Andalus davlatida bir rohib bor edi. U o‘zi xizmat qiladigan cherkov tomida noyob bir gul o‘stirayotgan edi. Rohibning bir echkisi ham bor edi. Echkisi har-har zamon cherkov tomiga chiqar edi.
Rohib bir kuni gulga qarash uchun tomga chiqqanida gulning uzilganini ko‘rdi. Bundan nihoyatda darg‘azab bo‘ldi. Shu vaqtda cherkov tomida echki ko‘rinib qoldi. Gulni shu echki yegan deb o‘yladi. Jahl ustida echkini tutib olib tomdan pastga uloqtirdi. Bechora echki tap etib yerga tushdi-yu til tortmay o‘lib qoldi.
Bu holni ko‘rgan qo‘shnilar hayvonga nisbatan shafqatsizlik qilganlikda ayblab, rohibni qoziga olib bordilar. Qozi:
– Hayvonlar qilgan ishlari uchun javobgar emasliklarini bilmaysanmi? O‘zi u gulni echki yeganinini qayerdan bilding? Ko‘zing bilan ko‘rdingmi yoki senga echkining yeganini biror kishi aytdimi? – deb so‘radi.
Pohib:
– Yo‘q, ko‘rmadim, ko‘rgan kishi ham yo‘q. Biroq u tomga mendan boshqa hech kim chiqmaydi. Echkini u yerda ko‘rganim zahoti u yegan deb o‘yladim. Unga g‘azab qildim, jazo berishimda haqsizlik yo‘q, – deb o‘zini himoya qildi.
Qozi esa:
– Islomda baroati zimmat asosdir. Bir kishining jinoyat qilganiga guvoh bo‘lmasa, uni jinoyatda ayblab bo‘lmaydi. Boz ustiga hayvonlar qilgan ishlariga mas’ul ham emasdir, Unga bunday jazo berishing zulmdir, – dedi. So‘ngra rohibga hayvonga nisbatan shafqatsizlik qilgani uchun ta’zir jazosini berdi.
Rohib qozining bu hukmini haqsizlik deb o‘ylab norozi bo‘lib yurdi. Uning tushunchasiga ko‘ra, echkisi aybdor edi va uni o‘zi istaganidek jazolashga haqli edi.
Oradan qanchadir vaqt o‘tdi. Bir kuni rohib kimsasiz yo‘lakdan yolg‘iz kelayotgan edi, qarshisidan gandiraklab kelayotgan odamning yiqilib tushganini ko‘rdi. Unga yordam qilaman deb yugurib bordi va u odamning orqasiga xanjar sanchilganiga ko‘zi tushdi. Xanjarni tortib chiqarmoqchi bo‘layotgan choqda shahar muhofizlari kelib qoldi va uni odamni o‘ldirganlikda gumon qilib, tutib oldilar.
Mahkamaga chiqardilar va:
– Taqsir, u yerda rohibdan boshqa hech kim yo‘q edi, shuning uchun u o‘ldirgan deb o‘ylayapmiz, – dedilar.
Rohib bo‘lgan voqeani qanday bo‘lsa, o‘shanday qilib gapirib berdi va o‘zining aybdor emasligini aytdi.
– Voqea sodir bo‘lgan joyda sendan boshqa kimsa bo‘lmasa-da, u odamni sen o‘ldirganingni ko‘rgan birorta guvoh yo‘q. Shu sababli Islom ta’limotiga ko‘ra, seni ayblashga haqqimiz yo‘q, – dedi. So‘ng qozi unga o‘tmishda ko‘rgan bir da’voni xotirlatib:
– O‘shanda sen echkining gulni yeganini ko‘rmasdan turib, unga jazo bergan eding. Agar hozir men ham sen kabi xulosa qilsam, seni qotillikda ayblagan bo‘lar edim. Ammo Islomda aybi isbot etilgunga qadar har qanday inson aybsiz sanaladi. Endi Islom adolatining to‘g‘ri ekanini tushundingmi? – dedi.
Rohib bir g‘ayrimuslim bo‘lishiga qaramasdan, uni ayblashdan ko‘ra oqlashga moyil bo‘lib turgan musulmon qoziga:
– Siz haqsiz, sizning adolatingiz ustundir, – demoqdan boshqa chora topa olmadi.
Damin JUMAQUL tarjima qildi.
AQSHning Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026 yil 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb rasman e’lon qildi. Bu haqda shahar meri tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, mamlakatning shu davr mobaynida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tgani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, proklamatsiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, iqtisodiyot yillik 5–6 foiz atrofida o‘sib borayotgani, ochiq bozor va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchini qamrab oluvchi mintaqaga strategik darvoza vazifasini bajarayotganiga ham urg‘u berilgan. Bu esa savdo, investitsiya, logistika, texnologiya va energetika sohalarida Sietl biznes hamjamiyati bilan hamkorlik uchun katta imkoniyat sifatida baholangan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulligi faoliyati ikki tomon o‘rtasida odamlar, biznes va davlat idoralari darajasida uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
https://t.me/Rasmiy_axborot_official