Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2026   |   26 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2026, 26 Zulhijja, 1447

Sukut saqlash

17.09.2018   10154   12 min.
Sukut saqlash

Bandalariga nutq qilish, gapirish ne’matini bergan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!

Insonlar ichida eng fasohatli gapiruvchi, lekin ko‘p sukut qiluvchi, maqomu martabasi eng ulug‘ zot – Muhammad alayhissalomga va u kishining ahli baytlari va sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin!

Inson fikrlarini to‘playotgan, amallarini ko‘zdan kechirayotgan, ishlari va ahvoli haqida o‘ylayotgan paytda sukut qilib turadi.

Sukut – mo‘minlar, oqillarning belgilaridan bir belgi bo‘lib, Islom dini insonlarni shunga buyurgan. Alloh taolo bandalarini sukutga buyurgan, gapirish sababli iqobga olishidan ogohlantirgan.

Robbimiz Qur’oni Karimda shunday degan:

مَا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ

“U biror so‘z aytmas, magar huzurida (farishta) hoziru nozir” (Qof surasi, 18-oyat).

Shuning uchun aqlli, balog‘atga yetgan odam yaxshilik, dunyo va oxiratda foyda bo‘ladigan gapni gapirib, boshqa barcha gaplardan tiyilishi kerak. Agar gapirish bilan jim turish teng kelib qolsa, sukut qilish afzaldir. Chunki, gohida muboh gap ham harom yoki makruh gapga olib borishi mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasalam dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!”

Kim yaxshiligi yo‘q gapni gapirsa, lag‘v (befoyda) gapni gapirgan bo‘ladi. Kim ibratsiz nazar solsa, xato qilgan bo‘ladi. Kim fikrlamasdan shunchaki sukut qilsa, ko‘ngilxushlik qilgan bo‘ladi. Asarlarda kelishicha, Yunus alayhissalom Hutning qornidan chiqqanlaridan keyin uzoq vaqt sukut saqlaydigan bo‘libdilar. U kishiga “Gapirmaysizmi?” deyilganda, “Gapirish meni Hutning qorniga olib kirdi-ku” degan ekanlar.

E’tiborsiz qoldirilgan til shaytonning qo‘liga tutqazilgan arqondir. Agar sukut qilsa va gapirmasa, jannat ahlidan bo‘ladi, bordiyu gapirsa, shayton uni istagan paytida istagan tarafga yo‘naltirib yuboradi.

Agar inson tilining tizginini ushlamasa, og‘zi tashlandiq narsalar kirib-chiqadigan eshik, qalbi esa nopok narsalarning to‘xtash joyi bo‘lib qoladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam til bilan qalbning bir-biriga bog‘liqligini bayon etib: “To bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha iymoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. To tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha qalbi to‘g‘ri bo‘lmaydi” deganlar.

So‘z – inson nutq qiladigan harflardir. Aytadigan so‘zi bilan insonning bahosi o‘lchanadi. Inson tilining ostiga berkilgandir. Jim turgan paytda, u haqida hukm chiqarish qiyin bo‘ladi. Agar gapirsa, maqsadi, holi, ishi ayon bo‘ladi, ko‘rinadi. Aqli bo‘sh, befahm odammi yoki o‘z fikriga ega bo‘lgan, dunyoqarashi keng, qadrlimi, barchasi, shuningdek, uning shaxsiyati tili orqali ma’lum bo‘ladi. Hadisda shunday deyilgan: “Odam bolasi tong ottirganda, tana a’zolarining hammasi tilga tanbeh berib: “Bizning to‘g‘rimizda Allohdan qo‘rq! Biz (nima ahvolga tushsak ham) sen sababli (tushamiz). Agar to‘g‘ri bo‘lsang, biz ham to‘g‘ri bo‘lamiz. Agar egri bo‘lsang, biz ham egri bo‘lamiz” deyishadi”.

Nafsda yashirilgan narsa yuzda va til toyilib ketgan paytda zohir bo‘ladi. Aqlli odam gapirishdan oldin aytadigan so‘zini yaxshilab o‘ylab, tekshiradi. Tilni siqlash naqadar go‘zal amal! Inson tilini saqlasa, halok bo‘lmaydi. Solihlardan biri shunday degan: “Gap ham doriga o‘xshaydi. Agar uni ozaytirsang, foyda beradi. Agar uni ko‘paytirsang, o‘ldiradi”.

Chin mo‘min odam doim tili toyilib ketishidan ehtiyot bo‘lib yashaydi. Unday odam amalini ko‘proq qilib, gapini kamaytiradi. Bu esa uning uchun yaxshidir. Gapi ko‘p odam ko‘p gapirganiga pushaymon bo‘ladi. Jim turgan odam esa ko‘p hollarda hech ham pushaymon bo‘lmaydi. Qilingan amal gapirilgan gapning ko‘p yoki ozligiga qarab ko‘p yoki oz bo‘ladi. Odatda ko‘p gapiradigan kishi kam amal qiladigan, kam gapiradigan kishi ko‘p amal qiladigan bo‘ladi.

Mo‘min odam gapiradigan bo‘lsa, o‘ziga, jamiyatiga, yurtiga foydasi bor bo‘lgan gaplarni gapiradi. Luqmoni hakim o‘z o‘g‘liga “Ey o‘g‘ilcham, agar odamlar chiroyli gaplari bilan faxrlansalar, sen go‘zal sukuting bilan faxrlan!” degan ekan.

Bekorchi gap umrni zoye qiluvchi, vaqtni isrof qiluvchi, insonni kerakli, foydali ishlardan to‘suvchi illatdir. Rivoyat qilinishicha, bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida gapirdi va gapi cho‘zilib ketdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga “Tilingni nechta parda to‘sib turadi?” deb so‘radilar. U “Ikki labim va tishlarim” deb javob berdi. U zot alayhissalom: “Sendagi o‘sha pardalar gapingni qaytarib turishga kifoya qilmaydimi?!” dedilar.

Agar kishi gapiradigan bo‘lsa, yaxshilikni, yaxshi gapni gapirsin! Tilini go‘zal narsalarni gapirishga o‘rgatsin! Ko‘ngildagi gapni go‘zal ta’bir bilan gapirish yuksak odob bo‘lib, Alloh taolo mo‘min bandalariga bu odobga amal qilishni buyurgan. Robbimiz Qur’oni Karimda shunday degan:

 

    وَقُل لِّعِبَادِي يَقُولُواْ الَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ الشَّيْطَانَ يَنزَغُ بَيْنَهُمْ إِنَّ الشَّيْطَانَ كَانَ لِلإِنْسَانِ عَدُوّاً مُّبِيناً

“Bandalarimga aytgin, ular eng go‘zal bo‘lgan narsani aytsinlar. Albatta, shayton oralarini buzib turadir. Albatta, shayton inson uchun ochiq-oydin dushmandir” (Isro surasi, 53-oyat).

Chiroyli, yaxshi so‘zlarni aytuvchi kishining Allohning nazdida va odamlarning nazdida qadri ulug‘dir. U Alloh taoloning huzurida jannatda anhorlar bo‘yidadir. Chunki, unday odam faqat Alloh azza va jallani rozi qilish uchun gapiradi. Unday odam insonlar nazdida misoli chiroq bo‘lib, so‘zlari bilan ularning hayot yo‘llarini yoritadi. Insonlar shirinso‘z va yaxshilikni gapiradigan kishilarni yaxshi ko‘radilar, uning oldiga keladilar, unga ishonadilar, undan nasihat so‘raydilar. Natijada u jamiyatning isloh bo‘lishiga sabab bo‘luvchi omillardan biriga aylanadi. Bu maqom-martabalarning hammasi u odamga nima uchun berilyapti? Shirin va xayrli so‘zi uchun.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlar (barcha) odamlarni mollaringiz bilan qamrab ololmaysizlar (rozi qilolmaysizlar). Ularni sizlardan bo‘ladigan ochiqyuzlilik va go‘zal xulq qamrab olsin (rozi qilsin)!”  

Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday deb marhamat qilgan:

 

قَوْلٌ مَّعْرُوفٌ وَمَغْفِرَةٌ خَيْرٌ مِّن صَدَقَةٍ يَتْبَعُهَا أَذًى وَاللّهُ غَنِيٌّ حَلِيمٌ

“Yaxshi so‘z va kechirish, ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Va Alloh g‘aniy va halim zotdir”. («Ortidan ozor keladigan sadaqa»ning keragi yo‘q. Undan ko‘ra bir og‘iz shirin so‘z va kechirimli bo‘lish yaxshiroqdir. Bir og‘iz bo‘lsa ham, shirin so‘z qalbning jarohatiga malham bo‘ladi, kishining ko‘nglini ko‘taradi. Kechirish esa, hasad va yomonlikni yuvib tashlab, o‘rniga muhabbat va do‘stlikni soladi.) (Baqara surasi, 263-oyat).

