Kuni kecha, 18 sentyabr kuni AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbek boshchiligidagi delegatsiya Diniy idoraga keldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu martabali mehmon bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida muftiy hazratlari diyorimizda diniy ibodatlarni, ma’raka marosimlarni emin-erkin va tinchlik-osoyishtalikda ado etib kelinayotgani hamda yurtimizdagi xayrli islohotlar, ulkan ijrootlar va ilg‘or tashabbuslar haqida so‘zlab berdilar.
Elchi Samuel Braunbek janoblari o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan diniy sohadagi ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, inson haq-huquqlari muqaddas ekani, ayni paytda bu masala mamlakatlar manfaati uchun katta xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Martabali mehmon “Hazrati Imom” majmuasidagi tarixiy obidalar, “Hazrati Usmon Mus'hafi”ni ziyorat qildi va “Baraqxon” madrasasidagi hunarmandchilik ishlari bilan tanishdi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati