Tabiatdagi go‘zal va shu bilan birga dilga qo‘rquv soladigan hodisalardan biri – yashin (chaqmoq) chaqnashidir.
Yashin – atmosferada yuz beradigan uchqunli elektr razryadi bo‘lib, bulutlararo yoki bulutlar bilan yer orasida hosil bo‘ladi. Manfiy zaryadlar bulutlardan yer tomonga qarab oqadi. Yerga yetib kelganda musbat zaryadlar bilan to‘qnashishi natijasida chaqmoq chaqishi kuzatiladi. Yashin chaqnaganda atrof bir zum yorishib ketadi.
Chaqmoq chaqishining uzunligi bir necha kilometr, diametri bir necha o‘n santimetr, davomiyligi soniyaning mingdan 25 ulushiga teng, tok kuchi 100 KA (kiloamper)gacha bo‘lishi mumkin. Bunday chiziqli yashin bilan birga ba’zida sharsimon yashin ham chaqnaydi. Chaqmoq asosan bahor va yoz fasllarida kuzatiladi. U doim momaqaldiroq bilan birga yuz beradi.
Chaqmoq chaqqanda elektr energiyasi issiqlik va yorug‘lik energiyasiga aylanadi. Yashin ko‘pincha qora yomg‘ir bulutlarida, vulqon otiladigan paytda, tornado (quyun) va chang bo‘roni paytida ham paydo bo‘ladi.
Chaqmoq boshining yer yuzasi tomonga harakati soniyasiga 5107 metr tezlikda bo‘ladi va darhol ortga qaytadi. Yashinning asosiy razryadi harakat qilgan kanaldagi harorat 25000° dan ham oshib ketishi mumkin. Chaqmoq chaqishi yong‘inlar sodir bo‘lishiga va odamlarning halokatiga sabab bo‘lishi mumkin.
Chaqmoq elektr va radio simlari, elektr stansiyalar, mashina va apparatlar uchun ayniqsa xavfli. Uning samolyotga tushishi konstruksiya elementlarini ishdan chiqaradi, radio apparatlari va navigatsiya asboblarini yaroqsiz holga keltiradi. Shuningdek, ekipaj a’zolarining ko‘zini ko‘r qilib, turli shikastlarni yetkazadi. Daraxtga tushgan yashin uning tagida va yaqinida turgan odamlarni shikastlashi mumkin.
Yuqorida bir chaqmoq chaqishining davomiyligi soniyaning mingdan 25 ulushiga teng ekani, keyin darhol yashinning ortga qaytishi aytib o‘tildi.
Buni qarangki, bundan 1400 yil oldin, insoniyat chaqmoq chaqishining xususiyatlari, jarayonlari haqida tasavvurga ega bo‘lmagan paytda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam mana bu hadislarida yashinning chaqnash mexanizmini va tezligini aniq aytib qo‘ygan edilar:
“Chaqmoqning ko‘z ochib yumguncha qanday o‘tib, qaytganini ko‘rmaganmisizlar?!”. Imom Muslim rivoyati.
Ushbu hadisda yashinning tezkorligi o‘ta nozik uslubda “ko‘z ochib-yumguncha” deb bayon qilinyapti. Shuningdek, hadisda yashinning yerga kelib, yana ortga qaytishi ham eslatilyapti.
Yashin chaqnashining tezligi haqida olimlarning “soniyaning mingdan 25 ulushiga teng” degani “ko‘z ochib-yumguncha” deganidir.
Abduddoim Kahel maqolasi va
uz.wikipedia.org ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar muammolarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 5 avgust kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy, uy-joy va moddiy yordam kabi masalalardagi murojaatlarni ko‘rib chiqdi.
Mazkur jarayonda oilaviy masalalarda shar’iy yechim va zarur maslahatlar berildi, moddiy ko‘mak so‘raganlarga esa belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi. Imom Buxoriydan rivoyat qilingan "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", degan hadisi sharifga muvofiq xayrli duolar qilishdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yuzma-yuz muloqot va qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati