Yaqinda olimlar inson miyasining yolg‘on shakllanadigan qismini aniqlashdi. Bu joy odam miyasining old, peshona qismida ekan.
Kishi yolg‘on ishlatgan paytda mazkur qism faollashar ekan. Bu holat tasvirdagi rasmda to‘q pushti rangda ko‘rsatilgan.
Olimlar tadqiqot xulosasida aytyaptiki, yolg‘on gap va ish amalga oshishi hamda xato sodir etilishi inson miyasining eng old qismida, arab tilida “naasiya” deb ataladigan peshona qismida shakllanar ekan.
Endi Qur’oni karimdagi quyidagi oyatga e’tibor qilaylik:
كَلَّا لَئِن لَّمْ يَنتَهِ لَنَسْفَعاً بِالنَّاصِيَةِ نَاصِيَةٍ كَاذِبَةٍ خَاطِئَةٍ
“Yo‘q! Agar qaytmasa, peshonasidan shiddatla tutamiz. Yolg‘onchi, xatokor peshonasidan” (“Alaq” surasi, 15-16-oyatlar).
Ushbu oyatda peshona “yolg‘onchi”, “xatokor” deya sifatlanmoqda. Bu esa bugungi kun olimlari ultratovush apparati yordamida aniqlagan ilmiy haqiqatni Qur’oni karimda bundan o‘n to‘rt asr oldin bayon qilib qo‘yilganini ko‘rsatadi! Subhanalloh!
Abduddoim Kahel maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati