Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Badgumon bo‘lmanglar, badgumonlik eng yolg‘on so‘zdir, tirnoq ostidan kir qidirmanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va nafratlanmanglar, aka-uka tutinib, Allohning (solih) bandalari bo‘linglar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
* * *
“Yo‘l bo‘yida o‘tirishdan saqlaninglar. Agar o‘tirsangiz, uning haqqini ado etinglar”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, yo‘lning haqqi nima?”, deyishdi Rasululloh: “Ko‘zni nomahramlarga qaratishdan tiyish, o‘tuvchilarga aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan , dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
* * *
“Ikki zaifning – ayol kishining va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman”, dedilar (Imom ibn Moja rivoyati).
* * *
“Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozlaringizni o‘qing, Ramazon oyi ro‘zasini tuting, mollaringiz zakotini nafsingiz shod bo‘lgan holda bering, boshliqlaringiz buyrug‘iga itoat qiling, shunda Robbingiz jannatiga kirasizlar” (Imom Hokim rivoyati).
* * *
“Mazlumning duosidan qo‘rqinglar. Chunki u bilan Alloh o‘rtasida to‘siq-parda bo‘lmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
“Haromdan taqvo qil, odamlarning eng obidi bo‘lasan. Alloh senga taqsimlab qo‘ygan rizqdan rozi bo‘l, odamlarning eng badavlati bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, mo‘min bo‘lasan. O‘z nafsingga yaxshi ko‘rgan narsangni odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, musulmon bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma, chunki ko‘p kulgi qalbni o‘ldiradi” (Imom Ahmad rivoyati).
* * *
“Kibrdan chetlaninglar, chunki banda takabburlikda bardavom bo‘lsa, Alloh taolo farishtalariga: «Bandamni gerdayib yuruvchilar sirasidan qilib yozinglar», deb aytadi” (Ibn Adiy rivoyati).
“O‘zingizga yaxshi ko‘rgan narsani boshqalar uchun ham yaxshi ko‘ring” (Imom Buxoriy rivoyati).
* * *
“Odamlar haqida yomon gumon qilishdan saqlaninglar” (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Ummatim ustida qo‘rqadigan narsamning eng qo‘rqinchlisi qorni kattalashib, uyquda bardavom bo‘lib, dangasa bo‘lib, keyin imoni zaiflashib qolishidir” (Imom Doraqutniy rivoyati).
* * *
“Alloh senga farz qilgan narsalarni ado etgin, insonlarning eng ibodatlisi bo‘lasan. Alloh harom qilgan narsalardan o‘zingni chetda tut, insonlarning eng taqvolisi bo‘lasan. Alloh taqsimlab qo‘ygan rizqqa rozi bo‘l, insonlarning eng badavlati bo‘lasan” (Ibn Adiy rivoyati).
* * *
“Farzandlaringizni uch xislatga chorlab odob beringlar: payg‘ambarlaringizni yaxshi ko‘rish, u zot xonadon ahllarini yaxshi ko‘rish va Qur’on qiroat qilish. Chunki Qur’on homillari (ya’ni, yod olib doim o‘qib yurganlar) soya yo‘q kunda Allohning soyasi ostida payg‘ambar va sof kishilar bilan birga bo‘lishadi” (Imom Daylamiy rivoyati).
* * *
“Ijobat qilinishiga ishongan holda Allohga duo qilinglar. Bilingki, Alloh taolo qalbi g‘ofil, beparvo kishilarning duosini qabul etmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
“Agar biror ish qilishni xohlasang, oqibatini tadabbur qil. Agar yaxshi bo‘lsa, uni bajar. Agar yomon bo‘lsa, undan to‘xta” (Ibn Muborak rivoyati).
* * *
“Agar sizlardan biringiz taom tanovul qiladigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan ovqatlansin. Biror ichimlik ichadigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Biror narsa oladigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan olsin. Biror narsa beradigan bo‘lsa ham, o‘ng qo‘li bilan bersin” (Imom Hasan ibn Sufyon rivoyati).
* * *
“Agar sizlardan birortangiz odamlarga imomlik qiladigan bo‘lsa, yengil o‘qisin. Chunki ularning ichida kichiklar, keksalar, zaiflar, kasallar va hojatmandlar bordir. Agar o‘zi o‘qiydigan bo‘lsa, xohlaganicha uzun qilaversin” (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
«Agar sizlardan biringiz ovqat tanovul qiladigan bo‘lsa, Alloh ismini zikr qilsin. Agar Alloh ismini ovqat avvalida zikr qilishni unutsa, “Bismillahi ’ala avvalihi va oxirihi”, deb aytsin» (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
“Agar sizlardan biringiz iftorlik qiladigan bo‘lsa, xurmoda ochsin, chunki u barakadir. Agar xurmo topa olmasa, suvda ochsin, chunki suv poklovchidir” (Imom Ahmad rivoyati).
* * *
“Agar sizlardan biringiz safarga chiqadigan bo‘lsa, birodarlaridan duo talab qilsin. Chunki Alloh taolo ularning duolari sababidan baraka ato etuvchidir” (Imom Ibn Asokir rivoyati).
* * *
“Biror kishi boshqa bir kishini o‘tirgan o‘rnidan turg‘izib, o‘zi o‘tirib olmasin. Lekin joy beringlar va kengayinglar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
* * *
“Sizlar qiyomat kuni ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar, shuning uchun ismlaringiz chiroyli bo‘lsin” (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).
* * *
“Kim duosining mustajob bo‘lishini va g‘am-tashvishdan qutulishni istasa, yordamga muhtojlarga yordam bersin” (Imom Ahmad rivoyati).
* * *
“Kishi do‘stining dinidadir. Sizlardan biringiz kim bilan do‘st bo‘layotganiga qarasin” (Imom Abu Dovud rivoyati).
* * *
“Undoq dedi va bundoq dedi deb gapirib yurishni, ko‘p savol berishni va molni behudaga sarf qilishni tark qil” (Imom Tabaroniy rivoyati).
* * *
“Osonlashtiringlar, qiyinlashtirib yubormanglar xursandlik xabarini beringlar, nafratlantirib qo‘ymanglar” (Imom Buxoriy rivoyati).
* * *
“Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomon amalingga yaxshisini ergashtir. Shunda yaxshisi yomonini o‘chirib yuboradi. Odamlar bilan yaxshi xulq ila muomalada bo‘l” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati