Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Shukr qiluvchining mukofoti

30.09.2018   5081   8 min.
Shukr qiluvchining mukofoti

Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

"Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsaniz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattikdir" (Ibrohim, 7).

Ne’matning salmog‘iga yarasha shukr lozimdir. Ba’zi ne’matlarning shukri tilda "alhamdu lillah" deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne’matlar ham borki, ular­ning shukrini ado etishda til bilan aytilgan hamdning o‘zi kifoya qilmaydi. Masalan, namoz, ro‘za kabi ibodatlarni ado qilish jism ne’matining shukri bo‘lsa, farzand ne’matining shukri ularni imon-e’tiqodli, pok vijdonli, vataniga sadoqatli qilib voyaga yetkazishdir.

O‘tgan  payg‘ambarlardan biri Allohning amri bilan  bir xonadonga tashrif buyurib, ularga o‘zini tanishtirdi. So‘ng ularga dedi: “Alloh taolo sizlarga bir xabarni yetkazishimni buyurdi. U sizlarning umringizni ikki qismga bo‘lib, birini rohat-farog‘at, sihat-salomatlik, iktisodiy kengchilikda, ikkinchisini esa qiyinchilik, mashaqqat, betoblikda o‘tkazishingizni taqdir kilibdi. Alloh taolo sizlarga tanlash ixtiyorini berdi. Qay birini avval bersin, kengchiliknimi yoki mashaqqatli hayotnimi?” Er­­­-xotin kup o‘yladilar. Oila rahbari ayoliga ushbu fikrni aytdi: «Biz yosh va quvvatlimiz, hozir har qanday qiyinchilikni yengishimiz oson kechadi. Shuning uchun qiyinchilikni ixtiyor qilsak-da, keksayganimizda mashaqqatsiz rohatda hayot kechirsak!?» dedi. Ayoli buning aksini – avval yengil va farovon hayotni tanlashni taklif kildi. Ko‘p mulohazalardan keyin er-xotin bir qarorga kelib payg‘ambarga dedilar: «Alloh taolo bizga avval farovon hayotni in’om kilsin». Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdanok Alloh taolo xonadonlariga baraka berdi, iktisodiyotlari yuksalib rohatda yashay boshladilar. Er-xotin bu berilgan rohat-farog‘atning shukronasi o‘larok, kunduzlari ro‘zador, tunlari qoim, quni-qushnilar bilan go‘zal munosabatda, g‘ariblar holidan xabar olib, muhtojlarga yordam kursatib umr guzaronlik kildilar. Berilgan ne’matni isrof kilmay Alloh buyurgan o‘ringa sarf etdilar. Vaqt oliy hakam deganlaridek, payg‘ambar aytgan hayotning ikkinchi kismi, ya’ni qiyinchilik, mashaqqatli davr yetib kelgan edi. Oiladagilar «Endi bizning mashaqqatli  hayotimiz boshlanadi» deya kuta boshladilar. Lekin, aytilgan muddat kelgan bo‘lsada,  hanuzgacha farovon hayotlari tugamas edi. Belgilangan muddatdan ikki yil o‘tib yana o‘sha payg‘ambar tashrif buyurdi. Oila rahbari payg‘ambarga murojaat qilib: «Alloh taolo umrimizni ikki qism kilib quyganligi haqida xabar bergandingiz. Umrimizning bir kismi o‘tib, ikkinchi mashaqqatli hyotimiz boshlanishi kerak edi, lekin hanuz farovon hayot kechirmokdamiz. Ne sabab rohatdagi hayotimiz davom etmokda?» dedi. Payg‘ambar (a.s) «Haqiqatda Alloh taolo   umringizni ikki kisim – farovon va mashaqqatga taqsimlagan  edi. Sizlar Allohning bergan ne’matlarini isrof qilmasdan tug‘ri yulda sarf kilib, shukronalikda hayot kechirganingiz uchun mashaqqatli hayotingizni ham yana farovon hayotga aylantirib berdi» dedi.

Allox taolo oyatning davomida: «Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattikdir" deya ogohlantirdi. Alloh tarafidan berilgan har bir nematning shukri uni tug‘ri yo‘lga sarf qilish orqali amalga oshadi. Chunki ba’zi nodon kishilar Allohning bergan ne’matlarini johillik qilib inkor qiladilar. Shuning uchun o‘zlariga bino quyib  «Men bu qulimdagi mol dunyoni, mansabni, obro‘ni o‘zimning aql zakovatimning zo‘rligidan, serharakatligim, uddabronligim evaziga qo‘lga kiritganman», deb o‘ylaydilar. Yo‘llarida uchragan, Alloh taolo qaytargan gunoh ma’siyatlarga bor budlarini sarf etadilar. Qarabsizki, dunyoni o‘zidayoq  berilgan ne’matga shukr qilib, tug‘ri foydalana olmagani uchun undan mahrum buladi. Oxiratda esa  uning javobi yanada og‘ir kechadi. Ushbu oyat tafsirida ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: «Ne’matga kufronalik qilgan bandasi uchun Allohning  beradigan azobi ikki xildir. Biri noshukurligi sababidan dunyodayoq bergan ne’matini undan olib qo‘yadi. Ikkinchisi esa qiyomat kunida ne’matga kufronalik qilgani uchun uning uqubatini bardavom qilib qo‘yadi» deganlar.    

Ne’matni Allohdan deb bilish kishini Allohga yana ham yaqinlashishga undaydi. Aksincha, shukri ado etilmagan ne’mat esa insonga ofat keltiradi.

"Ruhul-bayon" tafsirida shunday rivoyat keltiriladi: "Bir kuni Iso alayhissalom bir fosiq bilan safarga chiqdilar. Iso alayhissalom safarda yeyishga o‘zlari bilan uch burda qotgan non olib, ularni hamrohlariga berib qo‘yadilar. Yo‘lda u kishi Iso alayhissalomga bildirmay nonning bittasini yeb qo‘yadi. Bir daraxtning yoniga yetganlarida Iso alayhissalom nonushta qilib olishni taklif qilib, kishiga nonlarni xaltadan olishni buyuradilar. U ikki bo‘lak nonni chiqaradi. Buni ko‘rgan Iso alayxissalom undan qolgan bir bo‘lakni ham chiqarishni aytadilar. Fosiq kishi esa unda faqat mana shu ikkita bo‘lakdan boshqa yo‘q ekanini, Iso alayhissalom unga faqat ikkita non berganlarini aytib, har qancha talab qilsalar-da, yeb qo‘ygan nonidan tonadi.

Nonushtadan so‘ng yana yo‘lda davom etadilar. Safar davomida haligi kishi Alloh taoloning Iso alayhissalomga bergan bir nechta mo‘jizalarining guvohi bo‘ladi. Iso alayxissalom unga ko‘rgan mo‘jizalari haqqi-hurmati uchinchi nonni qayerga qo‘yganini aytishni so‘raydilar. U Allohning yagonaligiga, Uning qudratiga dalolat qiluvchi qanchadan-qancha mo‘jizalarni ko‘rgan bo‘lsada, baribir yolg‘on gapiradi, ya’ni unda faqat ikkita non bo‘lganiga qasam ichadi.

Ikki hamroh yo‘lda keta turib, tasodifan qum uyumi ostida yaltirab turgan narsaga ko‘zlari tushadi. Yaqiniga borib qarasalar, uch bo‘lak tillo quymasi ekan. Shunda Iso alayxissalom tillolarni taqsimlashni tak­lif qiladilar va bir bo‘lagi menga, ikkinchi bo‘lagi senga, uchinchi bo‘lagi esa uchinchi bo‘lak nonni olgan kishiga, deydilar. Mana shu vaqt fosiq tilloning uchin­chi bo‘lagiga ham ega bo‘lish maqsadida nonning uchinchi bo‘lagini o‘zi yeganini tan oladi. Shunda Iso alayhissalom unga: “Allohning qanchadan qancha mo‘jizalarini ko‘ra turib tan olmagan narsangni, arzimas dunyo matosiga erishish uchun bo‘yningga olmoqdasan. Demak, sen Parvardigorning ne’mati qadrini bilmaydigan noshukr bandasan, endi sen bilan mening yo‘limiz boshqa-boshqa”, deb fosiqni tark etib ketdilar.

Iso alayhissalomdan ajragan kishi yolg‘iz ketayotganida nogahon oldidan uch nafar qaroqchi chiqib qoladi. Ular uni o‘ldirib, tillolarini bo‘lishib oladilar. Shundan so‘ng qaroqchilardan biri yegulik olib kelish uchun yaqin qishlokdarning biriga ketadi. Qolgan ikkitasi sheriklari yegulik olib kelgach, uni o‘ldirib, tillosini bo‘lib olish rejasini tuzib qo‘yadilar. Taom sotib olishga ketgan qaroqchi ham sheriklarining taomiga zahar solib, ular o‘lgach tillolarini o‘zlashtirib olishni rejalab qo‘ygan bo‘ladi. Shunday qilib, taom olib kelgan qaroqchini sheriklari o‘ldiradi va o‘zlari ham taomdan tatib, zaharlanib o‘ladilar.

Iso alayxissalom tasodifan haligi hamrohi va uchta qaroqchining murdasi ustidan chiqib qoladilar va Allohning bergan halol rizqiga qanoat qilmagan, berilgan ne’matlarning qadriga yetmagan, uning shukrini ado etmagan kishining holi shudur, deb yo‘llarida davom etadilar".

 Manbalar asosida Davlatyorov Muhammadsafoxon tayyorladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   35353   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA