بسم الله الرحمن الرحيم
VAQF – BUYUK ISLOMIY QADRIYAT
Muhtaram azizlar! Bugungi juma mav’izamizda Islom dinidagi eng savobli va ayni paytda mo‘min-musulmonlarning manfaati uchun juda muhim bo‘lgan xayriya amali haqida suhbatlashamiz. Bu xayriya amalini “vaqf” deyiladi. Vaqf Islom shariatida keng targ‘ib etilgan, manfaati davomli, savobi uzluksiz bo‘lgan iqtisodiy xayriya ishidir. Qadimdan mo‘min-musulmonlar vaqfning manfaati va savobidan umidvor bo‘lib, bunga katta ehtimom qaratib kelganlar. Xususan, sahobalar davrida vaqf xayriya ishlariga hissa qo‘shmagan kishilar deyarli bo‘lmagan. Sahobalardan Zayd bin Sobit raziyallohu anhu shunday deganlar:
قَالَ زَيْدُ بْنُ ثَابِتٍ رضي الله عنه: لَمْ نَرَ خَيْراً لِلْمَيِّتِ وَلَا لِلْحَيِّ مِنْ هَذِهِ الْحُبُسِ الْمَوْقُوفَةِ أَمَّا الْمَيِّتُ فَيَجْرِي أَجْرُهَا عَلَيْهِ وَأَمَّا الْحَيُّ فَتُحْتَبَسُ عَلَيْهِ وَلَا تُوْهَبُ وَلَا تُوْرَثُ وَلَا يَقْدِرُ عَلَى اسْتِهْلَاكِهَا
ya’ni: “Mayyit uchun ham, tirik uchun ham ushbu vaqf qilingan mulklardan ko‘ra foydaliroq narsani ko‘rmaganmiz. Mayyit uchun uning savobi oqib borib turadi, tirik uchun esa, mulki saqlanib qoladi, u na hadya qilib yuboriladi, na merosga qoldiriladi va na yo‘qolib ketadi”. Jobir raziyallohu anhu esa:
قَالَ جَابِرٌ رضي الله عنه: لَمْ يَكُنْ أَحَدٌ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم ذُو مَقْدَرَةٍ إِلَّا وَقَفَ
ya’ni: “Payg‘ambar alayhissalomning sahobalaridan qodir bo‘lganlari borki, albatta vaqf qilgan”, – deganlar. Demak, musulmonlar orasida xoh boy bo‘lsin, xoh o‘rtahol bo‘lsin, har kim o‘z holiga yarasha biror narsani vaqf qilishi yaxshi odatga aylangan. Kimdir masjid, madrasa, shifoxona kabi ko‘chmas mulklarni, kimlardir ilmiy kitoblarni va yana kimlardir uy-ro‘zg‘or anjomlarini mo‘min-musulmonlarga vaqf qilib qoldirganlar. Albatta, ularning bu kabi xayriya ishlarini amalga oshirishlarida Alloh taoloning Kalomidagi quyidagi oyati karimasi ularga katta umid baxsh etgan:
فَمَنْ يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ
ya’ni: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar” (Zalzala surasi, 7-oyat).
Muhtaram jamoat! “Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Shar’iy ta’rifi esa: “Muayyan narsaning aslini saqlab qolib, undan keladigan foydani sadaqa qilishdir”.
Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, merosga qo‘shib taqsimlanmaydi. Masalan yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona, kutubxona, mevali bog‘lar va boshqalar musulmonlar tekin foydalanishlari uchun vaqf qilinishi mumkin.
Vaqf – shariatimizga ko‘ra mustahab bo‘lgan ibodat ekaniga ulamolarimiz ittifoq qilganlar. Bunga dalil sifatida ko‘plab oyat va sahih hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Qur’oni karimning Baqara surasida shunday deyiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة البقرة الاية-261)
ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه أَصَابَ أَرْضًا بِخَيْبَرَ، فَأَتَى النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم يَسْتَأْمِرُهُ فِيْهَا، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي أَصَبْتُ أَرْضًا بِخَيْبَرَ لَمْ أُصِبْ مَالًا قَطُّ أَنْفَسَ عِنْدِي مِنْهُ، فَمَا تَاْمُرُ بِهِ قَالَ: إِنْ شِئْتَ حَبِسْتَ أَصْلَهَا وَتَصَدَّقْتَ بِهَا قَالَ: فَتَصَدَّقَ بِهَا عُمَرُ أَنَّهُ لَا يُبَاعُ وَلَا يُوْهَبُ وَلَا يُوْرَثُ، وَتَصَدَّقَ بِهَا فِيْ الْفُقَرَاءِ وَفِي الْقُرْبَى وَفِي الْرِقَابِ وَفِي سَبِيْلِ اللهِ وَابْنِ السَّبِيْلِ وَالضَّيْفِ...
(أخرجه الامام البخاري)
ya’ni: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhu xaybardagi ulushlari hisobidan yerga ega bo‘ldilar. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallamning oldilariga maslahatga borib: “Ey Allohning Rasuli, menga Xaybardan bir yer tegdi, men hech qachon bunchalik yaxshi molga ega bo‘lgan emasman. Buni nima qilishimga buyurasiz?” – dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar istasangiz, aslini saqlab qolib, foydasini sadaqa qiling”, – dedilar. Shundan so‘ng Umar uni sotilmaydigan, hadya qilinmaydigan, meros qoldirilmaydigan qilib, faqirlarga, qarindoshlariga, qullarni ozod qilishga, Alloh yo‘lidagilarga, musofirlarga, mehmonlarga sadaqa qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar quyidagi hadisni aynan vaqf ishiga dalil deb aytganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ اِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ،
صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amalidan savob kelib turadi: sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarning ko‘pchiliklari ushbu hadisi sharifdagi “sadaqai joriya”dan jumlasini “vaqf” deya izohlashgan. Chunki vaqf qilingan mulkning ajri doimiy ravishda vaqf qilgan insonga borib turadi.
Vaqfni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad ikkita:
1) Allohga taqarrub hosil qilish. Ya’ni, savob umidida xayriya qilib, oxiratga savob jamg‘arish;
2) Jamiyatdagi muhtoj kishilarning og‘irini yengil qilib, ularga yordam berishni yo‘lga qo‘yish.
Vaqfning to‘rtta rukni bo‘lib, ular:
1) Vaqf qiluvchi shaxs (voqif);
2) vaqf qilish lafzi (siyg‘a);
3) vaqf qilinayotgan mol (mavquf);
4) vaqf moli tasarruf etiladigan jihat (mavquf alayhi).
O‘z navbatida ushbu har bir ruknning durust bo‘lishida shartlari bor:
1) Vaqf qiluvchi shaxs hur, bolig‘, oqil, mulkka ega bo‘lgan va vaqf qilishga majburlanmagan bo‘lishi shart.
2) Vaqf qilishda vaqfga ochiqdan ochiq dalolat qiluvchi lafzlar ishlatilishi shart. Masalan, “vaqf qildim”, “Alloh yo‘liga sadaqa qildim” kabi. Yoki vaqf qilishga dalolat qiluvchi kinoya so‘z aytish yoki ishora qilish va vaqfni niyat qilish shart.
3) Vaqf qilinayotgan narsa
Vaqf qilinayotgan mol naqd pul bo‘lishi ham, qo‘chmas mulk bo‘lishi ham, ilmiy kitoblar, uy-ro‘zg‘or anjomlari va hokazo bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, foydalanish bilan tugab qoladigan (masalan, taomga o‘xshash) narsani vaqf qilib bo‘lmaydi.
4) Vaqfni tasarruf etiladigan jihat shariatda harom qilingan (ta’qiqlangan) jihat bo‘lmasligi shart. (Masalan, tinchlikni buzishga, urush olovini yoqishga o‘xshash).
Vaqf qiluvchi vaqfdan keladigan foydaning hammasini yoki ba’zisini o‘ziga vaqf qilishi mumkin. Bunda vafot etgandan keyin foydasi fuqarolarga bo‘lishi sharti bilan. Bu Abu Yusufning so‘zlari bo‘lib, “Fatavoi Qozixon”da “bunda odamlarni vaqf qilishga targ‘ib bordir” deyilgan.
Muhtaram jamoat! Vaqf ishlari qadimdan yurtimizda joriy bo‘lib kelgan. Aholining o‘ziga to‘q qatlami ixtiyoriy ravishda turli mulk (yer, do‘kon va boshqa daromad manba)larini asosan madrasalarning ustoz va talabalariga, masjidlarning ta’minotiga, faqir va miskin insonlarning ehtiyoji uchun vaqf qilganlar. Hozirgi kunda “vaqf” tushunchasini to‘g‘ri anglashimiz va uni hayotimizga qayta joriy etishimiz jamiyatimiz uchun juda ko‘plab manfaatlar keltiradi.
Sho‘rolar davrida to‘xtab qolgan vaqf, Yaratganga shukrki, shu kunlarga kelib, qayta tiklandi. Alhamdulilloh, joriy yilning 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi va shu Farmon asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondini tashkil qilishdan maqsad, avvalo, islom dinidagi ulug‘ qadriyatlardan birini qayta tiklash bilan birga, xalqimiz orasida mehr-muruvvat rishtalarini yanada mustahkamlashga sabab bo‘ladigan xayriya ishlarini yo‘lga qo‘yishdir. Shuning uchun quyidagilar “Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib belgilandi:
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan fuqarolarning ehsonlari xisobidan bir qancha xayriya tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan,
Bugungi kunga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan jami 3,5 milliard so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
Hozirda “Masjidlar va madrasalar binolarini ta’mirlash va qayta qurish”, “Obod xonadon” va chekka qishloqlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga qaratilgan “Obi hayot” loyihalarini boshlash rejalashtirilmoqda.
Shu narsani yaxshi anglashimiz lozimki, vaqf qilingan mol-mulkni maqsadli tasarruf etish uchun nozir ta’yin etiladi. Nozirning vazifasi vaqf qilingan narsani maqsadli tasarruf etilishligini nazorat qilib boradi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi aynan vaqf ishlari bo‘yicha nozir maqomida hisoblanadi. Ya’ni, fuqarolar tomonidan vaqf uchun tayin qilingan mol-mulk “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ro‘yxatga olinib, qaysi yo‘nalishga vaqf qilingan bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishga sarf etilishini nazorat qilib boradi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondiga fuqarolardan kelib tushadigan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari Fondning alohida hisob raqamida to‘planadi va mustahiq o‘rinlarga sarflanadi.
Bugungi kunga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi Respublikamizdagi 300 dan ortiq masjid va ziyoratgohlar majmuasiga tijorat banklari bilan hamkorlikda infokiosklar o‘rnatgan bo‘lib, endilikda yurtimiz mo‘min-musulmonlari xayriya, vaqf, zakot, ushr, fitr va fidya to‘lovlarini qulay tarzda amalga oshirishlari mumkin.
Buning uchun infokiosk orqali kerakli tillardan birini tanlab, to‘lov xizmatlari tugmasi bosiladi. Hamda “Xayriya”, “Zakot, fidya, fitr, ushr” va “Vaqf” xizmatlaridan kerakli bo‘limni tanlab bank kartasi yoki naqd pul orqali kerakli summani o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bu bilan nafaqat xayriya to‘lovlarini amalga oshirish, balki uni Fond tomonidan qaysi o‘ringa yo‘naltirilayotganini nazorat qilishi ham mumkin bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ degan, ya’ni, “Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz”! (Baqara surasi, 147-oyat). Shunday ekan, oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan savoblarni yig‘ishda musobaqalashaylik!
Alloh taolo barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan xayrli ishlarga muvaffaq aylasin! Omin!
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati