Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari

19.11.2018   31204   6 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

“Badgumon bo‘lmanglar, badgumonlik eng yolg‘on so‘zdir, tirnoq ostidan kir qidirmanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va nafratlanmanglar, aka-uka tutinib, Allohning (solih) bandalari bo‘linglar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

  *    *     *

“Yo‘l bo‘yida o‘tirishdan saqlaninglar. Agar o‘tirsangiz, uning haqqini ado etinglar”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, yo‘lning haqqi nima?”, deyishdi Rasululloh: “Ko‘zni nomahramlarga qaratishdan tiyish, o‘tuvchilarga aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan , dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

    *    *     *

“Ikki zaifning – ayol kishining va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman”, dedilar (Imom ibn Moja rivoyati).

    *    *     *

“Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozlaringizni o‘qing, Ramazon oyi ro‘zasini tuting, mollaringiz zakotini nafsingiz shod bo‘lgan holda bering, boshliqlaringiz buyrug‘iga itoat qiling, shunda Robbingiz jannatiga kirasizlar” (Imom Hokim rivoyati).

   *    *     *

“Mazlumning duosidan qo‘rqinglar. Chunki u bilan Alloh o‘rtasida to‘siq-parda bo‘lmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

   *    *     *

“Haromdan taqvo qil, odamlarning eng obidi bo‘lasan. Alloh senga taqsimlab qo‘ygan rizqdan rozi bo‘l, odamlarning eng badavlati bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, mo‘min bo‘lasan. O‘z nafsingga yaxshi ko‘rgan narsangni odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, musulmon bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma, chunki ko‘p kulgi qalbni o‘ldiradi” (Imom Ahmad rivoyati).

    *    *     *

“Kibrdan chetlaninglar, chunki banda takabburlikda bardavom bo‘lsa, Alloh taolo farishtalariga: «Bandamni gerdayib yuruvchilar sirasidan qilib yozinglar», deb aytadi” (Ibn Adiy rivoyati).

“O‘zingizga yaxshi ko‘rgan narsani boshqalar uchun ham yaxshi ko‘ring” (Imom Buxoriy rivoyati).

  *    *     *

“Odamlar haqida yomon gumon qilishdan saqlaninglar” (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).

  *    *     * 

“Ummatim ustida qo‘rqadigan narsamning eng qo‘rqinchlisi qorni kattalashib, uyquda bardavom bo‘lib, dangasa bo‘lib, keyin imoni zaiflashib qolishidir” (Imom Doraqutniy rivoyati).

  *    *     *

Alloh senga farz qilgan narsalarni ado etgin, insonlarning eng ibodatlisi bo‘lasan. Alloh harom qilgan narsalardan o‘zingni chetda tut, insonlarning eng taqvolisi bo‘lasan. Alloh taqsimlab qo‘ygan rizqqa rozi bo‘l, insonlarning eng badavlati bo‘lasan” (Ibn Adiy rivoyati).

  *    *     * 

Farzandlaringizni uch xislatga chorlab odob beringlar: payg‘ambarlaringizni yaxshi ko‘rish, u zot xonadon ahllarini yaxshi ko‘rish va Qur’on qiroat qilish. Chunki Qur’on homillari (ya’ni, yod olib doim o‘qib yurganlar) soya yo‘q kunda Allohning soyasi ostida payg‘ambar va sof kishilar bilan birga bo‘lishadi” (Imom Daylamiy rivoyati).

  *    *     *

Ijobat qilinishiga ishongan holda Allohga duo qilinglar. Bilingki, Alloh taolo qalbi g‘ofil, beparvo kishilarning duosini qabul etmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

  *    *     *

Agar biror ish qilishni xohlasang, oqibatini tadabbur qil. Agar yaxshi bo‘lsa, uni bajar. Agar yomon bo‘lsa, undan to‘xta” (Ibn Muborak rivoyati).

  *    *     *

Agar sizlardan biringiz taom tanovul qiladigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan ovqatlansin. Biror ichimlik ichadigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Biror narsa oladigan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan olsin. Biror narsa beradigan bo‘lsa ham, o‘ng qo‘li bilan bersin” (Imom Hasan ibn Sufyon rivoyati).

  *    *     * 

Agar sizlardan birortangiz odamlarga imomlik qiladigan bo‘lsa, yengil o‘qisin. Chunki ularning ichida kichiklar, keksalar, zaiflar, kasallar va hojatmandlar bordir. Agar o‘zi o‘qiydigan bo‘lsa, xohlaganicha uzun qilaversin” (Imom Termiziy rivoyati).

  *    *     * 

«Agar sizlardan biringiz ovqat tanovul qiladigan bo‘lsa, Alloh ismini zikr qilsin. Agar Alloh ismini ovqat avvalida zikr qilishni unutsa, “Bismillahi ’ala avvalihi va oxirihi”, deb aytsin» (Imom Termiziy rivoyati).

  *    *     *

Agar sizlardan biringiz iftorlik qiladigan bo‘lsa, xurmoda ochsin, chunki u barakadir. Agar xurmo topa olmasa, suvda ochsin, chunki suv poklovchidir” (Imom Ahmad rivoyati).

  *    *     * 

Agar sizlardan biringiz safarga chiqadigan bo‘lsa, birodarlaridan duo talab qilsin. Chunki Alloh taolo ularning duolari sababidan baraka ato etuvchidir” (Imom Ibn Asokir rivoyati).

  *    *     * 

Biror kishi boshqa bir kishini o‘tirgan o‘rnidan turg‘izib, o‘zi o‘tirib olmasin. Lekin joy beringlar va kengayinglar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

  *    *     *

“Sizlar qiyomat kuni ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar, shuning uchun ismlaringiz chiroyli bo‘lsin” (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).

  *    *     * 

“Kim duosining mustajob bo‘lishini va g‘am-tashvishdan qutulishni istasa, yordamga muhtojlarga yordam bersin” (Imom Ahmad rivoyati).

  *    *     * 

“Kishi do‘stining dinidadir. Sizlardan biringiz kim bilan do‘st bo‘layotganiga qarasin” (Imom Abu Dovud rivoyati).

  *    *     * 

“Undoq dedi va bundoq dedi deb gapirib yurishni, ko‘p savol berishni va molni behudaga sarf qilishni tark qil” (Imom Tabaroniy rivoyati).

  *    *     * 

“Osonlashtiringlar, qiyinlashtirib yubormanglar xursandlik xabarini beringlar, nafratlantirib qo‘ymanglar” (Imom Buxoriy rivoyati).

  *    *     * 

“Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomon amalingga yaxshisini ergashtir. Shunda yaxshisi yomonini o‘chirib yuboradi. Odamlar bilan yaxshi xulq ila muomalada bo‘l” (Imom Tabaroniy rivoyati).

 

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   26885   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari