Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2018 yil 27 noyabr kuni “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Jo‘raboyev Habibulloh domlaning 201-guruhga fiqh fanidan “Sahv sajdasi” mavzuida ochiq darsi bo‘lib o‘tdi.
Jo‘raboyev Habibulloh domla ochiq darsda yangi mavzuni Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahullohning “al-Hidoya” asari va uning mo‘tabar sharhlari asosida yoritib berdi. Shu bilan birga mavzuga oid har bir fiqhiy masalani aqliy va naqliy dalillar bilan tushuntirib o‘tdi. O‘qituvchi ochiq darsda pedagogik usullar va ko‘rgazmali qurollardan unumli foydalanib, darsni samarali tashkil etdi.
Ma’lumki ibodatlar, xususan musulmon kishi zimmasidagi eng buyuk ibodat namozning ham o‘z farz, vojib, sunnat va mustahablari bor. Ularning barchasiga amal qilgan holda namozni ado etish namozxonga ulkan ajrlarni taqdim etadi. Biroq ushbu amallardan birontasini tark qilish o‘z darajasiga qarab turli hukmlarni keltirib chiqaradi. Masalan namozning farzlaridan biri qasdan yoki unutib tark etilsa, ushbu namozni qayta o‘qish farz, sunnat tark etilganda namozni qayta o‘qish sunnat hisoblanadi. Vojibni tark qilish esa bu ikkisidan biroz farq qiladi. Chunki vojib qasdan tark etilsa, namozni qayta o‘qish vojibdir. Lekin namozdagi vojib amallardan biri unutib qoldirilsa yoki tark etilsa, namozning oxirida sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi. Quyida ushbu sajda haqidagi ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tiladi.
“Sahv” so‘zi lug‘atda “unutish” ma’nosini anglatadi. Namozda ma’lum bir amallar unitilsa, undan hosil bo‘lgan nuqsonni sahv sajdasi qilish bilan to‘g‘rilab olish imkoni bor. Bu ham islom yengillik dini ekani hamda Alloh taolo musulmonlarga mehribonligining yorqin dalili hisoblanadi.
Namozda xato qilgan odam uni yana qaytarib o‘qib o‘tirmay ikki marta ortiqcha sajda qilib qo‘yish bilan uni to‘g‘rilash va tuzatish imkoni bo‘ladi.
Abu Hurayra (r.a) dan rivoyat qilinadi. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz turib namoz o‘qiy boshlasa, albatta, shayton kelib uni adashtira boshlaydi, hattoki u qancha namoz o‘qiganini bilmay qoladi. Biringizda qachon shunday holat ro‘y bersa, o‘tirgan holida ikki marta sajda qilsin” dedilar. Hanafiy mazhabi ulamolari mana shu rivoyatdagi “sajda qilish”, degan amr e’tiboridan sahv sajdasini qilish vojib deganlar.
Ulamolarimiz yana qo‘yidagilarni aytadilar: Sajdai sahv lozim bo‘lganda uni qilmagan namozxon gunohkor bo‘ladi. Ammo namozi botil bo‘lmaydi. Sajdai sahv imomga ham, yolg‘iz namoz o‘qiyotgan insonga ham vojib bo‘ladi. Lekin imomga iqtido qilib namoz o‘qiyotgan inson xatoga yo‘l qo‘ysa, unga sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki u o‘zicha sajdai sahv qilsa, imom qilmagan ishni qilgan hisoblanadi. Bu esa o‘z imomiga xilof qilishdir.
Agar imom sahvga yo‘l qo‘ysa, unga iqtido qilgan shaxs ham ham, iqtidoni qachon boshlaganidan qat’i nazar, unga qo‘shilib sajdai sahv qiladi. Agar ushbu o‘rinda imom sajdai sahv qilmasa, muqtadiy ham qilmaydi.
Mavzuga doir ba’zi fiqhiy masalalar:
Sahv sajdasi soqit bo‘ladigan hollar:






“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Ya. Razzaqov
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati