Bugun, 28 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Xorazm viloyatiga safarlari davomida Urganch shahridagi “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyati bilan tanishib, ustoz va talabalar bilan muloqot qildilar. Muftiy hazratlari talabalarning mutaxassislik fanlari hisoblangan “Aqida”, “Fiqh”, “Qur’oni karim”, “Hadis” bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Ayniqsa, talabalarning Qur’oni karim, hadisi shariflarni hifz qilish qobiliyatlari va arabcha matnlarni mutolaa qilish salohiyatlariga alohida ahamiyat qaratdilar.
Tashrif doirasida barcha mudarris va talabalar bilan muftiy hazratlari suhbat o‘tkazib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, diniy va dunyoviy ilmlarni mustahkam egallash, kelgusida xalqimiz va dinimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladilar. Ayniqsa bugungi kunda din nomidan jinoyat qilayotgan toifalarga qarshi kurashish uchun aqida ilmini puxta o‘rganish va ularning noto‘g‘ri da’volarida raddiya berish qobiliyatiga ega bo‘lish eng dolzarb vazifalardan ekanini alohida qayd etdilar.
Muftiy hazrat so‘zlarida davom etib, ushbu bilim dargohidagi mehnat qilayotgan mudarrislardan va ta’lim olayotgan talabalardan xursand ekanlarini bildirib, ularning kelajakda zabardast olimu ulamolar bo‘lib yetishishlarini Yaratgan Parvardigordan so‘rab, duoyu hayrlar qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi homiyligida 2018 yil aprel oyida tug‘ma yurak xastaligi bilan Toshkent kardiologiya markazida amaliyot qilinib, hozirda bilim yurtining 4-kursida ta’lim olayotgan talaba Parmonov Bobosher bilan uchrashib, uning sog‘ligi va o‘qishlari bo‘yicha suhbatlashib, kelgusidagi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Muftiy hazrat bilim yurtidagi talabalar va ustozlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, kutubxona va yotoqxonadagi sharoitlar bilan tanishib chiqdilar.
Xorazm viloyati safari davom etmoqda.








O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Ayni kunlarda bir guruh hamyurtlarimiz Makkai mukarrama ibodat va ziyoratlarni imonu ixlos, cheksiz baxt va shukronalik ila ado etishmoqda. Xususan, sunnati muakkada bo‘lgan umra amalini bajarib, endilikda Ka’batulloh tavofi, Harami sharifda kundalik va nafl namozlarni o‘qish, Arofot tog‘i, Mino va Muzdalifa vodiylari ziyorati kabi amallar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Muloqotda umrachilarimiz barcha sharoitlar muhayyo qilingani, ayniqsa, mehmonxonaning yangi va har tomonlama shinamligi, 24 soatlik tartibda avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, foye va xonalarning ozoda, keng va shinamligi kishining bahru dilini ochishi, taomlari ibodatga quvvat bo‘layotgani, malakali ishchi guruhi va tajribali shifokorlar tomonidan doimiy kuzatuv olib borilishini mamnuniyat ila izhor qilishdi.
Ziyoratchilar ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromdan ruhlanib, muhtaram Prezidentimizga samimiy tashakkurlarini yetkazishni soha rahbarlaridan iltimos qilishdi.
Muloqotlar samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati