Joriy yilning 17 oktyabr kuni Pokiston Islom Respublikasi muftiysi Muhammad Rizvan rahbarligidagi “Naqshbandiya” tariqati vakillaridan iborat delegatsiya Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida jami 47 nafar Pokiston Islom Respublikasi ulamolari, jumladan, Shayx Muhammad Abdulhalim an-No‘maniy,
Shayx qozi Arshad al-Husayniy, Lohurdagi “Muhammadiya” universiteti mudiri Shayx Muhammad Hasan, Faysaloboddagi “Imdodiya” universiteti mudiri Shayx Muhammad Toyyib, “Miftahul-ulum” universiteti mudiri Shayx Muftiy Tohir Mas’ud, Muhammad Aslam Naqshbandiy va boshqalar bo‘lib, ularga Pokiston Islom Respublikasi muftiysi Muhammad Rizvan rahbarlik qildi.
Mehmonlarga safar davomida Mir Arab oliy madrasasi ustoz
hamda talabalari hamrohlik qildi.
Ziyoratdan so‘ng Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazining konferensiya zalida Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi va Mir Arab oliy madrasasi ustoz hamda talabalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston davlatlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar yaxshilangani, xususan, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, mazkur delegatsiya uchun ham qulayliklar ta’minlangani, O‘zbekiston ulamolarining islom dini ta’limoti rivojiga qo‘shgan buyuk hissalari, o‘tgan ulug‘ avliyolar, ustozlar haqida ijobiy fikrlar bildirildi.
Uchrashuv davomida o‘tganlar ruhini shod etish maqsadida Qur’on tilovat qilinib, yurtimiz haqiga duoyi xayrlar qilindi.
Tadbir yakunida delegatsiya vakillari Mir Arab oliy madrasasi ustozlariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarini topshirdilar.



O‘MI Matbuot xizmati
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati