Ibn Qayyim rahimahulloh aytadi: “Sahobai kiromlar urushda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z tanalari bilan himoya qilar edilar. Ular u zot alayhissalomning atroflarida urushib, o‘ldirilardilar”.
Banu Diynor qabilasidan bo‘lgan bir ayol. Uning eri, akasi va otasi Uhudda shahid bo‘ldi. Unga yaqinlari halok bo‘lgani haqida xabar berilganda, u “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima bo‘ldi?” deb so‘radi. Odamlar “Ey Ummu Falon, u zot yaxshilar” deyishdi. Ayol odamlardan “U zot alayhissalomni menga ko‘rsatinglar. Ko‘zim bilan ko‘rayin” deb iltimos qildi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ishora qilishdi. Ayol sevikli Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rgach, “Siz (ni ko‘rganim)dan keyin boshqa barcha musibatlar arzimasdir” dedi.
Ibn Murdavayhi rahimahulloh Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va “Ey Rasululloh, albatta, siz men uchun o‘zimdan ham sevikliroqsiz. Siz men uchun ahli oilamdan ham sevikliroqsiz. Siz men uchun bolamdan ham sevikliroqsiz. Men uyda o‘tirgandim. Sizni esladim. Sizni ko‘ray deb sabrim chidamay, huzuringizga keldim. Endi sizga nazar solay” dedi”.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu aytadilar: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lish men uchun oilam, qarindoshlarimga yaqin bo‘lishdan ko‘ra mahbubroqdir”.
Ibn Murdavayhi rahimahulloh rivoyat qiladilar: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbosga qarata: “Islomni qabul qiling! Allohga qasamki, sizning islomni qabul qilishingiz men uchun Xattobning musulmon bo‘lishidan ko‘ra mahbubroqdir” dedilar.
Umar roziyallohu anhu bu gapni aytishlariga sabab shuki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos roziyallohu anhuning musulmon bo‘lishlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘proq xursand bo‘lishlariga sabab bo‘lardi.
Imom Muslim rahimahulloh Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra biror kishi men uchun sevikliroq emas va ko‘zimga ulug‘vorroq bo‘lib ko‘rinmaydi ham. U zot alayhissalomni ulug‘laganimdan biror marta ko‘zim bilan u zotning yuzlariga tikilib qaray olmaganman. Agar mendan u zotni vasf qilib berishni so‘ralsa, bu ishni qilolmayman. Chunki men u zotning yuzlariga tikilib qaray olgan emasman”.
Is'hoq Tujaybiy rahimahulloh aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Rafiyqul A’loga ko‘chganlaridan so‘ng sahobai kiromlar qachon u zotni eslasalar, boshlari egilib, badanlari titrab, barchalari yig‘lab yuborar edilar”.
Qozi Iyoz rahimahulloh aytadilar: “Shuningdek, tobeinlardan ham ko‘plari shunday edilar. Ba’zilari u zot alayhissalomni yaxshi ko‘rganlaridan, sog‘inganlaridan shunday bo‘lsalar, ba’zilari u zot alayhissalomning haybat va viqorlaridan shunday qilishardi”.
Mus’ab ibn Abdulloh rahimahulloh aytadilar: “Agar imom Molikning huzurida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, u kishining ranglari o‘zgarar, egilib qolar edilar. Hatto bu hol birga o‘tirganlarga og‘ir kelardi. Bir kuni Imom Molik rahimahullohga shu ishlari haqida aytildi. Shunda u zot “Agar sizlar ham men ko‘rgan narsani ko‘rganingizda, mendan sodir bo‘lgan ish uchun meni koyimagan bo‘lardingiz.
Muhammad ibn Munkadirni ko‘rganman. U qurrolarning sayyidi edi. Agar undan biror hadis so‘rasak, u shunaqa yig‘lardiki, bizning rahmimiz kelib ketardi.
Ja’far ibn Muhammadni ko‘rganman. U sertabassum, hazilkash odam edi. Agar uning yonida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr etilsalar, rangi sarg‘ayib ketardi. Uning faqatgina tahoratli holdagina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishini ko‘rganman. Bir muddat uni ziyorat qilganimda, uni faqat uch xislatdan biri ustida ko‘rganman: yo namoz o‘qiyotgan, yo sukut qilib o‘tirgan yoki Qur’on o‘qiyotgan holatda bo‘lardi. Foydasiz gaplarni umuman gapirmas edi. U Alloh azza va jalladan qo‘rqadigan olimlar va obidlardan biri edi.
Abdurrohman ibn Qosim Nabiy sollallohu alayhi vasallamni zikr qilgan paytda, yuziga nazar solinsa, uning yuzidan xuddi qon chiqayotgandek bo‘lardi (ya’ni qizarib ketardi). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haybatlaridan uning og‘zidagi tili qurib qolardi.
Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning ziyoratiga bordim. Uning oldida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, yig‘layverib, hatto ko‘zida yosh qolmas edi.
Zuhriyni ko‘rdim. U odamlarga ulfat, qadrdon kishi edi. Agar uning huzurida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, go‘yo u seni, sen esa uni tanimaydigandek bo‘lib qolar edi.
Safvon ibn Sulaymning oldiga borib turardim. U g‘ayratli obidlardan edi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, yig‘lardi. Yig‘isi davom etaverganidan odamlar o‘rnilaridan turib, uning oldidan ketardilar”.
Imom Molik rahimahulloh Hadisi sharif o‘qiyotganlarida ranglari o‘zgardi. O‘qib bo‘lganlaridan keyin shogirdlari “Boya hadis o‘qiyotganingizda yuzingizda biroz o‘zgarish bo‘ldi. Buning sababi nima, ustoz?” deb so‘rashdi. Imom Molik rahimahulloh “Chayon chaqib oldi” deb javob berdilar. Shogirdlari hayratlarini yashirolmay, “Nega unda hadis o‘qishni to‘xtatmadingiz?” deb so‘rashganda, buyuk imom mana bu olamshumal javobni bergan ekanlar: “RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING SO‘ZLARINI BO‘LGIM KЕLMADI!”
Alloh taolo bizga ham shunday muhabbat ato etsin! Qiyomatda, Jannatda u zot alayhissalom bilan birga bo‘lishimizni nasib etsin!
Internet ma’lumotlaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi