O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan brifingda shayx Ahmad Muhammad Tayyibning xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi, elchi Abdurahmon Musa Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi tarixiy muhim voqea bo‘lganini ta’qidladi.
- Misr bosh imomi anchadan beri islom ilmiy va madaniy merosining ramzi bo‘lmish O‘zbekistonga tashrif buyurish, bu yerdagi keng miqyosdagi islohotlarga shaxsan guvoh bo‘lishni maqsad qilib yurgan edilar.
Bosh imomning O‘zbekistonga tashrif dasturi rasmiy uchrashuvlar va voqealarga juda boy bo‘ldi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Bosh vazir Abdulla Aripov, Diniy ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Al-Azhar majmuasi rahbari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Abu Rayxon al-Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi, bu yerda ushbu ta’lim va ilmiy muassasalar bilan kelgusi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati