Bugungi globallashuv sharoitida dunyo yangiliklarini o‘rganish va ularni sintez qilish, oqini qorasidan ajratib borish, albatta, muhim faoliyatdir. Zero, dunyoda bo‘layotgan jarayonlarga e’tiborsiz qolib, ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Alloh taoloning irodasi ila dunyoda Odam farzandlari turli millat va elat vakillariga ajiratilgan. Ularni bir-birlaridan ajiratuvchi eng asosiy vosita bu tildir. Tillar boshqalaridan shunchalik darajada farqlanib ketganki, ularni uzoq va chuqur o‘rganishlarsiz tushinib, anglab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham o‘z tilidan boshqa tillarni biluvchilar jamiyatda unchalik ko‘p uchrayvermaydi, balki ba’zilar bir nechta tillarni bilsa, boshqalari undan boshqalarini o‘zlashtirgan bo‘ladi, va boshqa toifa esa faqatgina mahalliy tilini gina biladi xolos.
Lekin, ularning dunyo yangiliklaridan bir xil xabardor bo‘lishga haqlari bor va bu borada ular tengdirlar. Shunday ekan faqat birgina yo‘l, ya’ni turli xil tillarda kelayotgan ma’lumotlarni mahalliy tilga tarjima qilish va jamiyatning barcha qatlam vakillari uchun taqdim qilish zarur bo‘ladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, tarjimonlarning, ya’ni kasb yuzasidan emas, balki tarjima qilishga salohiyatli bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotidagi o‘rni ahamiyatlidir.
Aslida tarjimadan ko‘zlangan maksad - xorijiy til lisoniy vositalari yordamida yaratilgan matn yoki nutqni ona tili materiali asosida qayta yaratishdan iboratdir. Buning uchun tarjimon, birinchi navbatda, asl nusxani to‘la-to‘kis idrok etishi, so‘ngra uni o‘z tilida bekami-ko‘st qayta ifodalashi darkor. Muallif bermoqchi bo‘lgan ma’lumot yoki yaratgan voqe’likni to‘laligicha idrok etish uchun tarjimon keng mushohada quvvatiga ega bulgani holda, asar tarkibidagi lisoniy vositalarning mazmuniy va uslubiy-estetik jixatlarini tug‘ri anglashi, shu bilan birga muallif nazarda tutgan bosh g‘oyani, uning niyat va maqsadlarini. ochiq-oydin ko‘zga tashlanib turgan voqea-hodisalar tasviridan tashkari yana matn ortida turgan voqe’likni, bir so‘z bilan aytganda nafaqat lisoniy, balki g‘ayrilisoniy omillarni ham to‘la-to‘kis tasavvur etishi zarur. Toki natija shunday bo‘lsinki, asliyat o‘z o‘quvchi yoki tinglovchisiga qanday tushuncha yoki zavq baxsh etsa, uning tarjimasi ham asarni asliyatda mutolaa qila olmaydigan o‘quvchi yoki eshituvchiga huddi shunday taasurot in’om etsin.
Tarjimada nuxsonlarni ko‘rgan shaxs aslni sayozlikda ayblaydi, yoki umuman undagi g‘oyaga qarshi fikir paydo qiladi. Natijada asl asardan ko‘zlangan maqsad amalga oshmaydi, balki teskari ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Shuning uchun ham tarjimaning ma’lumotlar almashinuvi jarayonlarida ahamiyati juda kattadir.
Mazkur fikrlarni xulosasi o‘laroq aytish mumkinki, barcha ilmlar qatori tarjimonlik ilmi yoki til o‘rganish har doimgidan ko‘ra bugungi globallashuv sharoitida eng muhim vazifalardandir.
Ibrohim AHMADJONOV
"Hidoya" o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
O‘MI matbuot xizmati
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.