Allohga shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlar kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ko‘plari qayta chiroy ochmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oltintepa” jome masjidi kishilar uchun juda ham qulay shaklda qayta bunyod etildi. 2016 yil avgust oyida qurilish ishlari boshlangan edi. Masjid ikki yilu to‘rt oy degan-da hashar yo‘li bilan bitkazildi. Masjid mahobatli moviy gumbaz, keng xonaqohlar, so‘lim hovliga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 2300 nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Bugun, 6 dekabr kuni “Oltintepa” masjidi qayta qurilishi munosabati bilan ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda ulamolar, imom-domlalar, namozxonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta o‘zgarishlar va amaliy ishlar bo‘layotganini ta’kidlab, mana shunday go‘zal jome masjidlar xalqimizga tuhfa etilayotganidan mo‘min-musulmonlar cheksiz mamnun ekanlarini izhor qildilar.
Muftiy hazratlari mana shunday bunyodkorlik ishlari joriy yilda birgina Toshkent shahrida 9 ta jomeda amalga oshirilgani, 12 ta masjid kapital ta’mirlangani, ayrimlarida qurilish ishlari davom etayotganini bildirdilar. Ayniqsa, poytaxtimizdagi “Suzuk ota” va “Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf” majmualarida bunyodkorlik ishlari izchil davom etayotganini alohida qayd etdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni avvalgi davrlarga nisbatan qiyoslash kerakligi, 90-yillarda masjidlardagi sharoitlar juda ham og‘ir bo‘lgani, issiq suv u yoqda tursin, xonaqohni isitishga ham imkon yetmasligini gapririb, mana shunday o‘zgarishlarga doimo shukr qilish, yosh avlodga yetkazish zarurligini ta’kidladi.
“Oltintepa” jome masjidi imom-xatibi Islomiddin domla Zuhriddinov ulug‘ ustozlar va ulamolardan mana shunday jome masjidni barpo etishda mehnat qilgan usta-yu muhandislar, saxovatpesha insonlar va shunday savobli ishga bosh qo‘shgan barcha-barchaning haqqiga duo qilishni iltimos qildi, xayrli duolar qilindi.
Haq taolo ushbu muhtasham jomeni mo‘min-musulmonlarga muborak qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida keng qamrovli maqsadlar nazarda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish farmonning mazmun-mohiyatini tashkil qiladi.
Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbusi tufayli O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari xalqaro maydonda ham ko‘payib bormoqda. Qo‘shni, yaqin va uzoq jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu holatni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ham e’tirof etmoqda.
Muzaffarxon Joniyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 3 may, 90-son