Hadis ilmi maktabiga 2018-2019 o‘quv yili uchun hujjatlar qabul muddati 15 noyabrdan 20 noyabrga qadar uzaytirildi. Eslatib o‘tamiz, Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabda o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Maktabga 2018/2019 o‘quv yilida 10 ta talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom bilim yurtini tugatganligi haqida hujjatning (diplom) asl nusxasi;
- 086-U-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma;
- harbiy xizmatga aloqadorligi haqida hujjat (asli).
Hujjatlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi 18-berk ko‘chasi 47-uy. Murojat uchun telefon: (71) 227-42-37. Telegram manzili: @hadis1440.
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati