Sobiq tuzum xukmron bo‘lib turgan 1989-yili O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi Istiqlolga erishish yo‘lidagi eng muxim qadam bo‘lgandi. Vatanimiz mustaqillikka erishgach ona tilimiz o‘zining xaqiqiy o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi,O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madxiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan,qonun yo‘li bilan ximoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Istiqlol sharofati bilan tilimizga, uning sayqal topishiga e’tibor yanada ortdi. Til - inson qiyofasi va ichki go‘zalligini namoyon etadigan eng go‘zal tuyg‘udir. O‘z tiliga mehr-muhubbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham e’zozlaydi. Bejizga bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz "Tilga e’tiborsiz - elga e’tiborsiz" deya yozmagan.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlari qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan o‘tib kelayotgan maqol va hikmatli so‘zlari, betakror iboralari, dostonlarida, shoir va yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari, Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning o‘tli she’riyati ona tilimizda yozilgan bebaho durdonalardir.Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehr-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida shunday yozadilar: "Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil".
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Til madaniyat ko‘zgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona og‘ushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek beg‘ubor tuyg‘ularimizning tarjimoni bo‘lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho ne’matdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrabavaylashimiz, e’zozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga e’tiborli bo‘lsak, millatimiz qalbi ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi.
Donishmand ota-bobolarimiz azaldan nutq madaniyatiga katta e’tibor berishgan. Ular qoldirgan asarlarni o‘qir ekanmiz, har bir so‘z o‘z o‘rnida qo‘llanganiga guvoh bo‘lamiz. So‘z hissini doimo bilib yashashimiz kerak. Shunday ekan, ona tilimizni asrab-avaylash, uni e’zozlash har birimizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.
Odiljon Narzullayev
Zangiota tumani “Imom A’zam”Jome masjidi imom xatib
Rizq insonlar dunyo ishlaridan izlagan, qidirgan va so‘ragan narsalarining barchasi emas, balki bir bo‘lagidir. Kimdir dunyoda ayol izlaydi va bu esa insonni dunyodan izlaydigan narsalarining eng muhimidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyo bir mato’ (huzurlanish)dir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir”[1], deganlar.
Shuningdek, dunyoda kimdir ko‘zining qorachig‘i va undan keyin uning merosxo‘ri bo‘ladigan zurriyotni so‘raydi. Zero, bu payg‘ambarlar va solih kishilar da’vat qilgan ishdir.
Ibrohim alayhissalom Alloh taologa: “Robbim, menga solihlardan ato et"[2], dedilar.
Zakariyo alayhissalom Alloh taologa: "Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan"[3], dedilar.
Shuningdek, dunyoda kimdir tinchlikni so‘raydi. Bu esa, insonlar o‘zlari uchun so‘raydigan muhim narsalarning biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan kechirishini va tinchlikni so‘ranglar. Bas albatta biror-bir kishiga iymondan keyin tinchlikdanda yaxshiroq narsa berilmadi”[4], deganlar.
Qunut duosida: “Ofiyatda qilgan kishilaring qatorida meni ham ofiyatda qil”, deyilgan.[5]
Bularning barchasi dunyoviy istaklar, so‘rovlar hamda Alloh taologa tavakkul qilishning bog‘lovchilaridir.
Mo‘min banda soliha ayol va solih farzand bilan rizqlantirishiga Robbiga tavakkul qiladi. Allohning solih bandalari duo qilganlaridek: Ular: «Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et»[6].
Musulmon kishi Robbisi unga ofiyat va nusrat bergunicha U Zotga tavakkul qilaveradi.
Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitobidan Yahyo domla ABDURAHMONOV tarjimasi
[1] Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy Ibn Umardan rivoyat. qilganlar. Shuningdek, Sahih al- Jomi’u as- Sag‘iyr kitobida ham rivoyat. qilingan (3413).
[2] Soffat surasi, 100-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 38-oyat.
[4] Imom Termiziy rivoyat qilgan (464). Shuningdek, Imom Ahmad, Abu Dovud, Nasoiy va ibn Moja Hasan ibn Ali roziyallohu anhumodan rivoyat qilishgan.
[5] Imom Ahmad va Imom Termiziy Abu Bakradan rivoyat. qilingan (Sahiyh al- Jomi’u as- Sag‘iyr: 3632).
[6] Furqon surasi, 74-oyat.