Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2025   |   29 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
06:59
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2025, 29 Sha`bon, 1446

12.10.2018 y. Shirk – kechirilmas gunoh

5.10.2018   9045   15 min.
12.10.2018 y. Shirk – kechirilmas gunoh

Shirk – kechirilmas gunoh

Muhtaram azizlar! Bugungi mavzumiz har bir musulmon kishi uchun o‘ta muhim bo‘lib, mo‘min kishi e’tiqodining asosi bo‘lmish imonning kushandasi hisoblangan shirk va uning turlari haqidadir.   

Arab tilida shirk so‘zi “ikki narsani tenglashtirish”, “tengdosh qilish”, “sherik qilish” degan ma’nolarni bildiradi. Uning shar’iy ma’nosi: Alloh ta’ologa zoti, fe’llari, ibodati va go‘zal ismu sifatlarida maxluqlarni tengdosh qilish, sherik qilish tushuniladi. Qur’oni karimda shirk va uning o‘zagidan yasalgan so‘zlar 34 marta zikr qilingan bo‘lib, ularning barchasida ushbu gunoh qoralangan va undan qaytarilgan.

shariatimizga ko‘ra, shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi. Undan qaytarish jamiki anbiyo alayhimussalomlar da’vatining asosi va samoviy shariatlarning mag‘zidir. Chunki, har bir nabiy va rasul albatta o‘z qavmiga:

يَا قَوْمِ اعْبُدُوا اللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَٰهٍ غَيْرُهُ

(سورة الأعراف/59)        

ya’ni: “Ey, qavmim! Allohga sig‘iningiz! Sizlarga Undan o‘zga iloh yo‘qdir”, – degandir (A’rof surasi, 59-oyat).

Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishdan Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida qaytargan. Jumladan, Nahl surasining 51-54 oyatlarida shunday degan: 

وَقَالَ اللَّهُ لاَ تَتَّخِذُواْ إِلـهَيْنِ اثْنَيْنِ إِنَّمَا هُوَ إِلهٌ وَاحِدٌ فَإيَّايَ فَارْهَبُونِ  وَلَهُ مَا فِي الْسَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَلَهُ الدِّينُ وَاصِباً أَفَغَيْرَ اللّهِ تَتَّقُونَ وَمَا بِكُم مِّن نِّعْمَةٍ فَمِنَ اللّهِ ثُمَّ إِذَا مَسَّكُمُ الضُّرُّ فَإِلَيْهِ تَجْأَرُونَ  ثُمَّ إِذَا كَشَفَ الضُّرَّ عَنكُمْ إِذَا فَرِيقٌ مِّنكُم بِرَبِّهِمْ يُشْرِكُونَ

(سورة النحل/51-54)

ya’ni: “Alloh: “Ikki (soxta) ilohni ma’bud qilib olmangiz! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo‘rqingiz!” – dedi. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo‘lishi) vojibdir. Allohdan o‘zgasidan qo‘rqasizmi?! Sizlarda qaysi bir ne’mat bor bo‘lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolvorasizlar. So‘ngra (U) sizlardan (o‘sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to‘da (kimsalar chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar” (Nahl surasi, 51-54-oyat).

Muhtaram jamoat! Ulamolar shirk asosan ikki turga: katta shirk va kichik shirkka bo‘linadi deganlar. Katta shirk – Allohga biror-bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin. Bu borada Haq taolo O‘zining kalomida shunday degan:

إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ وَمَنْ يُشْرِكْ بِاللَّهِ فَقَدِ افْتَرَى إِثْمًا عَظِيمًا

(سورة النساء/48).

ya’ni: “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi” (Niso surasi, 48-oyat).

Ikkinchisi, kichik shirk bo‘lib, u kishini Islom millatidan chiqarmasada unda bardavom bo‘lish katta shirkka olib borishi mumkin. Bunda kishi o‘sha ishdan darhol qaytishi va tavba qilishi lozim bo‘ladi.

قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا هَذَا الشِّرْكَ، فَإِنَّهُ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ، فَقَالَ لَهُ مَنْ شَاءَ اللهُ أَنْ يَقُولَ: وَكَيْفَ نَتَّقِيْهِ وَهُوَ أَخْفَى مِنْ دَبِيْبِ النَّمْلِ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: قُولُوا: اللَّهُمَّ إِنَّا نَعُوذُ بِكَ أَنْ نُشْرِكَ بِكَ شَيْئاً نَعْلَمُهُ، وَنَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا نَعْلَمُهُ"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَحْمَدُ وَالإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ)

ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, ushbu shirkdan saqlaninglar, chunki, u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir”, –dedilar. u zotga Allohning irodasi ila bir kishi: “Ey Allohning rasuli, agar u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lsa, qanday qilib undan saqlanamiz?”, – dedi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, biz bilib turib, senga shirk keltirishimizdan panoh so‘raymiz, bilmaganimizga istig‘for aytamiz”, – denglar, deb javob berdilar (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilishgan).

Demak, shirk chumolining o‘rmalashidan ham maxfiy tarzda mo‘min kishi amallariga kirib qolishi mumkin ekan. Ulamolarimiz ushbu hadisni izohlab, shirk keltirish barcha solih amallarda, jumladan, duo, sajda, nazr, sadaqa kabi jismoniy va moliyaviy ibodatlarda ham bo‘lishi mumkin, deganlar. 

Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini so‘rashda faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina  ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

فمن كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا

(سورة الكهف/110)

ya’ni: “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi, 110-oyat).

Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardandir. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "ﻛُﻨْﺖُ ﻧَﻬَﻴْﺘُﻜُﻢْ ﻋَﻦْ ﺯِﻳَﺎﺭَﺓِ ﺍﻟﻘُﺒُﻮﺭِ ﺃﻻَ ﻓَﺰُﻭﺭُﻭﻫَﺎ فَإِﻧَّﻬَﺎ ﺗُﺬَﻛّﺮُﻛُﻢْ الآﺧِﺮَﺓَ"

(رَوَاهُ الامَامُ التّرْمِذِيُّ)

ya’ni: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana, endi qabrlarni ziyorat etavering, zero u sizlarga oxiratni eslatadi(Imom Termiziy rivoyati).

Demak, qabristonga borganda u yerda yotgan marhumlarning ahvolini o‘ylab, undan har kim o‘ziga o‘git va ibrat olishi lozim bo‘lar ekan. Shuningdek, aziz-avliyolarning maqbaralarini, yaqinlarimizni qabrlarini ziyorat qilib turish Islom dinida savobli ishlardan sanaladi. Ammo buning ham o‘ziga yarasha tartib-qoidalari bor. Bugungi kunda ayrim vatandoshlarimiz yurtimizdagi ba’zi ziyoratgohlardagi maqbaralar va u yerdagi daraxtlarni muqaddas sanab, uni tavof qilish va unga sig‘inish kabi shirk amallarni qilayotganlari sir emas. Tilaklar ijobat bo‘ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog‘lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o‘pish bid’at va xurofot amallardir. hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog‘lab, hojatim ravo bo‘ladi, deyish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchundir. Ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, aziz avliyolar qabrlariga borib,  hojatlarini so‘raydigan, baxt yoki farzand yohud ishiga rivoj tilab, istaklarini sohibi qabrlardan so‘raydiganlar ham bor. Vaholangki, har qanday istak, tilaklarni faqat yolg‘iz Allohdan so‘ralishi kerak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَمَنْ أَضَلُّ مِمَّنْ يَدْعُو مِنْ دُونِ اللَّهِ مَنْ لَا يَسْتَجِيبُ لَهُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ وَهُمْ عَنْ دُعَائِهِمْ غَافِلُونَ

(سورة الأحقاف/5)

ya’ni: “Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofil (bexabar)dirlar” (Ahqof surasi, 5-oyat).

Hanafiy mazhabidagi mo‘tabar manbalardan biri “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan o‘liklarga atab nazr qilish, Allohning do‘stlari qabrlariga ularga yaqin bo‘lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.

Muhtaram jamoat! Sarvari koinot Muhammad sallallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida Islom dini aqidalari, ahkomu usullarini sahobai kiromlarga mukammal ravishda yetkazganlar. Sahobalar, tobeinlar, tabaa tobeinlardan tortib to bizning asrimizgacha o‘tgan Islom ummati ulamolari, musulmonlarga Alloh qodir qilguncha shariat ahkomlarini tushuntirish, Islomga kirib qolgan bid’at va xurofotlar hamda irim-sirimlarga qarshi jiddiy kurashishda zo‘r mahorat ko‘rsatib kelganlar. Lekin shunga qaramay, musulmon xalqi o‘rtasida hanuz dinga zarracha aloqasi bo‘lmagan ba’zi bir urf-odatlar, asossiz e’tiqodlar hukm surib kelayotganligi achinarli bir holdir.

Ba’zi odamlar ayrim oy, kun, joy va odamlardan shumlanishlari va ular haqida yomon gumonda bo‘lishlari nodonlik va islom shariati ta’limotlaridan bexabarliklariga dalolatdir. Islomdan oldingi johiliyat davrida ham safar oyidan shumlanish odati bor edi. Barcha noto‘g‘ri e’tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.

قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "لاَ عَدْوَى وَلاَ غُولَ وَلَا صَفَرَ"

(رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ وَالإِمَامُ أبُو دُاوُدَ)

ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kasallikning yuqishi yo‘q, g‘ul yo‘q va safar yo‘q”, dedilar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni, dunyodagi har bir narsa shu jumladan, xastalik yuqishi ham faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Hadisda zikr qilingan “G‘ul” johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib, turli balolarga uchratadi, degan e’tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘ri e’tiqodni ham rad etdi. Shuningdek, johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid’at-xurofotdan iborat tushunchalari bor edi. Islom bunday asossiz e’tiqodlarni ham rad etib, oy-kunlarning hammasi Alloh taoloniki ekanini e’lon qildi.

Alloh taolo o‘zining kalomida biz ummati Muhammadga shirkning halokatga eltuvchi eng og‘ir gunoh ekanligi borasida hazrati Luqmoni hakimning o‘g‘illariga qilgan nasihatlarini ibrat qilib keltiradi.

 وَإِذْ قَالَ لُقْمَانُ لِابْنِهِ وَهُوَ يَعِظُهُ يَا بُنَيَّ لَا تُشْرِكْ بِاللَّهِ إِنَّ الشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ 

(سورة اللقمان/13)     

ya’ni: “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Demak, otalar farzandlariga dunyoni qanday to‘plashni emas, oldin shu nasihatlarni qilib, ularga to‘g‘ri e’tiqod va tushunchalarni o‘rgatsalar foydali bo‘ladi. E’tibor bersak Luqmoni hakim birinchi navbatda o‘g‘illariga shirkdan ehtiyot bo‘lishni nasihat qildilar. Demak biz va farzandlarimiz birinchi navbatda shirk amallardan uzoq turishimiz kerak. Chunki shirk eng xatarli, butun solih amallarni yo‘qqa chiqaradigan, jahannamda  insonni abadiy qoldiradigan gunohdir.

Hurmatli jamoat! Mav’izaning davomida mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarishning og‘ir gunoh ekanligi haqida suhbatlashamiz.

“Takfir” masalasini chuqurroq o‘rganib chiqsak, bu ish dinimiz asoslarini puxta bilmaslikdan kelib chiqqanini bilib olamiz. Takfirchilar qilayotgan ishini haq ekanligiga mo‘min-musulmonlarning ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotgani va ular aytayotgan gaplarni aytmayotganini dalil qiladilar. Haqli savol tug‘iladi, dinimizda ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotganlar kofir bo‘ladimi? Yo‘q, balki, unday kishilar osiy va gunohkor bo‘ladilar. Chunki imonning rukni ikkita: qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo‘lish. Demak, mana shu ikki ruknni bajargan odam mo‘min bo‘ladi va uni kofir deyishga hech kimning haqqi yo‘q!

Ash’ariya aqidaviy mazhabida shariat arkonlariga amal qilishni imon ruknlaridan sanalsada, biror amalni tark qilgan odamni, modomiki farzni inkor qilmas ekan, kofir deyilmaydi.

Moturidiya aqiydaviy mazhabimizdagi mo‘tabar kitoblardan sanalmish “Aqidatut-Tahoviya”da shunday deyiladi: “Ahli qiblalardan birortasini gunohi tufayli kofir demaymiz. Modomiki, o‘sha gunohni halol hisoblamasa”. Bu yerda “ahli qibla”dan murod, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam keltirgan jami narsalarga imon keltirib, dinning asosiy ruknlaridan birortasini inkor qilmaganlar ko‘zda tutiladi va ularni gunohi kabira yoki gunoh tufayli kofir, deb hukm chiqarmaymiz.

Ba’zi oyat va hadislarda ma’lum bir gunohlarni qilganlarni kofir deb atalgan. Masalan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana o‘shalar kofirlardir” (Moida surasi, 44-oyat). Bu oyatning taqozosiga ko‘ra, oyatlarga muvofiq hukm chiqarmagan kishi go‘yo kofir sanaladi, deb o‘ylash mumkin. Lekin Ibn Abbosdan shu oyat xususida naql qilinadiki, Allohning  hududi (hukmlari)dan birortasini inkor etmay iqror va tasdiq etgan holda ularga muvofiq hukm qilmasa kofir bo‘lmaydi, balki fosiq (gunohkor) bo‘ladi.  

Ahli sunna val jamoa ulamolari gunohi kabira qilgan mo‘min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo‘lmasligiga ittifoq qilganlar. Chunki kufr ikkiga bo‘linadi. E’tiqodiy kufr va amaliy kufrga (yoki Islomdan chiqaradigan kufr va majoziy kufrga). Ba’zi bir gunohlarni oyat va hadislarda kufr deb atalishi mubolag‘a tariqasida bo‘lib, odamni dindan chiqarmaydigan majoziy kufrdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “La ilaha illalloh” degan kishidan tiyilish (uning moli, obro‘si va joniga talofat yetkazmaslik) imonning aslidir. Bunday kishini hech bir gunohi uchun kofir sanamaymiz, uni biror gunoh amal sababli Islomdan chiqarmaymiz...”, – dedilar  (Imom Abu Dovud rivoyati). Ya’ni, imon kalimasini aytib, zohirida musulmonchilikka amal qilib turgan odamni gunohi tufayli Islom dinidan chiqarmaymiz.

Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shanday bo‘ladi, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki musulmonni kofir deyishning hukmi shu. Birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi. Zero, bizning hozirgi zamonamizda musulmonlarni tafriqaga bo‘lib tashlash g‘arazi bilan gunoh amal qilganlarni kofirga chiqarish holatlari butun islom olamida ro‘y bermoqda.

Alloh taolo barchalarimizni o‘zi rozi bo‘ladigan solih amallarga muvaffaq etsin va O‘zi qaytargan katta-kichik gunohlardan panohida asrasin. O‘zimiz va oila a’zolarimizni sog‘lom e’tiqodda hayot kechirib borishimizni nasib aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi

26.02.2025   2596   4 min.
Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi

Shu yil 25 fevral kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ochib berdi. 
 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘zga chiqib, diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, diniy ta’lim tizimidagi mavjud muammolar, ularning yechimlari va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritib, quyidagilarni zikr qilib o‘tdi:


•  Jahondagi yetakchi islom ta’lim muassasalari, xususan, Azhar va shu kabi yetakchi ta’lim muassasalari tajribalarini o‘rgangan holda yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalaridagi ta’limning jozibadorligini oshirish lozimligi;


•  Chet el talabalarini ham yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb qilish maqsadida yangi adabiyotlar tayyorlash, o‘quv dasturi va rejalarini qayta shakllantirish, ijtimoiy va diniy fanlarni zamon talablari darajasida shakllantirish zarurligi;


•  Ta’lim jarayonlarini tashkil qilish, o‘quv dasturlarini qayta ishlab chiqish, xorijdan yetuk malakali mutaxassislarni jalb qilishda mavjud ta’lim mazmunini saqlab qolgan holda, boshqa yetakchi ta’lim muassasalarining ta’limga oid hujjatlaridan shablon sifatida foydalanish kerakligi;


•  Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini oshirish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini nazorat qilib borish mexanizmini joriy qilish muhimligi;


•  Talabalarda ta’lim bilan bir qatorda o‘z sohasi bo‘yicha tajribani ham shakllantirish maqsadida bitiruvchi kurs talabalarining amaliyotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, ilmiy tadqiqot markazlari va mahallalarda tashkil etilishi choralarini ko‘rish hamda Iqtidorli ustoz va talabalarni rag‘batlantirib borish mexanizmlarini joriy qilish lozimligi;


•  “Qur’on va tajvid” o‘quv kurslariga o‘xshash bir shaklda Aqidaviy bilimlarni ham xalqqa yetib borishiga xizmat qiladigan, xalqning turli yot g‘oyalarga ergashib ketish orqali jabr ko‘rishini oldini oladigan o‘quv kurslarini tashkil etish ham muhim hisoblanishi;


•  Din va davlat munosabatlarini tartibga solinishida Qur’on va sunnatda keltirilgan ko‘rsatmalarni o‘rganib kelajak avlodga o‘rgatish va bunda jahon tajribasidan keng foydalanish kerakligi ta’kidlandi.


Seminar davomida Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan attestatsiya natijalari, ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘qitilish ulushini oshirish, ta’lim sifatini yanada takomillashtirish hamda o‘quv reja va dasturlarini yangilash xususida so‘zlab, davlat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish bugungi kun talabi ekanini qayd etdi.


Shuningdek, diniy fanlarda klassik an’analarni saqlab qolgan holda, dunyodagi ilg‘or diniy ta’lim muassasalaridan namuna olgan holda zamonaviy diniy adabiyotlarni shakllantirish, zamonaviy diniy fan tarmoqlarini yaratish lozim ekani, mazkur fan tarmoqlari va adabiyotlarni shakllantirishda yurtimizdagi ilmiy tadqiqot markazlari bilan yaqindan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi ham alohida ta’kidlandi.


Shundan so‘ng diniy ta’lim muassasalarida 2025 o‘quv yili I-semestr yakunlari bo‘yicha talabalar o‘zlashtirishining dastlabki tahlillari bo‘yicha Hadis ilmi maktabi rektori B.Amanov, Imom Termiziy madrasasi direktori K.Islamov, Jo‘ybori Kalon madrasasi direktori O.Sharipova hamda Xoja Buxoriy madrasasi direktori O‘.G‘uzarovlar axborot berdi.


Seminar yakunida yig‘ilganlardan taklif va mulohazlar tinglandi. So‘ngra ishtirokchilar Toshkent islom institutidagi sharoitlar bilan tanishib, talabalar bilan uchrashishdi.


Toshkent islom instituti

 Matbuot xizmati

Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi Diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari o‘tkazildi