Bizni O‘zining oxirgi payg‘ambari Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning ummatlaridan qilgan va «Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor», degan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.
Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi vasallam) ga batamomu mukammal salovotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning ulkan va ibratli hayotlarining har bir lahzasini diqqat bilan o‘rganib, kelajak avlodlarga o‘ta aniqlik ila rivoyat qilib qoldirib ketgan sahobai kiromlarga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin.
Tunlarni kunlarga ulab, omonat ila Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ning hayot yo‘llari–siyratlari haqida tayyor kitoblar qoldirib ketgan siyrat ilmi ulamolariga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin.
Ma’lumki, Rabiul avval oyining 12-kuni janobi Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning tavallud topgan kunlaridir. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) milodiy sananing 571 yilida Makkai mukarramada arablar orasida obro‘li sanalmish Quraysh qabilasida tavallud topganlar. U zotning nasablari Ibrohim (alayhis salom)ga muttasil holda yetib borganligi haqida marhamat qilib:
«Alloh taolo payg‘ambarlik uchun Ibrohim avlodlaridan Ismoilni, Ismoilning avlodlaridan Bani Kinonani, Bani Kinonadan Qurayshni va Qurayshdan Bani Hoshimni, Bani Hoshimdan esa meni tanlab oldi» – deganlar.
Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ni ana shunday ulug‘ kishilarning pushtida saqlab kelib, otalari Abdulloh va onalari Ominadan tug‘ilishlarini iroda qildi. Tavallud topgan kechalarida bir qancha g‘aroib voqealar sodir bo‘lganligi tarix kitoblarida zikr qilingan.
Jumladan, u zot tug‘ilganlarida bir nur paydo bo‘lib, uning ziyosi Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgan. Fors yurtidagi majusiylar sig‘inadigan, ming yillar davomida yonib turgan olov o‘chib qolgan. Mushriklar ibodat qiladigan but va sanamlar yuz tuban qulab tushgan. To‘rt yoshlik chog‘larida Halima as-Sa’diyyaning uyida yashagan vaqtlarida “shaqqi sadr” voqeasi sodir bo‘lib, ikki farishta u zotning ko‘kraklarini yorib, undan shaytonning nasibasini olib tashlaydilar. O‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga chiqqanlarida tepalarida bir bulut soya solib borganligi, Busro degan joyga yetganlarida nasroniy rohib Buhayroning Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) oxirzamon payg‘ambari bo‘lishlarini bashorat qilishi shular jumlasidandir.
Ma’lumki, Islom dini insoniyatni go‘zal xulqu odobga chorlash, ularni chin insoniy fazilatlar egasi qilib tarbiyalash uchun nozil qilingan bo‘lib, uning ta’limoti insoniyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgandir. Muqaddas dinimizning hayotbaxsh va o‘lmas qadriyatlari mana o‘n besh asrdirki, hamon butun bashariyat nazarida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu birinchi navbatda, biz ummati muhammadiyani o‘z dinimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan, uning ta’limotlariga chin ixlos bilan amal qilmoqlikka undaydi.
Alloh taolo O‘zining eng so‘ngi va komil dinini mukammal axloqi hamida sohibi bo‘lmish sarvari olam Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga nozil qilishi ham bejiz emas, albatta. Zero, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dinimizning har bir zamon va makonga munosib bo‘lgan, shuningdek, har bir shaxsning iqtidoriga qarab taklif qilingan ko‘rsatmalarini biz ummatlari uchun o‘zlarining hayotlariga tadbiq qilib ko‘rsatib berdilar.
Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning hayotlari har bir mo‘min-musulmon uchun ulkan tarbiya maktabidir. U zoti sharifning hayot yo‘llarini qunt bilan o‘rganib chiqqan har bir inson albatta, bunga amin bo‘lmay chorasi yo‘q. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’oni karimda:
«(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat) – deb, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ni barcha mo‘min-musulmonlarga namuna bo‘lishga eng loyiq zot ekanliklarini bayon qilgan.
Yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek, muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari asosan, insoniyatni go‘zal axloqli bo‘lishga, bandaga Alloh taoloning oldidagi hamda jamiyat oldidagi burchu vazifalarini go‘zal suratda ado etishga, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni samimiy va beg‘araz amalga oshirishga targ‘ib qiladi. Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bularning barchasida mo‘min-musulmonlarga o‘rnak ko‘rsatganlar.
Sarvari koinot (sollallohu alayhi vasallam) butun olamlarga payg‘ambar bo‘lib kelgan bo‘lsalarda, birinchi navbatda oddiy bir inson edilar. Oddiy kishilar qatori yeb-ichar, bozorga borib ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan narsalarni harid qilar edilar. Aynan mana shu jihatlari hatto ba’zi bir johillarni hayratga solar edi. Ya’ni, payg‘ambardek zotning bunday oddiy insonlar qiladigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi ularni ajablantirar edi. Bu haqda Qur’oni karimda: «(Kufrda bo‘lganlar): “Bu qanday payg‘ambarki, (oddiy odamlardek) taom yesa va bozorlarda yursa?! - deydilar...» – deb xabar berilgan (Furqon surasi, 7-oyat).
Oisha onamiz (roziyallohu anho) dan rivoyat qilinishicha: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ga taom keltirilsa, ishtahalari tortsa yer edilar. Agar ko‘ngillari tortmasa yemasdilar, lekin taomning kamchiligini aytib ayblamas edilar» (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) kamtarlik bobida ham nihoyat darajada yuksak o‘rin tutganlar. Buning misoli tariqasida quyidagi rivoyatni ko‘rish mumkin: Alloh taolo U zotga payg‘ambarlik bilan podshohlikni qo‘shib berilishi yoki oddiy banda bo‘lgan holda payg‘ambar bo‘lish ixtiyorini berganda, On hazratlari oddiy banda bo‘lgan holda payg‘ambar bo‘lishni tanlaganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning duolarini olib xizmat qilgan Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) U zotning tavozeliklarini eslab: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ga o‘n yil xizmat qildim. Lekin, menga biror marta ham «Uf» demadilar. Shuningdek, biror narsa qilsam “nima uchun uni qilding?», demaganlar, agar biror ishni qilmasam “nimaga buni qilmading?», deb aytmaganlar» – deganlar.
Demak, On hazratlari hech qachon biror kimsaga qo‘rs va dag‘al muomala qilmaganlar. Shirin so‘zlik va muloyimlik bilan muomala qilganlari uchun ham, insonlar U zotga ergashar, xizmatlarini qilishga oshiqishar edi. Bu haqda Qur’oni karimda ham:
«Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad), ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar...» – (Oli-Imron surasi, 159-oyat) deb xabar berilgan.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) oila ahllari bilan xushmuomalada bo‘lar, uy yumushlari bilan ham shug‘ullanar edilar. Oisha (roziyallohu anhu) dan: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oila ahllari bilan yolg‘iz qolganlarida o‘zlarini qanday tutardilar» – deb so‘rashganda, u kishi: «Juda muloyim muomala qilar, kulib, tabassum bilan boqar edilar. Shuningdek, oila ahllari xizmatida bo‘lar edilar. Hech kim U zotni sahobalari orasida oyoqlarini uzatib o‘tirganlarini ko‘rmagan» – deb javob berganlar.
Ko‘rinib turibdiki, sarvari koinot payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay oilaga nisbatan zimmalaridagi burchlarini bekamu ko‘st ado etganlar. Ularning ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashar, imkoniyatlari darajasida ahli ayollarini nafaqa bilan ta’minlar edilar. Ba’zi bir oila rahbarlari esa, ish va tirikchilikni bahona qilib yoki tarki dunyochilikka berilib oilasi, bola chaqasini nafaqa bilan ta’minlash, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishni unutib qo‘ymoqdalar. Albatta, bu musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Har bir narsaning, jumladan, ishning ham, ibodatning ham o‘z vaqti bor. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Har bir haq egasining haqqini ado eting» – deganlar. Shunday ekan, ahli ayol va farzandlarimiz nafaqasi va ta’lim tarbiyasi bilan shug‘ullanishni ham unutmaylik. Oisha onamiz (roziyallohu anho) yana:
«Husni xulqda payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) dan o‘tadigan hech kim bo‘lmagan, zero u zot qachon biror kimsa chaqirganda doimo labbay deb javob berar edilar» – deganlar.
Ushbu hadisdan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ning hushxulqliklari, U Zotga murojaat qilgan kimsaga nisbatan hushmuomalada bo‘lishlarini ko‘rish mumkin. Ko‘rishganda salomlashish, chaqirganda labbay deyish, xayrlashganda esa, omonlik tilash biz mo‘min-musulmonlar uchun odatga aylanmog‘i kerak. Zero, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahil va inoqlikning ziyoda bo‘lishi birinchi navbatda, hushmuomala va shirin suhanlikka bog‘liqdir.
Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) sahobalariga nisbatan yaqin do‘stdek muomalada bo‘lar edilar. Qaysi bir inson bilan suhbatlashsalar unga shunday yaqin munosabatda bo‘lardilarki, hatto hamsuhbatlari xayolida – Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) meni hammadan ham ko‘proq yaxshi ko‘rar ekanlar, degan fikr qolar edi. Sahobalarini toqatlaridan ortiq ishga buyurmas, aks holda ularga o‘zlari yordamlashib yuborar edilar.
Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) safarlarining birida sahobalariga bir qo‘yni so‘yib, taom tayyorlashga buyurdilar. Shunda birlari: Qo‘yni men so‘yaman desa, ikkinchilari, men esa terisini shilib, maydalayman dedi. Uchinchilari, uni pishirib taom tayyorlash esa mening zimmamga, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «U holda men o‘tin terib kelaman» – dedilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh! Siz qo‘yavering, o‘zimiz qilaveramiz» – deyishdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) esa: «To‘g‘ri, bu ishni ham o‘zingiz uddalaysiz, ammo men sizlardan ajralib turishni xohlamayman. Chunki, Alloh taolo bandasini o‘z birodarlaridan ajralib turgan holda ko‘rishni yoqtirmaydi» – deb javob berdilar.
On hazratlarining ushbu sifatlari ham kamtarlik bobida biz uchun o‘rnak bo‘lmog‘i lozim. Chunki, ba’zi insonlarga obro‘ yoki bir oz mol-dunyo tegib qolsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Boshqalarga nisbatan bepisand nazar bilan boqadi. Xalqimizda «Kamtarga kamol, manmanga zavol» – degan maqol ham bor. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Kimki, Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh taolo uning qadrini ko‘taradi» – deganlar.
«Shifoi sharif» kitobida keltirilishicha: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Habashiston podshohi Najoshiy tomonidan kelgan elchilarga o‘zlari xizmat qilganlar. Sahobalarning, bizlar xizmat qilamiz, siz qo‘yavering, deyishlariga qaramay, U zot xizmatdan to‘xtamadilar va: «Bular mening Habashistonga hijrat qilib borgan sahobalarimga xizmat qilishgan edi. Shuning uchun men ham ulardan o‘z qarzimni uzmoqdaman» – deganlar. Albatta, o‘zgalarning hurmatiga nisbatan hurmat bilan javob qaytarish ham go‘zal fazilatdir. Bizlar bu sohada ham Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan o‘rnak olmog‘imiz darkor.
Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) xayru saxovat bobida ham barchaga o‘rnak edilar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida U zotning saxovatlari yanada ortib ketar edi. Tongi sabo barchaga xush kayfiyat baxsh etgani kabi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi (Muttafaqun alayh).
Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga Hiro g‘orida birinchi bor vahiy kelganda, Jabroil (alayhis salom) ning haybatlaridan qo‘rquvga tushib, uylariga kelib o‘ranib oladilar. Bo‘lgan voqeadan xavotirlanib, uni Xadicha onamiz (roziyallohu anho) ga aytib berganlarida, u kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ning go‘zal xulqlari tufayli U zotga hech qanday ofat va balo yetmasligini aytib, ko‘ngillarini ko‘taradilar va:
«Allohga qasamki, U Sizni hech qachon xorlab qo‘ymaydi. Chunki, Siz qarindoshlik rishtasini bog‘laysiz, doim rost gapirasiz, muhtoj odamlarning og‘irini yengil qilasiz, mehmonni izzat-ikrom qilasiz, haqiqatparvarlarga yordam berasiz» – deydilar.
Albatta, bu borada ham biz Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) dan ibrat olmog‘imiz darkor. Afsuski, hozirgi kunimizdagi ba’zi kishilar qarindoshlar bilan silai rahm qilish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, rostgo‘ylik, insof, adolat kabi fazilatlarga ham bee’tibor bo‘lib qolmoqdalar. Ba’zi bir kimsalar o‘z aka-ukalari bilan san-manga borishib, o‘rtadagi qarindoshchilikka chek qo‘ysalar, ba’zi birovlar esa, qo‘ni-qo‘shnichilik haqlariga rioya qilmay, ularga ozor yetkazib qo‘yadilar. Ba’zida ko‘cha-ko‘yda yoshlarning kattalarga nisbatan hurmatlarini saqlamasligi, kuzatilmoqda. Albatta, bular musulmonlar sha’niga nomunosib bo‘lgan holatlardir.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Islom dinining mazmun mohiyatini o‘zlarining kundalik hayot tarzlari, amallari va purma’no so‘zlari orqali namoyon qilib berganlar. U zotning:
«Payg‘ambar bo‘lib kelishimning asosiy boisi go‘zal axloqni tamomiga yetkazishdan iboratdir» – degan so‘zlarida Islom dinining asl mohiyati ifodalab berilgandir.
Shunday ekan, Alloh taoloning rizosini istagan, dunyo va oxiratining farovonligini xohlagan har bir mo‘min-musulmon kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ni o‘zi uchun ibrat qilib olmog‘i lozim.
Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi vasallam) ga batamomu mukammal salovotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo barchalarimizni go‘zal xulq sohibi bo‘lmoqligimizni nasib qilsin!
Habibulloh ABDURAZZAQOV
«Hazrati Imom» jome masjidi imom-noibi
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi