Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Ochiq dars: sajdai sahvga oid muhim masalalar

29.11.2018   3217   5 min.
Ochiq dars: sajdai sahvga oid muhim masalalar

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2018 yil 27 noyabr  kuni “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Jo‘raboyev Habibulloh domlaning 201-guruhga fiqh fanidan “Sahv sajdasi” mavzuida ochiq darsi bo‘lib o‘tdi.

Jo‘raboyev Habibulloh domla ochiq darsda yangi mavzuni Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahullohning “al-Hidoya” asari va uning mo‘tabar sharhlari asosida yoritib berdi. Shu bilan birga mavzuga oid har bir fiqhiy masalani aqliy va naqliy dalillar bilan tushuntirib o‘tdi. O‘qituvchi ochiq darsda pedagogik usullar va ko‘rgazmali qurollardan unumli foydalanib, darsni samarali tashkil etdi.

Ma’lumki ibodatlar, xususan musulmon kishi zimmasidagi eng buyuk ibodat namozning ham o‘z farz, vojib, sunnat va mustahablari bor. Ularning barchasiga amal qilgan holda namozni ado etish namozxonga ulkan ajrlarni taqdim etadi. Biroq ushbu amallardan birontasini tark qilish o‘z darajasiga qarab turli hukmlarni keltirib chiqaradi. Masalan namozning farzlaridan biri  qasdan yoki unutib tark etilsa, ushbu namozni qayta o‘qish farz, sunnat tark etilganda namozni qayta o‘qish sunnat hisoblanadi. Vojibni tark qilish esa bu ikkisidan biroz farq qiladi. Chunki vojib qasdan tark etilsa, namozni qayta o‘qish vojibdir. Lekin namozdagi vojib amallardan biri unutib qoldirilsa yoki tark etilsa, namozning oxirida sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi. Quyida ushbu sajda haqidagi ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tiladi.

“Sahv” so‘zi lug‘atda “unutish” ma’nosini anglatadi. Namozda ma’lum bir amallar unitilsa, undan hosil bo‘lgan nuqsonni sahv sajdasi qilish bilan to‘g‘rilab olish imkoni bor. Bu ham islom yengillik dini ekani hamda Alloh taolo musulmonlarga mehribonligining yorqin dalili hisoblanadi.

Namozda xato qilgan odam uni yana qaytarib o‘qib o‘tirmay ikki marta ortiqcha sajda qilib qo‘yish bilan uni to‘g‘rilash va tuzatish imkoni bo‘ladi.

Abu Hurayra (r.a) dan rivoyat qilinadi. “Payg‘ambar  sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz turib namoz o‘qiy boshlasa, albatta, shayton kelib uni adashtira boshlaydi, hattoki u qancha namoz o‘qiganini bilmay qoladi. Biringizda  qachon shunday holat ro‘y bersa, o‘tirgan holida ikki marta sajda qilsin” dedilar. Hanafiy mazhabi ulamolari mana shu rivoyatdagi “sajda qilish”, degan amr e’tiboridan sahv sajdasini qilish vojib deganlar.

Ulamolarimiz yana qo‘yidagilarni aytadilar: Sajdai sahv lozim bo‘lganda uni qilmagan namozxon gunohkor bo‘ladi. Ammo namozi botil bo‘lmaydi. Sajdai sahv imomga ham, yolg‘iz namoz o‘qiyotgan insonga ham vojib bo‘ladi. Lekin imomga iqtido qilib namoz o‘qiyotgan inson xatoga yo‘l qo‘ysa, unga sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki u o‘zicha sajdai sahv qilsa, imom qilmagan ishni qilgan hisoblanadi. Bu esa o‘z imomiga xilof qilishdir.

Agar imom sahvga yo‘l qo‘ysa, unga iqtido qilgan shaxs ham ham, iqtidoni qachon boshlaganidan qat’i nazar, unga qo‘shilib sajdai sahv qiladi. Agar ushbu o‘rinda imom sajdai sahv qilmasa, muqtadiy ham qilmaydi.

Mavzuga doir ba’zi fiqhiy masalalar:

  1. Xato bilan sajdai sahv vojib bo‘lishi borasida farz va nafl, juma va hayit namozlari barobardir. Biroq katta jamoat yig‘ilgan jamoatlarda fitnani oldini olish uchun sajdai sahv tark qilinadi. (“Durrul Muxtor” va “Raddul Muhtor”)
  2. Imom shakka tushgan o‘rinlarda qavmning harakatlarini kuzatib holatni to‘g‘rilab olishda hech shak yo‘qdir (“Raddul Muhtor”)
  3. Zam sura o‘qimay rukuga ketsa, rukudan qaytib zam sura qiladi va rukuni qaytadan bajaradi hamda oxirida sajdai sahv qiladi.
  4. Avvalgi qa’dada tashahhudga “Allohumma solli ala Muhammad” so‘zini ziyoda qilish bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi (“Fatavoi hindiyya”)
  5. Birinchi qa’dada tashahhudni takror o‘qish bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi, ikkinchi qa’dada esa yo‘q (“Fatavoi hindiya”)
  6. Namozdagi turli tasbeh va zikrlarni, hatto tashahhudni jahriy o‘qib qo‘yish bilan sajdai sahv vojib bo‘lmaydi (“Raddul Muhtor” va “Fatavoi hindiyya”).

Sahv sajdasi soqit bo‘ladigan hollar:

  1. Agar bomdod namozini o‘qiyotganda vaqt ziq bo‘lib, quyosh chiqish ehtimoli bo‘lsa yoki asr namozida vaqt kam bo‘lib quyosh botish ehtimoli bo‘lsa, sajdai sahv tark qilinadi.
  2. Agar imom juma yoki hayit namozlarida sahvga yo‘l qo‘ysa, jamoatga tashvish tug‘dirmaslak uchun sajdai sahv tark qilinadi.
  3. Imomga iqtido qilgan kishi ham o‘z xatosi uchun sajdai sahv qilmaydi, balki imom sajdai sahv qilsa, sajda qiladi.
  4. Agar namozxon sahv sajdasini qilayotib adashsa, bu uchun sajdai sahv qilmaydi.
  5. Agar sajdai sahv qilishdan oldin namozni davom ettirishga mone bo‘ladigan amal qilsa, gapirsa, kulsa, qasddan tahoratini buzsa, masjiddan chiqsa, sajdai sahv soqit bo‘ladi.

 

 

 

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi  katta o‘qituvchisi

Ya. Razzaqov

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   63671   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari