Otasining o‘limidan bir fursat o‘tib, ish bilan band o‘g‘il kasalmand keksa onani qariyalar uyiga topshirishga qaror qildi. O‘g‘il ora-chora onasining holidan xabar olib turdi.
Kunlar o‘tdi. Bir kuni qariyalar uyidan qo‘ng‘iroq qilishdi: vaziyat jiddiy - ona og‘ir ahvolda yotibdi o‘g‘liga aytadigan so‘nggi so‘zi bor ekan. O‘g‘il zudlik bilan uning yoniga shoshdi. Ajal bilan kurashayotgan ona temir karavotda holsiz to‘lg‘anar, o‘g‘il so‘nggi so‘zni eshitmoq uchun uning lablariga quloq tutdi. «O‘g‘lim, sendan so‘nggi iltimosim - qariyalar uyi xonalariga konditsionerlar o‘rnattirib bersang. Qarilik bois sovuq va issiq kunlarda juda qiynaldim. Keyin, bu yerga muzlatgich ham olib kelib qo‘y - ba’zida tunlar uyqum qochganida biror nima topa olmay, och yotib, qiynaldim.
Onaning o‘tinchidan hayratda qolgan o‘g‘il unga tikilib qoldi. Shuncha vaqtdan buyon bu qiyinchiliklarga chidab kelib, og‘iz ochmasdan, nega umr adog‘ida yolvorayotganini so‘radi. «Men-ku, bularga chidadim, bolam! Lekin sendan xavotirdaman. Kun kelib, bolalaring seni bu yerga tashlab ketishsa, sening holing nima kechadi, bolajonim?!» deb javob qaytardi onaizor.
Odiljon Narzullayev
Zangiota tuman “Imomi A’zam” jome masjidi imom xatibi.
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH