Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2026   |   25 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:59
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
10 Iyul, 2026, 25 Muharram, 1448

Qarzini qaytarmagan gunohga botadi

21.07.2023   1706   4 min.
Qarzini qaytarmagan gunohga botadi

Abdulloh ibn Abu Rabiy'a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam mendan qirq ming (dirham) qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar va: Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir”,dedilar»(Imom Nasoiy rivoyati).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Isro kechasi jannat eshigida: “Sadaqaga o'n barobar, qarzga o'n sakkiz barobar”, degan yozuvni ko'rdim. Jabroil alayhissalomga: “Nima uchun qarzga sadaqadan ko'proq?” dedim. U: “Chunki sadaqa muhtojning ham, behojatning ham qo'liga tushaveradi, qarz esa, faqat muhtojga beriladi”, dedi»(Imom Ibn Moja rivoyati).

Haqiqatan, muhtoj odamga qarz berib, mushkulini oson qilish – ulkan savob. Mo'min kishi birodarining mushkuli oson bo'lishini ko'zlab qarz beradi. Shunday ekan, qarz bergan odamning yaxshiligini qadrlash va omonatni o'z vaqtida egasiga qaytarish lozim.

Afsuski, bugun jamiyatimizda qarz oldi-berdisiga o'ta engil qaraydiganlar ko'payib ketdi: kimdir qaytara olish-olmasligini o'ylamay qarz olsa, kimdir qaytarmaslik niyatida oladi. Natijada qarz beruvchiga jabr bo'ladi. Odamlar o'rtasidagi o'zaro ishonchga putur etadi. Qarz oldi-berdisini deb nafaqat do'stlik-birodarlik, balki qarindoshlik aloqalari ham uzilib ketmoqda.

Shunday kishilar borki, o'zlariga to'q bo'laturib, qarz olishadi-da, qaytarishni atayin ortga surishadi. Qarz bergan kishining esidan chiqishini kutishadi. Ular o'zlaricha shu yo'l bilan qarzlaridan qutulmoqchi bo'lishadi. Ba'zilar esa, avval-boshdan qarzni qaytarmaslik niyatida olishadi. Qarzni bermaslik uchun turli bahonalarni ro'kach qilib, o'zlarini muhtoj ko'rsatishadi. Oxir-oqibat haqdor ham qarzini kechib yuborishga majbur bo'ladi. Ular mana shu yo'l bilan o'zgalarning haqini o'zlashtirib olishadi.

Ba'zida olgan qarzlaridan tonadigan kimsalar ham uchrab turadi. Ular pulni qaytarmaslik uchun har qanday yolg'on-yashiqdan tap tortishmaydi. Shuning uchun qarz oldi-berdisini guvohlar yordamida yozib qaydlab qo'yish maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo'yingiz!» (Baqara surasi, 282-oyat), deb marhamat qilgan.

Nabiy alayhissalom marhamat qiladilar: “Kim qarzini ado qilishni iroda qilib odamlardan mol olsa, Alloh taolo unga to'lash sabablarini muhayyo qilib qo'yadi. Kim talafot etkazishni iroda qilib olsa, Alloh uning o'ziga talafot etkazadi”(Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni qaytarishni niyat qilsa, Alloh uni ado etishda yordam qiladi. Kim yo'q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo'q qiladi”, deb ogohlantirilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Badavlat kishining (birovdan qarz olib, uni qaytarmay vaqtni) cho'zib yurishi zulmdir, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Har bir mo'min ushbu ko'rsatmalarni yaxshi bilib olishi va ularga og'ishmay amal qilishi zarur. O'zgalarning haqini o'zlashtirishdan, ishonchini suiiste'mol qilishdan ehtiyot bo'laylik. Albatta, uning hisob-kitobi og'ir bo'ladi.

 Dilmurod SODIQOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

09.07.2026   14581   1 min.
Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

—  O‘zbekistonning dunyo hadis ilmiga taqdim etgan eng katta tuhfasi – Imom Buxoriy va u zotning boy merosidir. Buxoriy maqbarasi nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki butun islom sivilizatsiyasining bebaho ma’naviy va madaniy merosidir. Bu maskan har bir o‘zbek uchun qanchalik aziz bo‘lsa, butun musulmon olami uchun ham shunchalik qadrlidir.

Sobiq sho‘ro tuzumi davrida vayron qilingan ushbu muqaddas qadamjoning qayta tiklanishida yoshligimda ishtirok etganman. O‘sha yillarda bu maskanning yana o‘zining munosib ulug‘vor qiyofasiga qaytishi uchun ustozlarimiz bilan qilgan duolarimiz bugun ijobat bo‘lganini ko‘rib, qalbim cheksiz quvonchga to‘lmoqda.

Samarqandning shuhratini yanada yuksaltirgan, Imom Buxoriy maqbarasini uning muqaddasligiga munosib muhtasham majmuaga aylantirgan, Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etgan muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga chuqur ehtirom va samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Bu ishlar O‘zbekistonning o‘z tarixi, dini va ma’naviy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashayotganining yorqin namunasidir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan fundamental ishlar bugun xalqaro miqyosda munosib baholanmoqda. Islom mutafakkirlari merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu ezgu ishlarga hissa qo‘shayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, ICESCO hamda ushbu sohada mehnat qilayotgan barcha olimlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Alloh taolo O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini doimo o‘z panohida asrasin.
 
Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, 
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi

MAQOLA