Ushbu maqolada inson tanasidagi a’zolarning ajoyib xususiyatlari haqida so‘z yuritiladi. Ularni o‘qib, chindan ham inson hali o‘zini to‘liq o‘rgana olmaganini anglab yetasiz. Har bir rasmga mos fikrlar rasm ostida berilgan.

Ko‘zlar. Bizning ko‘zlarimiz hech qachon burgutniki singari o‘tkirroq bo‘lolmaydi. Biroq, insonning ko‘zlari shu qadar sezgirki, agar Yer butunlay tekis bo‘lsa, bizdan 48 kilometr uzoqlikdagi yonib turgan chiroqni ko‘rishimiz mumkin.
Kindik. Kindigimizda butun bir ekotizim mavjud. Biz ularni ko‘ra olmaymiz, ammo inson tanasida bakteriyalar kabi trillionlab kichik organizmlar bor. Aniqroq aytganda, odamning kindigida ko‘plab bakteriyalar bor, ular shu qadar ko‘pki, tropik o‘rmon hajmidagi ekotizimni tashkil qilishi mumkin.

Teri. Terimizning o‘sishi hech qachon to‘xtamaydi. Har soniyada 25 million yangi hujayralar ishlab chiqarishimizni hisobga oladigan bo‘lsak, bizning terimiz doim yangilanib turadi. Odamlar umri davomida 18 kilogramgacha terini yo‘qotishadi.

Tuk. Tabiatda mutlaqo kal odam yo‘q. Har bir insonning, shu jumladan ayollar tanasining ham har bir kvadrat santimetri tuk bilan qoplangan. Ammo u tuklar juda qisqa, yengil va nozik bo‘lgani uchun ularning aksariyatini oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi.

O‘pka. Bizning o‘pkamizda 1609 km uzunlikdagi kapillyar (mayda qon tomirlari) mavjud. Agar o‘pkamizdagi 300 000 000 kapillyar boshidan oxirigacha cho‘zilsa, AQSHning Sietl shahridan San-Diyego shahrigacha yoki taxminan 1609 km chiziq bo‘ylab cho‘zilishi mumkin.

Hujayralar. Bizning hujayralar hech qachon shakkllanishdan to‘xtamaydi. Hujayralar tananing qurilish bloklaridir. Har soniyada inson tanasi 25 million yangi hujayra ishlab chiqaradi. Taqqoslash uchun, tanamiz har 13 soniyada Qo‘shma Shtatlar aholisi sonidan ko‘proq hujayra ishlab chiqaradi.

Asab impulslari. Bizning asab impulslarimiz soatiga 402 kilometr tezlikda harakat qiladi. Aslida, inson biror narsaga tegsa yoki tanasiga igna bilan sanchilsa og‘riq hissini darhol sezadi. Yuqori darajada rivojlangan asab tizimimiz tufayli biz uzoq turishimiz kerak bo‘lgan narsalarga millisoniyadan kamroq vaqtda javob berishimiz mumkin. Asab impulslari shunchalik tezki, tashqi ta’sirlardan keladigan signallar miyaga soatiga o‘rtacha 402 kilometr tezlikda keladi.

Insondagi sezgi. Bizda beshtadan ortiq sezgi bor. Odamlar beshta sezgiga ega. Shuningdek, muvozanat, harorat, og‘riq va vaqt kabi 10 ta muhim his-tuyg‘ular mavjud. Bundan tashqari yana baqirish, tashnalik va to‘liqlik (to‘kislik) hislari ham bor.

Porlaymiz. Biz qorong‘uda nur taratamiz. Dengiz jonivorlari singari, odamlar ham tabiiy ravishda biolyuminessentdir. Biolyuminessensiya – yunoncha so‘z bo‘lib, “tirik organizmlarning kuchsiz nur hosil qilish xususiyati” degan ma’noni ifoda qiladi. Biroq, biz chiqaradigan nur juda zaifdir. Shu sababli bizning ko‘zimiz uni ajratib ololmaydi.

Ko‘z yoshi. Ko‘z yoshlarimiz his-tuyg‘ularimizni sezadi. Odamlar nima sababdan yig‘layotganlariga qarab tuzilishi turlicha bo‘lgan ko‘z yoshlarini ishlab chiqaradilar. Qayg‘u, aybdorlik yoki baxt kabi his-tuyg‘ular ko‘z yoshlarning molekular tuzilishida keskin o‘zgarishlarga olib keladi. Ko‘z yoshlari, xuddi qor parchalari kabi, molekular tuzilishi jihatidan biri ikkinchisiga o‘xshamaydi.

Inson miyasi. Bizning miyamiz asosan suvdan iborat. Miyamizda oz miqdorda go‘sht va to‘qima mavjud. Qolgan 80 foizi suvdan iboratdir. Darhaqiqat, inson tanasining ko‘p qismi suvdan iborat.

Aksa urish. Bizning aksa urishimiz shamoldan ham kuchli. Insonning aksa urishi amaliy funksiyaga ega. Bu jarayon burun bo‘shlig‘i va tomoqni har qanday to‘siqdan tozalaydi. Aksirish kuchi shunchalik kattaki, u soatiga 160 kilometr tezlikdan oshadi.

DNK (Tirik organizmlarda irsiy belgilarni saqlash va nasldan naslga o‘tkazish vazifasini bajaradi). Inson DNKsi juda aniq bo‘lib, kichik o‘zgarish ham sizni butunlay yangi qiyofaga aylantirishi mumkin.

Miya. Miyamiz og‘riqni sezmaydi. Miya tananing boshqa qismlaridagi og‘riq hissini sezishi va uni qayta ishlashi mumkin. Ammo miyaning o‘zi og‘riqni his qila olmaydi. Sizning qo‘llaringiz, oyoqlaringiz va tanangizning boshqa qismlarida mavjud bo‘lgan og‘riq sezgisi miyada yo‘q.

Inson bo‘yi. Bizning tanamizda har kuni o‘zgarish va o‘sish to‘xtamaydi. Inson tana a’zolari, bo‘yi tuni bilan o‘sadi. Odamlar kechqurunga nisbatan ertalab 1 santimetr balandroq bo‘ladilar. Kun davomida umurtqa diskida qisqarish boshlanadi va kechga borib tanamiz qisqaradi.

Atomlar. Koinotdagi yulduzlar soniga qaraganda inson tanasida ko‘proq atom mavjud. Barcha moddalar molekulalardan tashkil topgan va molekulalar atomlardan iborat. Katta yoshdagi kishilar 7 oktillion atomdan iborat. 7 oktillion – 7 sonidan keyin 27 ta nol (7 000 000 000 000 000 000 000 000 000) bo‘ladi deganidir. Bu esa koinotdagi yulduzlar sonidan ikki barobar ko‘pdir.

Suyaklar. Suyaklarimiz granit kabi qattiqdir. Biz suyaklarni zaif deb o‘ylaymiz. Biroq, suyaklar granit kabi qattiq, kuchlidir. Misol uchun gugurt qutisi kattaligidagi suyak qismi 8 tonna og‘irlikni ko‘tarib turishi mumkin.

Yurak. Bizning yuraklarimiz tanamizdagi boshqa muskulli a’zolardan kuchliroqdir. Insonning yuragi kuniga 24 soat va xaftasiga 7 kun davomida tanamizdagi tomirlar orqali qonni tinimsiz ravishda o‘tkazib turishi uchun kuchli bo‘lishi kerak. Yurak muskullari shu qadar kuchliki, u qonni 9 metr uzoqlikka otadigan darajada bosim hosil qilishi mumkin.
Ha, azizlar, inson ana shunday mavjudotdir. Uning tana a’zolari, ularning ishlash jarayonlari, imkoniyatlari hali to‘liq o‘rganilmagan. Ularning har biridagi mukammallik, aniq tartib-intizom uni Buyuk Xoliq tomonidan yaratilganini ko‘rsatadi. Biz o‘zimizning tuzilishimiz haqida ko‘proq tafakkur qilib ko‘rishimiz kerak. Ixlos bilan o‘rgangan odam unda Allohning borligiga, birligiga dalolat qiluvchi ko‘plab belgilarni, alomatlarni topadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَفِي الْأَرْضِ آيَاتٌ لِّلْمُوقِنِينَ وَفِي أَنفُسِكُمْ أَفَلَا تُبْصِرُونَ
“Va yer yuzida chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bordir. Va o‘zlaringizda ham. Yoki ko‘rmayapsizlarmi?!” (Zariyat surasi, 20-21-oyatlar).
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Yurtimizga Yoz oylari kirib keldi. Shukrlar bo‘lsin.
Maktablarda o‘kuv yili tamomlandi. Kecha birinchi sinfga qadam qo‘ygan bitiruvchiga ham aylandi.
Maktabgi tamomlaganlar Oliy dargohlariga talaba bulish umidida arizalar topshirish taraddudida.
Bitiruvchi o‘kuvchilardan boshqa farzandlarimiz yozgi ta’til davrida oila bag‘rida. Ammo ming afsuski, o‘kuv yili tugadi degani, ta’lim olish tarbiya olish tugamadi.
Zero, Rasulullox alayxissalom: “Beshikdan kabrgacha ilm izla!” dedilar.
E’tibor berayliga, beshikdan kabrgacha degan zamon uz ichiga yoz oylarini xam oladi.
Dono xalqimizda ajib nakl bor.
“Do‘stni g‘aflati dushmanni ganimati”
Darhaqiqat farzandlarimizni nazoratsiz qoldirsak, hoxlagan ishlariga qo‘l urishlari aniq.
Alloh taolo insonni ilm bilan sharafladi. Ilm – qalblarni yoritadigan nur, jaholat zulmatidan najot beradigan yo‘ldir. Shu sababli mo‘min banda ilm olishni ma’lum bir faslga, yoshga yoki vaqtga bog‘lab qo‘ymaydi. Chunki ilm olish ibodati umrning oxirigacha davom etadigan sharafli vazifadir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat).
Yana bir oyatda: “Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilgan zotlarni baland darajalarga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Bu oyatlar ilm ahlining Alloh huzuridagi yuksak maqomini ko‘rsatadi. Ilm egallash uchun yozning issig‘i, qishning sovug‘i, ta’til yoki boshqa bahonalar to‘siq bo‘la olmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” (Ibn Moja rivoyati).
Hadisda ilm talab qilish uchun muddat yoki cheklov belgilanmagan. Demak, musulmon kishi doimo o‘rganishda, izlanishda va o‘zini kamolga yetkazishda davom etishi kerak.
Salaf ulug‘larimiz ilm yo‘lida mislsiz sabr va matonat ko‘rsatganlar. Imom Abu Hanifa rahimahulloh, Imom Buxoriy rahimahulloh, Imom Termiziy rahimahulloh kabi buyuk allomalar umrlarining so‘nggi damlarigacha ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ular uchun “dam olish” ilmni tark qilish emas, balki ilmni yanada mustahkamlash vositasi edi.
Afsuski, ba’zan ayrim kishilar ta’til kunlarini bekorchilik, foydasiz mashg‘ulotlar yoki vaqtni behuda sarflash bilan o‘tkazadilar. Holbuki, bir daqiqa ham qaytib kelmaydi. Vaqt – Allohning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Rasululloh sallollohu alahhi vasallam aytadilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qoladilar: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ta’til kunlari Qur’on tilovati, diniy va dunyoviy foydali kitoblarni mutolaa qilish, ilmiy suhbatlarda qatnashish, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish bilan bezatilishi lozim.
Ilmning eng go‘zal jihati shundaki, u insonni dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga eltadi. Mol-dunyo sarflansa kamayadi, ilm esa ulashilgan sari ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun haqiqiy muvaffaqiyat egasi – vaqtini ilm bilan qadrlagan kishidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimiz.
Ta’til maktabda, oliygohda yoki ish faoliyatida bo‘lishi mumkin. Ammo ilm olishda ta’til bo‘lmaydi. Mo‘min inson har kuni yangi bir foydali ma’lumot o‘rganishga, Qur’on va sunnat ilmlarini egallashga intiladi. Chunki ilm yo‘li – jannat yo‘lidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim ilm izlash yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizni ilmni sevuvchi, unga amal qiluvchi va uni boshqalarga yetkazuvchi bandalaridan qilsin.
Shuhratilla Isroilov,
Uchqo‘rg‘on tumani bosh imom-xatibi.