Soliha bir ayolning eri munofiq va johil edi. Ayol hech bir ishini “Bismillahir rohmanir rohiym”, demasdan boshlamasdi. Munofiq erning esa bu kalimani eshitgani zahoti jahli chiqar va xotin bechoraga ozor berishni yanada kuchaytirar edi. Soliha ayol esa erining jafolariga sabr etar va uning to‘g‘ri yo‘lga kelishini so‘rab Alloh taologa duolar qilar edi.
Kunlarning birida zolim er juda ham jahl otiga mindi. Ayoliga yomonlik qilish, uni qattiqroq azoblash uchun jiddiyroq bir bahona qidirdi va o‘ziga-o‘zi: “Unga bir o‘yin ko‘rsatay, ana o‘shanda uning ahvolini ko‘ramiz, holiga maymunlar yig‘laydi hali, qani o‘shanda kim qutqarar ekan uni?” der ekan, boshqalarga ochiq ayta olmagan inkorchiligi, ichidagi jamiki chirkinliklari to‘lib toshdi.
Ayolini chaqirib, uning qo‘liga bir hamyon tilla tutqazib: “Buni yaxshilab saqla, bir donasi yo‘qolsa, teringni shilib olaman”, deya po‘pisa qildi. Ayol erining amriga bosh egib hamyonni qo‘liga oldi va Bismillahni aytib hamyonni yaxshi saqladi. Ammo munofiq eri zimdan uni kuzatib turdi va ayoli yashirgan joydan hamyonni olib ichidagi tillalarni oldi-da, hamyonni bir quduqqa uloqtirdi. Qilmishidan xotirjam bo‘lgach, ayolini chaqirib: “Senga bergan hamyonni tez olib kel”, dedi. Xotin hamyonni yashirgan joyiga yugurib borib, “Bismillahir rohmanir rohiym”, deya qo‘lini uzatgan edi, Alloh taoloning amri bilan farishtalar hamyonni quduqdan, tillalarni munofiq er yashirgan joydan olib hamyonning ichiga soldilar va joyiga joylab qo‘ydilar.
Ayol hamyonni qo‘ygan joyidan oldi, faqat hamyondan suv tomchilab turar edi. Ayol uning nega ho‘l bo‘lib qolganini tushunmadi va eriga olib kelib berdi.
U odam ho‘l hamyonning ichidagi tillalarni ko‘rib juda hayron bo‘ldi. Xotinining aytganlari naqadar to‘g‘ri ekanini tushunib yetdi va ayoliga:
“Senga ko‘p zulm qildim, joningga azob berdim, meni kechir” , deya yolvora boshladi. Alloh taologa tavba va istig‘for etdi, Allohning solih qullaridan biri bo‘ldi. O‘sha kundan e’tiboran duo va iltijolarida shunday der edi:
“Yo Rabbim! menga dunyo va oxiratim uchun soliha bir ayol berganing uchun Senga shukr etmoqdan ojizman, meni avf et”.
Soliha ayol esa: “Yo Rabbim! Senga shukrlar bo‘lsinki, duomni qabul etib, juftimni solih bandalaringdan etding”, deya duo qilar edi.
Bu hikoyatdan olinadigan ibrat va hikmatlar ko‘p. Buyuklar demishlarki, “Sabrning o‘zi achchiq, ammo mevasi shirindir”.
Damin JUMAQUL tarjima qildi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bolani ikki yil emizmasdan sutdan chiqarib yuborsa bolani haqqi ota-onada qolib ketmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda ona bolasini ikki yil to‘liq emizsin degan talab yo‘q. Agar sutdan chiqarish bolaga zarar qilmasa, ikki yil bo‘lmasdan turib ham chiqarish joiz. Ikki yilga yetmasdan chiqarsa, bolaning haqqi ota-onada qolib ketdi deyilmaydi. Alloh taolo Baqara surasida bunday marhamat qiladi:
“Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizadilar...”.
Mazkur oyati karima tafsirida mufassir ulamolar: “Emizish muddatini ikki yil deb belgilanishi vojib ma’nosida emas. Bunga “Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa” so‘zi dalolat qiladi. Alloh taolo emizish muddatini oxiriga yetkazishni bandaning xohishiga bog‘lab qo‘yganidan muddatni oxiriga yetkazish vojib emasligi anglashiladi”, deyishgan.
Qolaversa, mazkur oyatning davomida “Agar o‘zaro rozi bo‘lib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh bo‘lmaydi”, deyilgan. Ya’ni ikki yildan oldin er va xotin o‘zaro kelishgan holda, bolaning holatidan kelib chiqib sutdan chiqarishlarida gunoh bo‘lmaydi.
Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh bolani ikki yildan avval sutdan chiqarishda er va xotinning o‘zaro roziligi lozim, ikki yildan keyin esa er yo xotindan birining roziligi bilan chiqarish mumkin, deganlar.
Ammo bolaga emish zarur bo‘la turib, sutdan chiqarib yuborish mumkin emas. Chunki bu unga ochiq-oydin zarar berish bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi