Rabi’ul avval muborak oylardan biridir.. Bu oyda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tavallud topganlar. Shuning uchun U zotga ummatlik da’vosini qilgan har bir mo‘min-musulmon Rasululloh s.a.vning siyratlarini yana bir bor yaxshilab o‘rganmog‘i, oila a’zolariga o‘rgatmog‘i va muhabbati cheksiz ekanligini so‘zda, amalda ko‘rsatmog‘i lozim.
Rosululloh s.a.v.da barcha yaxshi sifat va go‘zal axloqlar jamlangan edi. Shuning uchun u Zot s.a.v. insonlar uchun namuna bo‘lishga eng haqli edilar. Alloh taolo payg‘ambarimiz s.a.v.ni barcha musulmonlarga namuna qilib yuborgan. Bu haqida Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni karimning “Ahzob” surasi 21-oyatida bunday e’lon qilgan: “(Ey, iymon keltirganlar) sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”.
Har bir musulmon bajarayotgan ishida payg‘ambari s.a.v.dan ibrat olishi lozim. Ibrat olish esa u zotning xulqlariga, so‘zlariga itoat qilishdir. Bu haqida Payg‘ambar s.a.v: “Kimda kim payg‘ambarga itoat etsa, demak u Allohga itoat etibdi”. Itoat qilishda u zotni ko‘rish yoki hamsuhbat bo‘lish shart emas.
Mo‘min bandaning Allohga bo‘lgan muhabbatining isboti uning Payg‘ambar s.a.v.ga ergashishi bilan o‘lchanadi. Payg‘ambar s.a.v.ga ergashish mo‘min bandaga bitmas tuganmas baxtu saodat olib keladi. Oyatda: “…shunda Alloh sizga muhabbat qiladi va sizning gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, mo‘min banda uchun Allohning muhabbatidan ham yaxshiroq baxt-saodat bormi? Buning ustiga uning gunohlarini ham mag‘firat qilib tursa!
Hazrati Anas r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar s.a.v. shunday marhamat qildilar: “Sizlardan birortangiz, hattoki men u kishi uchun o‘z otasidan, bolasidan va barcha insonlardan ko‘ra sevimliroq bo‘lmagunimcha, haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar.
Hadisda ota va farzand xossatan zikr etilishi nafsga azizroq va nafs istaklaridan ko‘ra Payg‘ambar s.a.v.ni ko‘proq sevishlik talabini ta’kidlovchi narsa bo‘lib keldi. Bunda kishida solih amallarga, solih zotlarga nisbatan muhabbat paydo bo‘lsa, bilsinki, bu Allohning u bandaga bergan ne’mati. Chunki bu inson o‘zi kasb qilib yetishishi qiyin ish edida.
Umuman olganda kishi o‘zga bir kimsaga muhabbat qo‘yishi uchun mahbubiga nisbatan unga 4 narsa sabab bo‘ladi.
1. Nasabining oliyligi.
2. Hasab ya’ni xulqi atvori.
3. Jamolining go‘zalligi.
4. Kamolotga yetganligi.
Biz e’tibor beradigan narsa shuki, Alloh taolo mazkur 4 sifatni barchasini Payg‘ambar s.a.v.da jamlab qo‘ygan.
1. Nasablarini oliy qilib, o‘sha zamondagi Makkaning eng mansabdorlaridan bo‘lgan Bani Hoshim qabilasidan chiqargan.
2. Xulqlarini oliy qilib, hatto O‘zi Qur’oni karimda: “(Ey, Muhammad s.a.v.) Siz buyuk xulq uzradirsiz”, deb ta’rif bergan.
3. Jamollarini ham husnlarini ham chiroyli qilgan. Aslida husn bilan jamolning o‘rtasida farq bor. Husn shunday narsaki, inson bir qarashda aqlini olib o‘ziga rom qilishlikdir. Keyinchalik ko‘p qarayverish bilan ko‘nikib oxiri bilinmay qoladi. Masalan Yusuf a.s.ning husnlari. Jamol esa, kishi avval ko‘rishda hayratlanadi, keyin unga yaqin yurgan sari muhabbati oshib, oxiri qarab to‘ymaydigan xolatga yetib boraveradi. Payg‘ambar s.a.v.da husn ham jamol ham mujassam edi. Kunlaring birida Payg‘ambar s.a.v.ning ayollari Yusuf a.s. haqlarida gaplashib: “Yusuf a.s. juda ham chiroyli bo‘lganlaridan hatto mahliyo bo‘lib ayollar to‘g‘rayotgan sabzilari qolib qo‘llarini ham kesib yuborganlarini sezmay qolgan ekanlara” deb aytib havasmand bo‘lishibdi. Shunda Payg‘ambar s.a.v. u majlisdan tashqariga chiqib Allohga “Ey Robbim, yuzimdagi pardani mendan ko‘targin!” deb so‘raganlarida Alloh taolo Payg‘ambar s.a.v. yuzlaridagi 40 pardadan birini ko‘tardi. U zot s.a.v. qaytib ichkariga kirishlari bilan Hadicha r.a.ning ko‘zlari tushiboq hushlaridan ketib yiqildilar, chunki Payg‘ambar s.a.v.ning chiroylari aqlini olib qo‘ygan edi. Keyin Alloh yana pardani qaytarib yuzlaridagi chiroyni to‘sib qo‘ydi. Jamol ham berilgan edi. Har qanday odam avval u zotga yo‘liqqanda haybatlaridan qo‘rqardilar, keyin bo‘lsa Payg‘ambar s.a.v.ning yuzlariga qarab to‘ymaydigan bo‘lishgan.
4. Kamolotlari har jihatdan berilgan edi. Ilm-ma’rifatda, taqvoda, ibodatda yetuk edilar. Payg‘ambar s.a.v. purma’no va go‘zal hikmatlar bilan xoslangan edilar. Arab lahjalarini yaxshi bilar va har bir qabila aholisiga ular lahjasida xitob qilar, ularning tillarida so‘zlar edilar.
Payg‘ambar s.a.v. bu dunyoga kelishlari biz ummatlari uchun bir namuna, andoza sifatidadirlar. Hazrati Oisha r.a. aytadilar: “Rosululloh s.a.v.ning xulqlari Qur’on edi”. (Imom Muslim rivoyati).
Go‘yoki Alloh taolo: “Ey Muhammad s.a.v. ummati, siz ham mana payg‘ambaringiz kabi bo‘lsangiz najotga erishasizlar, Qur’onga mana bunday amal qilishingiz kerak. Qur’ondagi xulqlarni yaxshisiga amal qilmoqchi bo‘lsangiz, mana Qur’ondagi odoblarni amalga oshirgan zotni siyrati siz uchun katta dastur, amaliy bajaruvchisi”, degan ma’noda Payg‘ambar s.a.v.ni Qur’oniy xulq bilan yubordi.
Demak, Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v ga ummat bo‘lgan kishilarning xulqlari, odob-axloqlari, yurish-turishlari, so‘zlari, qo‘yinki barcha jihatda U zotga ergashgan bo‘lish kerak. Tilda Rasulullohga iymon keltirib, amalda teskari bo‘lib turish komil mo‘minlik sifatlaridan emas.
O‘tkirxon MAHMUDOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining
o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari.
O‘MI Matbuot xizmati
Shodlik kelmog‘idan umidingmi uzding,
Ulug‘ zot taqdiriga qani iymoning?
Allohning yo‘lida sizga yetgan barcha narsa Uning izni ila gunohlaringizga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إذا صلت المرأة خمسها وصامت شهرها وحفظت فرجها وأطاعت زوجها قيل لها ادخلي من أي أبواب الجنة شئت
«Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, farz ro‘zasini tutsa, nomusini saqlasa va eriga itoat qilsa unga “jannat eshiklaridan xohlaganingdan kiraver deyiladi”» (Imom ibn Hibbon rivoyati).
Bu ulug‘ amallarni bajarsangiz mehribon va rahmli Zotga yo‘liqasiz hamda U sizga dunyo va oxiratda yordam beradi.
Shariat belgilagan o‘rinda to‘xtang. Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari yo‘lidan yuring. Siz muslimasiz. Bu esa ulug‘ sharaf, ulkan faxrdir. Sizdan boshqalar esa nasroniy, yahudiy, dinsizlik yoki umuman Islomga muxolif bo‘lgan millat va elatlarda tug‘ilgan. Ammo sizni Alloh muslima qilishni ixtiyor etdi. Sizni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning izidan boruvchilardan qildi hamda Oisha, Xadija va Fotima roziyallohu anhumga ergashganlardan qildi. Sizni besh mahal namoz o‘qishingiz, Ramazon ro‘zasini tutishingiz va har tomonlama iffatingizni saqlashingiz yoqimli emas-mi? Allohni Robb, Islomni din va Muhammad alayhissalomni payg‘ambar deb bilishingiz eng qadrli ne’mat, baxtingiz emas-mi?!
Shu’la: Sizning diningiz oltiningiz, axloqingiz bezagingiz va odobingiz esa mol-mulkingizdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan