Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

16.11.2018 y. Mavlidun Nabiy muborak!

09.11.2018   9658   13 min.
16.11.2018 y. Mavlidun Nabiy muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

Mavlidun nabiy muborak!

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبَعَهُ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

Muhtaram jamoat! Har yili rabi’ul-avval oyida dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo‘lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya’ni Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning tug‘ilgan sanalarini sharaflash, bayram qilish oyidir. Bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg‘ambari etib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o‘rganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga yanada ko‘proq targ‘ib qilishimiz kerak bo‘ladi.

Darhaqiqat, Muhammad alayhissalom Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari, payg‘ambarlarning eng ulug‘i va xotimalovchisi, Parvardigor butun olamga rahmat qilib yuborgan elchisi, insoniyat faxri, odamlarning eng yaxshi xulqlisi va komili edilar. Alloh azza va jalla O‘z rasuliga bevosita xitob qilib, Uni butun dunyoga rahmat elchisi ekanliklarini tasdiqlab, bunday deydi:

وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ

(سورة الأنبياء/107)

ya’ni: (Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat). Oyati karimadagi “Rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish va anglash uchun Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning go‘zal odob-axloqlari, siyrat va shamoillari, shariatlarining nihoyatda bag‘rikengligi, hatto, kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur. Oisha onamizdan Payg‘ambarimiz  sallallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida so‘ralganda:

"كَانَ خُلقُهُ القُرآن"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam)ning xulqlari Qur’on edi”, – dedilar  (Imom Muslim rivoyati).

Qur’oni karim oyatlari Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni sharaflab, nomlarini yuqori darajaga ko‘tarib zikr qiladi. Ul zotni barcha haloyiqdan ham yaxshi va Parvardigorga eng yaqin zot deb ulug‘laydi:

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ

(سورة التّوبة/128)

ya’ni: “(Ey, Makka ahli!) Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).

Muhtaram jamoat! Mavlidun-nabaviyni nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad mo‘min-musulmonlarni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini paydo qilish va uni yanada ziyoda qilish, qalblariga o‘z payg‘ambarlariga muhabbat ruhini ulashish, dillarida shu tuyg‘uni uyg‘otish, kuchaytirish va sayqallashdir.

Alloh taolo Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida Rasuli Akram  sallallohu alayhi vasallamga muhabbat barcha muhabbatdan oldin turishligi kerakligiga da’vat qilgan:

النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ...

(سورة الأحزاب/6 الأية)

ya’ni: “Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir...” (Ahzob surasi, 6-oyat). Buning ma’nosi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha, imonlari komil bo‘lmagay, deganidir.

Hadisi sharifda esa Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ وَالإِمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni:“Sizlardan birortangiz men unga bolasidan, ota-onasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘mini komil bo‘la olmaydi”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadis musulmon kishiga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish vojib ekanligiga dalolat qiladi. Shundagina haqiqiy imon egasi, najot topuvchi kishiga aylanar ekan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish imon ahllarining sarmoyasi va Islom ahkomlarining tatbiqidir. Zero, yaxshi ko‘rishdan maqsad quruq ehtiros va hissiyotning o‘zi emas, balki u zotdan kelgan har bir ko‘rsatmani qabul qilish, bajarish va lozim tutishdir.

Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:

 وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا

 (سورة النساء/69 الأية)

ya’ni: “Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat). Bu oyatda payg‘ambarlar bilan birgalikda boshqalarning zikr qilinishida solihlikda mukammal bo‘lmaganlar solihlikda mukammal bo‘lganlarni yaxshi ko‘rishi bilan ular qatoridan joy olishlariga ishora qilingan. Boshqa oyatda:

وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَخْشَ اللَّهَ وَيَتَّقْهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْفَائِزُونَ

(سورة النور/52 الأية)

ya’ni: “Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etsa va Allohdan qo‘rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o‘shalargina yutuq egalaridirlar”– degan (Nur surasi, 52-oyat).

Qalbi Rasulullohga muhabbat bilan limmo-lim to‘lgan, u zotning aytganlariga itoat etishni hamma narsadan afzal deb bilgan mo‘min albatta Allohning roziligi va fazlu marhamatiga sazovor bo‘ladi va jannatda u zotga qo‘shni bo‘lish baxtini qo‘lga kiritadi. Bunga quyidagi hadis dalildir. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Qiyomat qachon bo‘ladi?” – deb savol berdi. “Sen qiyomatga nimani hozirlab qo‘yding?” – dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Savol bergan kishi: “Men Alloh va uning Rasulining muhabbatidan boshqa arzigulik hech narsa tayyorlamadim”,– deb  javob qildi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan, har kim o‘zi yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘ladi”, – deb marhamat qildilar. Anas raziyallohu anhu: “Biz Islom kelgandan keyin Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlarini eshitganchalik xursand bo‘lmaganmiz”,– deganlar.

Ulamolarimiz kishini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga kuyidagi ishlar dalolat qiladi, deganlar:

  • U zotning buyruqlariga so‘zsiz bo‘ysunish va sunnatlariga amal qilish;
  • U zotning sunnati saniyyalariga boshqa insonlarni ham targ‘ib etish;
  • U zotga ko‘p salavot va salomlar yo‘llash;
  • Sahobalar va ahli baytlarini yaxshi ko‘rish;
  • U zotning xulqlari bilan ziynatlanish;
  • Bid’at xurofotlardan o‘zini olib qochish;
  • U zotning sunnatlariga amal etmaslik, muhabbat qilmaslik ila gunohkor bo‘lib qolishdan extiyot bo‘lish;
  • U zotning suhbatlariga oshiqish, hech bo‘lmasa tushda ko‘rishni orzu qilish.

Muhtaram jamoat! Mavlid oyi Payg‘ambar alayhissalomning hayotlarini, muborak siyratlari va sunnati saniyyalarini yanada chuqurroq o‘rganish oyidir. Bu oyda ham, bundan keyin ham biz, mo‘min-musulmonlar, har bir ishda, har bir amalda u zotning sunnatlariga muvofiq yo‘lda yurishimiz, U zotga ergashishimiz zarur. Shunday ekan, biz, yoshi kattalar, ota-onalar yana bir karra zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur his etib, yetishib kelayotgan yosh avlodni, farzandlarimizni O‘z robbisi va Rasulini taniydigan, ularga muhabbat qiladigan, sadoqatli va axloq-odobli, bilim va salohiyatli qilib tarbiyalamog‘imiz lozim bo‘ladi.

Shuni aytib o‘tish joizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarini nishonlash va bunda xursandchilik qilishni o‘ziga yarasha shar’iy dalillari, asoslari hamda manfaatlari bor. Musulmon ummati taqriban ming yildan buyon uni nishonlab kelmoqda. Islom ummatining tayanchi bo‘lgan bir qator ulamolar uni yaxshi amal sanashgan.

Ulamolarimiz: “Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhuning “Musulmonlar yaxshi sanagan narsa Alloh nazdida ham yaxshidir”,– degan  so‘zlari aynan mavlidga mos tushadi”, – deydilar. Biz ko‘pchilik ulamolarning, shu jumladan, yurtimiz ulamolarining fikrlarini ushlashimiz va ixtilofga o‘rin bermasligimiz lozim bo‘ladi. Zero, mavliddan ko‘zlangan maqsadlarga erishishga musulmonlar bugun har doimgidan ko‘ra ko‘proq muhtojdirlar.

Muhtaram jamoat! Ma’ruzamiz davomida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalaridan ba’zilarini eslab o‘tamiz:

  • Qur’oni karim.

Arablarda balog‘at, fasohat hamda she’riyat rivojlangan bir paytda Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karimni buyuk mo‘jiza o‘laroq nozil qildi. Uning mo‘jizaviyligi shundaki, Rasululloh salalllohu alayhi vasallam arablardan Qur’onga o‘xshash kitobni keltirishni talab qilganlarida arablarning eng balog‘at va fasohatli shoirlari hamda mohir voizlari ham Qur’on oyatlariga o‘xshash bir oyat keltirishga ham chorasiz qolishgan.

  • Oyning ikkiga bo‘linishi.

Alloh taolo Qamar surasida aytadi: “Soat (Qiyomat) yaqinlashdi va oy bo‘lindi. Agar bir oyat mo‘jizani ko‘rsalar, yuz o‘girarlar, bu o‘tkinchi sehr, derlar.” Ushbu voqeaning Makkada sodir bo‘lgani borasida kelgan hadislar mutavotir – ya’ni inkor etib bo‘lmas darajada ko‘p vorid bo‘lgan.

  • Oz taomning ko‘pchilikka yetishi.

Madinada handaq qazish ishlari bo‘layotgan paytda ozgina taom bir necha ming sahobiylarga yetib, yana o‘z holicha qolgan. Mazkur voqeaga doir kelgan xadislar ham mutavotir darajasiga yetgan.

  • Rasulullohning muborak barmoqlari orasidan suv chiqishi.

Janglarning birida sahobalar juda ham tashna bo‘lib, tahoratga ham suv topilmay qolganda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichida suv bo‘lgan idishga qo‘llarini tiqqanlar. Shunda barmoqlarining orasidan suv otilib chiqqan. Bu suvdan sahobalar chanqoqlarini qondirib, barcha tahorat ham olgan.

  • Isro va me’roj voqeasi.

Isro kechasi haqida Qur’onda ochiqchasiga bayon qilingan. Me’roj voqeasi haqida esa Najm surasining boshida ishora kelgan.

  • G‘oyib narsalar haqida xabar berishlari.

Xususan, Ammor ibn Yosirni bog‘iy – haddidan oshgan toifa qatl qilishi, Usmon raziyallohu anhuga musibat yetkazilishi, Alloh taolo Hazrati Hasan vositalarida musulmonlardan bo‘lgan ikki toifa orasini isloh qilishi, dunyoning yirik podshohlari Kisro va Qaysarning hukmronligi tugatilishi hamda boshqa ko‘plab g‘aybiy ishlar haqida oldindan xabar berganlar.

  • Daraxt tanasining Rasulullohdan ajralgani uchun yig‘lashi.

Madinai munavvarada Nabiy sollallohu alayhi vasallamga minbar yasalishidan oldin bir daraxtning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Minbar yasalgandan keyin, unda xutba qilish uchun ko‘tarilganlarida, haligi daraxt tanasi u kishiga bo‘lgan mehridan xuddi yosh boladek ho‘ngrab yig‘lagan. Sahobalarning barchasi bunga guvoh bo‘lishgan. Rasululloh minbardan tushib, daraht tanasini quchganlarida, haligi ovoz tinchlangan.

  • Go‘shtning o‘zining zaharlangani haqida xabar berishi.

Bir ayol dushmanlik qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zaharlangan qo‘y go‘shtini hadya qiladi. Nabiy alayhissalom endi qo‘llarini go‘shtga uzatganlarida go‘sht u Zotga o‘zining zaharli ekani xabarini beradi. Undan bir necha sahobalar ham tanovul qilgan bo‘ladilar va birozdan so‘ng vafot etadilar.

  • Yer yuzining mashriqdan mag‘ribigacha bo‘lgan joylarning u zotga ko‘rsatilishi hamda ummatlari yetib boradigan hududlarning bildirilishi.

Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulining muhabbatini jo qilsin! Qiyomatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin!Omin! 

 Muhtaram imom domla! Rabi’ul avval oyi kirib kelganligi munosabati bilan imkoniyatingizga qarab biror jumada Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o‘qib berishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 Muhtaram imom domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’i rioya etib, xususan juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingizni va juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   41452   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari