O‘tgan kunlarda bir guruh o‘zbekistonlik ziyoratchilar Umra ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan edilar. O‘zbekistondan Umra amallarini ado etish niyatida muborak zaminga yetib borgan fuqarolarimiz Makkai Mukarramadagi 4 yulduzli Al Kiswah Hotel Towers va Madinai Munavvaradagi 5 yulduzli Pullman Zamzam Madina Hotel mehmonxonalariga joylashtirildi.
Madina shahridagi ishchi guruhi a’zosi Muzaffar Kamolovning bildirishicha, bu yil ziyoratchilarimizga Madinai munavvarada 5 yulduzli, zamonaviy va osmono‘par mehmonxona o‘zbekistonlik ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning shundoqqina yonginasida joylashgan, ziyoratchilarimiz besh mahal namozlarini ushbu tabarruk masjidda ado etish saodatiga yetishmoqdalar. Ayni kunda, ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxonada barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Ushbu qo‘nimgoh juda ham hashamatli bo‘lib, Madina shahrining uzoq-uzoq chekkalaridan ham ko‘rinib turadi.
Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini o‘ziga tortadi. U yerda yangi, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan bo‘lib, ko‘chadan charchab kelgan odam uchun salqinlanib olishga mo‘ljallangan.
Ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, bir nechta liftlar ishlamoqda. Har bir xonada ozoda ko‘rpa-yu choyshablar to‘shab qo‘yilgan. Xonadagi televizor orqali Ka’bai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilib o‘tirishlari mumkin. Shuningdek, har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich ham hozirlangan.
Ishchi guruhi tomonidan mehmonxonada tibbiyot bo‘limi va O‘zbekiston Ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, tibbiyot bo‘limi ham kerakli o‘rindiq va yotoq mebellari bilan ta’minlangan. Shuningdek, ziyoratchilarimizga o‘zimizning oshpazlar tomonidan tayyorlangan laziz va milliy tamolarni tortiq qilinmoqda.
Bir so‘z bilan aytgan-da, bu yil oldingi yillardan farqli o‘laroq ziyoratchilarimizga barcha shart-sharoitlar va qulayliklar eng yuqori darajada muhayyo qilingan, faqat ziyoratchilarimiz u yerga borib joylashgach, shart-sharoitlar shukronasini qilib, ibodat halovatini totib, muhtaram Prezidentimiz, xalqimiz va farzandu arjumandlarimiz haqiga duoi xayrlar qilishlari qoldi, bu esa, naqadar ulkan baxt!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
IQNA sayti xabariga ko‘ra, Misrdagi mashhur “Qur’on karim” radioeshittirishi rahbari Ismoil Duvaydar uzoq tanaffusdan so‘ng mashhur “Mus'haf muallim” dasturi yana efirga qaytganini ma’lum qildi. Dastur har kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:45 da efirga uzatiladi. Uni Sa’d al-Mut’aniy olib boradi.
Ushbu dastur Qur’on karimni yangi o‘rganayotgan va yod olishni istagan kishilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda tajvid qoidalariga muvofiq to‘g‘ri talaffuz o‘rgatiladi. Dasturda Shayx Mahmud Xalil Husariyning tilovatlari asos qilib olingan.
Shuningdek, Qur’on karim radioeshittirishi Misr Vaqflar vazirligi bilan hamkorlikda har kuni diniy tanlov ham o‘tkazmoqda. G‘oliblardan ikki nafariga 2 500 misr funti miqdorida mukofot beriladi. Tinglovchilarning savoliga javobni (sura va oyat raqami) vazirlikning “Facebook” sahifasidagi maxsus havola orqali yuborishlari lozim.
Ismoil Duvaydar ta’kidlashicha, radioeshittirish hozirda Misrning yetuk qori va mashhur ulamolari marhum shayx Abdufattoh Sha’sha’iyning ilgari efirga uzatilmagan noyob tilovatlarini ham taqdim etmoqda. Bu tilovatlarni shayxning oilasi radioeshittirishga sovg‘a qilgan.
Shuningdek, shayx Mustafo Ismoilning nabirasi tomonidan berilgan 18 ta noyob tilovat ham ushbu boy jamg‘armaga qo‘shildi. Shu bilan birga, Shayx Muhammad Rif’at, Shayx Abdulbosit Abdussomad va Shayx Muhammad Tabloviy kabi mashhur yetuk qorilarning tilovatlari ham efirda yangramoqda.
Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.