Ayniqsa, yog'siz kefir turli kasalliklarga tavsiya qilingan diyetalarning ajralmas qismi sifatida ishlatiladi.
Qatiq tarkibida kal'tsiy va fosfor darmondorilari mo'l bo'lib, suyaklar, tishlar va tirnoqlarni mustahkamlashga yordam beradi. Yuz terisining tiniq bo'lishini va mushaklarning sog'lomligini ta'minlaydi. Yana u ingichka va yo'g'on ichaklarni va qon tomirlarini tozalashda ishtirok etadi. Holesterinni, ya'ni ortiqcha xiltlarni yo'qotishda organizmga ko'maklashadi.
Disbakterioz va diareyani davolashda ham qatiqdan foydalanish mumkin. Shuningdek, u tanamizni bir qancha kasalliklardan himoyalaydi. Antibiotik bilan davolanish jarayonida qatiq ichish ichak mikroflorasini yaxshilab, organizmning immun tizimini mustahkamlaydi. Ichaklardagi foydali bakteriyalarni tiklashda yordam beradi. Shuningdek, organizmning zararli mikrob va bakteriyalarga qarshi kuchini oshiradi.
Olimlarning aniqlashicha, doimiy ravishda qatiq ichib yuruvchilarning tanasiga saraton xastaligi yaqin yo'lamas ekan. Bolalarda uchraydigan bir qancha infektsion kasalliklarning oldini olishda, raxit kasalligi, kamqonlikni davolash jarayonida, allergik kasalliklarda, turli yallig'lanish bilan kechuvchi xastaliklarda va ishtaha yo'qolganda qatiq ichish maqsadga muvofiq.
Bolalarga tishlarining sog'lom o'sishi va suyaklarining baquvvat bo'lishi uchun sut va qatiq mahsulotlarini kunlik ovqatlanish tartibiga kiritish lozim. Bir sutkada 0,5 l qatiq ichish bolaning sog'lom o'sishiga yordam beradi. Shifokorlar homilador ayollarga har kuni 1 stakan qatiq ichishni tavsiya etadi.
Sog'lom bo'lishni istagan kishi bir yoki ikki kunni qatiqli parhez kuni sifatida ajratishi maqsadga muvofiq. Bunda ratsionda 30–40 g oqsil, sut, qatiq, tvorog, 200–300 g uglevod hamda 20–30 g yog' bo'ladi. Natijada ortiqcha vazn va yog'lardan xalos bo'linadi, yurak-qon tomirlaridagi harakat me'yorlashadi, xavfli shishlar so'rila boshlaydi.
Og'ir turdagi me'da xastaligi bo'lgan bemorlar ham shifokor gastroenterolog maslahati bilan qatiq iste'mol qilishi mumkin.
Shoira BYeKChONOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
oliy toifali shifokor
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati