Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda,
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda,
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
Abdurahmon JOMIY
Islom – ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi din. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanining yorqin dalilidir: "O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bunday deganlar: "Sulaymon ibn Dovud alayhissalomga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birortasini tanlashlik. ixtiyori berilganda, u ilmni tanladi. Natijada, Alloh taolo unga ilm bilan birga mol-dunyo va podshohlikni ham qo‘shib berdi". Zero, ilm – aql chirog‘i deydilar. Ilmli kishining yo‘li doimo charog‘on bo‘lib, u hamma yerda qadrlanadi. Bu dunyoning qoim turishi ham olimlarning ilmiga bog‘liq ekani Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida bayon etilgan. Hazrati Ali roziyallohu anhu shunday deganlar: "Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o‘g‘irlab ketmasliklari uchun o‘zing qo‘riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo‘laveradi".
Kitob – insonnint eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar deb hisoblagan. Shuning uchun kitobta muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimiznint qon-qoniga singib ketgan. Kishining madaniyati uning kitobida aks etadi. Shu ma’noda, butungi kunda kitob o‘qish va unga munosabat bir qadar susaygandek. Chunki yoshlar ko‘proq kino, video, televideniye, kompyuterga berilib ketdi. Kompyuter hozirgi kunda ko‘pgina xonadonlarga ham kirib kelgan. Istalgan yangiligu axborotlarni bu vositalardan xohlagancha olish mumkin. Achinarlisi, bugun kitob o‘qish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Aslida hech bir axborot vositasi, kino yoki videofilm badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, "O‘ttan kunlar" romani asosida ishlangan film qanchalik mahorat bilan suratga olingan bo‘lmasin, kitobning ta’sirini, jozibasini berolmaydi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma’naviyati hisoblanadi.
Xo‘sh, biz insonlar ma’naviy oziqni qayerdan olamiz? Albatta, "bilimlar manbai" bo‘lmish kitobdan. Kitob – bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televideniye va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. "O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman", degan edi o‘z davridagi allomalardan biri.
Darhaqiqat, kitob bizning do‘stimiz hisoblanadi. Lekin afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho-ma’naviy boylikdan bahramand bo‘lish o‘rniga "Internet kafe"larda vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Avvallari na kompyuter, na internet bo‘lgan. Ota-bobolarimiz "Boburnoma", "O‘tkan kunlar", "Mehrobdan chayon" singari bebaho asarlarni o‘qib ulg‘aygan. Xo‘sh bugunchi? Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar internetni kitobdan afzal bilishadi. Shu o‘rinda bu zamonaviy axborat vositasining salbiy oqibatlari ham yo‘q emas. U tufayli bugun kitobga bo‘lgan mehr tobora kamayib boryapti. Unutmaylikki, kitob bizning eng yaxshi do‘stimizdir. Biz qancha ko‘p kitob o‘qiganimiz sari, tushunchamiz shuncha kengayadi. Afsuski, ko‘p yoshlar internetni kitobdan ustun qo‘ymoqda. Bu esa ularni dangasalikka giriftor qilmoqda. Kitob bu – oftob, u – bilimlar sarchashmasi. Kitobni inson tafakkurining qanotlariga o‘xshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng ma’rifatli kishilar jamiyatnint chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma’rifatsizlik, kitob o‘qimaslikning achchiq mevasi. Temirni zang kemirganidek, odamni ham ma’naviyatsizlik mo‘rt qiladi. Ma’naviyat esa insonga kitob o‘qish orqali yuqadi. Har qanday yangilik ham bir kun eskiradi, biroq insoniyatning ming-ming yillar davomida qo‘lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o‘zida jamlagan kitob aslo eskirmaydi.
Binobarin, kitob hamisha ilm-ma’rifat, odob-axloq manbai bo‘lib kelgan. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qddriyatlar ruhda tarbiyalashda ham kitobdan ko‘ra qudratliroq vosita yo‘q. Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobning o‘rni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz boyib, tafakkurimiz yanada o‘sib boraveradi. Ne-ne ulug‘ zotlar kitobga oshno bo‘lib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishganlar.
Kitob – inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi. Kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi. Kitob bilan oshno bola yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayadi. Shuning uchun ham oilada, bog‘cha va maktablarda bolalarning kitobga mehrini, adabiyotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, o‘qituvchilarning vazifasi.
Ko‘p kitob o‘qigan kishining saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, hayotda o‘z o‘rni bo‘ladi. Biroq bugungi kunda qanchadan-qancha kitoblar, kitob javonlari va do‘konlarida shunchaki ko‘rgazma sifatida turibdi. Tabiiy savol tug‘iladi: Nega shunday? Nima uchun kitob o‘qimay qo‘yyapmiz?
Ming afsuski, kitob o‘qish o‘rniga qimmatli vaktini qandaydir bekorchi holatlarga, turli ko‘ngilochar o‘yinlarga sarflayotgan insonlar ham oramizda oz emas. Undaylar fikrlashda, o‘zini tutishda ham ma’naviyati yuksak emasliklarini namoyon etib ko‘yishadi. Texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga texnik vositalar taraqqiylashib, ularga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormokda. Xususan, qo‘l telefonlari, turli internet tizimini bunga misol qilishimiz mumkin. To‘g‘ri, Yurtimizda yoshlarga keig imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki millatimiz sha’nini, milliy g‘ururimizni yuksaltiruvchi bu – yoshlar. Shu bois, turli millat va elatlarning yoshlari kabi o‘zbek yoshlari ham dunyo bilan muloqotda bo‘lishi kerak. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, internetdagi ko‘ngilochar o‘yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo‘lib qolmoqda.
O‘tmishda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari 4 yoshida Fariduddin Attorning "Mantiq ut-tayr" asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish har birimizning o‘zimizga bog‘liq. To‘qlikka sho‘xlik esa o‘zbek millatining yoshlariga xos sifat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yiroq. Ular o‘zlarining hur fikrligi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi. Biroq guruch ko‘rmaksiz bo‘lmagani kabi insonlar orasida ham ma’naviy qashshoq kishilar yo‘q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida "yengil hayot" ixlosmandlari safi ortib bormoqda. Oqibatda kitob o‘kish unutilmoqda. Ma’naviyati sayoz, kitob o‘qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aymaydi.
Shu bois, har bir inson bilimlar kaliti bo‘lmish kitob bilan do‘st bo‘lmog‘i lozim.
Atoqli adibimiz Oybek ta’rificha, kitob – tafakkurning tolmas qanoti. Shu ma’noda aytish mumkinki, kitob – insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Biz shunga erishishimiz kerakki, farzandlarimiz uchun kitob eng bebaho sovg‘a bo‘lsin. Shundagina farzandlarimiz biz orzu qilgandek, ma’naviy yetuk, teran fikrlay oladigan, katta va kichikka mehribon, Vataniga sodiq, insofli, diyonatli va olijanob insonlar bo‘lib kamol topadilar.
Odiljon NARZULLAYEV,
Zangiota tumani “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati