Bugun, 28 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Xorazm viloyatiga safarlari davomida Urganch shahridagi “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyati bilan tanishib, ustoz va talabalar bilan muloqot qildilar. Muftiy hazratlari talabalarning mutaxassislik fanlari hisoblangan “Aqida”, “Fiqh”, “Qur’oni karim”, “Hadis” bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Ayniqsa, talabalarning Qur’oni karim, hadisi shariflarni hifz qilish qobiliyatlari va arabcha matnlarni mutolaa qilish salohiyatlariga alohida ahamiyat qaratdilar.
Tashrif doirasida barcha mudarris va talabalar bilan muftiy hazratlari suhbat o‘tkazib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, diniy va dunyoviy ilmlarni mustahkam egallash, kelgusida xalqimiz va dinimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladilar. Ayniqsa bugungi kunda din nomidan jinoyat qilayotgan toifalarga qarshi kurashish uchun aqida ilmini puxta o‘rganish va ularning noto‘g‘ri da’volarida raddiya berish qobiliyatiga ega bo‘lish eng dolzarb vazifalardan ekanini alohida qayd etdilar.
Muftiy hazrat so‘zlarida davom etib, ushbu bilim dargohidagi mehnat qilayotgan mudarrislardan va ta’lim olayotgan talabalardan xursand ekanlarini bildirib, ularning kelajakda zabardast olimu ulamolar bo‘lib yetishishlarini Yaratgan Parvardigordan so‘rab, duoyu hayrlar qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi homiyligida 2018 yil aprel oyida tug‘ma yurak xastaligi bilan Toshkent kardiologiya markazida amaliyot qilinib, hozirda bilim yurtining 4-kursida ta’lim olayotgan talaba Parmonov Bobosher bilan uchrashib, uning sog‘ligi va o‘qishlari bo‘yicha suhbatlashib, kelgusidagi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Muftiy hazrat bilim yurtidagi talabalar va ustozlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, kutubxona va yotoqxonadagi sharoitlar bilan tanishib chiqdilar.
Xorazm viloyati safari davom etmoqda.








O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati