Bugun, 10 dekabr kuni Parij shahrida Xalqaro musulmonlar forumi o‘z ishini boshladi. Nufuzli tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Ushbu xalqaro anjumanning bosh mavzusi Islom dini va globallashuv muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan hozirgi globallashuv jarayonlari turli mintaqalarga o‘zining ijobiy va salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelayotgani, mana shunday murakkab davrda yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga birgalikda kurashish zarurligini alohida qayd etdilar.
Xalqaro forum ishida Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi Ravil Gaynutdin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Serikboy hoji Oraz, Qirg‘iziston muftiysi Maxsatbek Toktamushev hamda bir qator davlat va din arboblari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.
Anjuman doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan Xalqaro musulmonlar forumining mazmun-mohiyati yuzasidan berilgan savollarga diniy yetakchilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga a’zo bo‘ldi.
Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilish, shuningdek, mazkur sohada kadrlar salohiyatini oshirish, tadqiqotlar olib borish hamda ushbu masalalarda Kengashga a’zo tashkilotlarga ko‘maklashishga qaratilgan.
Mazkur tashkilotga a’zolik boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Kengash 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Kuala-Lumpurda (Malayziya) joylashgan. Bugungi kunda Kengashning 188 a’zosi, shu jumladan, 81 ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar, 10 ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, Kengashga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham a’zo hisoblanadi.