Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro musulmonlar forumida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.
Muftiy hazratlari bugungi globallashuv jarayonlari o‘zining salbiy jihatlarini ham namoyon etayotgani, ayniqsa, axborot xuruji yosh avlodga kuchli ta’sir etayotgani, yoshlar orasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik o‘sib borayotgani va bularga qarshi o‘z vaqtida chora-tadbirlar qo‘llash zarurligini alohida qayd etdilar.
Bunday muammolarni bartaraf etishda, eng avvalo, kelajak avlodni dinu diyonatli, imon-e’tiqodli, savob va gunohni farqlaydigan qilib tarbiyalash, bu borada ulamolar, din peshvolari, ta’lim-tarbiya ishiga mutasaddi bo‘lgan har bir kishining oldida turgan dolzarb vaziflarni muftiy hazratlari ta’kidladilar.
Dunyoning ko‘p mintaqalarida musulmonlardan hadiksirash, islomofobiya holatlari kuzatilayotganining eng asosiy sabablaridan biri Islom dinining asl mohiyatidan bexabarlik ekanini ochiqladilar.
Muftiy hazratlari hozirgi murakkab davrda ayrim kuchlar musulmonlar o‘rtasida tarafkashlik keltirib chiqarishga urinayotgan shunday pallada bunday qarashlarga imkon bermaslik, keskin qarshi kurashish uchun mo‘min-musulmonlar o‘zaro hamjihat bo‘lib yashashlari zarurligini atroflicha bayon etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati