birozdan so‘ng qaytib kelgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oishani mahzun ko‘rdilar va:- Ey Oisha, shaytoningga mag‘lub bo‘libsan, — dedilar. Shayton so‘zi Oisha onamizning diqqatini tortib, so‘radilar:
— Yo Rasululloh, mening ham shaytonim bormi?
Payg‘ambar (alayhissalom) unga javoban:
- Albatga, har bir insonning shaytoni bordir, — dedilar. Oisha onamiz yana:
- Sizniki ham bormi? - deb so‘raganlarida, Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam):
- Ha, faqat men Robbimning yordami bilan uni mag‘lub etdim, - dedilar.
Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) Oisha onamizga bo‘lgan muhabbatlari shunchalar kuchli ediki, natijada boshqa onalarimiz rashk qila boshlashdi. Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimadan (roziyallohu anho) bu holni u zotga bildirishlarini iltimos qildilar. Avvaliga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu haqqa gaplashishni xohlamagan bo‘lsalar, suyukli qizlarining ikkinchi bor murojaatlaridan keyin so‘zlashga majbur bo‘ldilar:
— Kizginam Fotima, mening sevganimni siz sevmaysizmi? Hazrati Fotima:
— Albatga, sevaman, ey Allohning Rasuli, - dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):
— U holda Oishani sevishingiz kerak!
Fotima onamiz jim bo‘lib qoldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zini davom ettirib:
— Oishadan hech qachon rashk qilmasinlar. Robbimga qasam etib aytamanki, Oishadan boshqa hech birlarining yotoqlarida menga vahiy kelmaydi, — dedilar.
Saidabror Umarov tayyorladi
Bugungi globallashuv davrida axborot tarqatish tezligi beqiyos darajada oshdi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan ma’lumotlar jamiyatning turli qatlamlariga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Afsuski, bu imkoniyatlar ba’zan milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot tarqatish uchun ham ishlatiladi. Bunday xatti-harakatlar jamiyat birdamligi va barqarorligiga jiddiy tahdid soladi.
Destruktiv, ya’ni buzg‘unchi, nizoli axborot tarqatishning asosiy xatarlari quyidagilar:
1. Jamiyatda adovat va nafrat uyg‘otish. Millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida adovatli axborot tarqatish jamiyatda nafrat uyg‘otadi. Bunday ma’lumotlar odamlar o‘rtasida ishonchsizlikni kuchaytiradi, o‘z navbatida, ijtimoiy birdamlikka putur yetkazadi;
2. Jamoat xavfsizligini buzish. Milliy va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot jamoat tartibining buzilishiga olib keladi. Natijada tartibsizliklar yoki hatto mojarolar kelib chiqishi mumkin;
3. Beqarorlikni kuchaytirish. Destruktiv axborotlar boshqaruv va hokimiyat tizimlarini zaiflashtirishi mumkin. Milliy va diniy bo‘linish davlat barqarorligiga tahdid soladi, chunki aholi o‘rtasidagi ziddiyatlar boshqaruvga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
4. Yosh avlodga salbiy ta’siri. Bunday axborotlar yoshlar o‘rtasida millatchilik yoki diniy radikalizmga moyillikni kuchaytirishi mumkin. Bu esa kelajak avlodni ham buzilishga olib keladi.
Sabab va oqibatlar
Milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborotlar aksar hollarda uydirmalar, yolg‘on yangiliklar yoki atrofdagi voqealarning bo‘rttirilishi orqali tarqatiladi. Bu axborotlar quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:
Qanday choralar ko‘rish kerak?
1. Axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish. Har bir shaxs tarqatilayotgan ma’lumotning haqiqiyligini tekshirish madaniyatini o‘zida shakllantirishi zarur;
2. Qonunchilikka rioya qilish va javobgarlik. Milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot tarqatgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi muhim;
3. Ta’lim va tarbiya orqali ongni oshirish. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida axborot xavfsizligi va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ma’lumotlarni tanqidiy baholash bo‘yicha bilim berish kerak;
4. Ijtimoiy tarmoqlar tahlili. Ijtimoiy tarmoqlarda yoyilayotgan axborotlarni tahlil qilib, zararli kontentlarni tezkorlik bilan aniqlash mexanizmlarini ishga tushirish zarur.
Xulosa
Milliy va diniy bo‘linishga sabab bo‘luvchi axborot tarqatish nafaqat jamiyat, balki mamlakatlar barqarorligiga katta tahdid soladi. Har bir fuqaro va jamoat tashkilotlari bunday xatti-harakatlarning oldini olishda o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Axborot tarqatish madaniyatini shakllantirish orqali, jamiyatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanadi.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati, Hazorasp tumani, "Shayx Qosim bobo" jome masjidi imom-xatibi.