Ammo badjahl tabiatli kimsa odamlarning dili og‘rishiga, ozorlanishiga parvo qilmaydi. Badjahl, qalbida hasadu adovati bor kimsaning xulqi yuziga ham o‘tib, yuzida tabassum, ochiqyuzlik bo‘lmaydi. Doim baqir-chaqir qilib, odamlarni bezovta qiladi. Unday odamning gapini olmaslik, gapiga e’tibor bermaslik kerak. Islom dini mezoni bo‘yicha unday odamlarning gaplariga quloq solish targ‘ib etilgan ish emas. Ammo muomala qilishda go‘zal xulq bilan muomala qilinaveradi.

Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirishga izn so‘radi. U zot alayhissalom: “Unga izn beringlar. Qavmining buncha ham yomon kishisi u!” dedilar. U kirgach, unga muloyim gapirdilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli! (U kirishidan oldin) aytadiganingizni aytdingiz. Keyin (kirgach), unga gapni yumshoq qildingiz-a?” dedim. U zot alayhissalom: “Ey Oisha! Odamlarning eng yomoni odamlar yomonligidan qo‘rqib, uni tark qilgan kimsadir” dedilar”.

Boshqa rivoyatda: “Albatta, Alloh fahsh ish qiluvchi va fahsh so‘zlarni aytuvchini yoqtirmaydi” deyilgan.

Ba’zi donishmandlar shunday deyishgan ekan: “Agar johillar bilan o‘tirib qolsang, ularning yonida jim o‘tir. Agar olimlar bilan o‘tirib qolsang ham, ularning yonida jim o‘tir. Johillar yonida jim o‘tirishing hilm (halimlik, yumshoqlik)ingni ziyoda qiladi. Olimlar yonida jim o‘tirishing ilmingni ziyoda qiladi”.

Ba’zi hikmatlarda shunday deyilgan: “Oqilning tili qalbining ortida. Gapirmoqchi bo‘lsa, qalbiga murojaat qiladi. Agar foydasi bo‘lsa, gapiradi. Zarari bo‘lsa, gapirishdan tiyiladi. Johilning qalbi esa tilining ortida bo‘lib, xayoliga nima kelsa, o‘ylab o‘tirmay gapiraveradi”.

Inson boshqalar tomonidan aytiladigan yoqimsiz so‘zlarga ham odob bilan javob berishi va ular bilan tortishmasligi kerak. Alloh taolo bunday insonlarni O‘zining sevimli bandalari qatorida zikr qilgan. Qur’oni Karimda shunday deyiladi:

 

 وَعِبَادُ الرَّحْمَنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْناً وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَاماً

“Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu’ ila yuradigan va johillar xitob qilganida, “salom”, deydiganlardir”. (Rohmanning suyukli bandasi bo‘lish sharafiga erishgan inson yer yuzida kamtarlik, sodda va muloyimlik bilan yuradi. Unda takabburlik, manmanlik, vahshatu dahshat, turli soxta ko‘rinishlardan asar ham bo‘lmaydi. Shu bilan birga, bo‘shanglik, irodasizlik, behuda qisilib-qimtinish, o‘zini pastga urishlik ham bo‘lmaydi.) (Furqon surasi, 63-oyat).

Shu o‘rinda bir narsaga e’tiborni qaratib o‘taylik.

Jim turish va gapirishning talab qilingan ko‘rinishi foydali bo‘lgan o‘rinlardagina gapirishdir. Inson har bir gapirgan gapiga mas’ul bo‘ladi. hisob qilinadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda bu haqida shunday degan:

 

 وَكُلَّ إِنسَانٍ أَلْزَمْنَاهُ طَآئِرَهُ فِي عُنُقِهِ وَنُخْرِجُ لَهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كِتَاباً يَلْقَاهُ مَنشُوراً

“Biz har bir insonning amalini bo‘yniga bog‘lab qo‘yganmiz va qiyomat kuni unga kitob chiqaramizki, unga ochilgan holda ro‘baro‘ bo‘lur” (Furqon surasi, 13-oyat).

Bir donishmanddan “Qachon gapiray?” deb so‘ralganda, donishmand “Jim turging kelganda” deb javob bergan ekan. “Qachon jim turay?” deb so‘ralganda, “Gapirging kelganda” degan ekan.

Mo‘min kishi tilini yaxshilik manbai qilib olishi kerak. Tili bilan atrofga xushnudlik, go‘zallik ulashadigan bo‘lishi, dillarni barbod emas, obod qiladigan bo‘lishi, tili bilan odamlarni ajratib yuboradigan emas, birlashtiradigan bo‘lishi kerak.

Mo‘minning gapiradigan gapi to‘g‘ri, rost va yoqimli bo‘lishi kerak. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلاً سَدِيداً يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَمَن يُطِعْ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزاً عَظِيماً

“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va to‘g‘ri so‘z so‘zlanglar. Sizning amalaringizni solih qilur va gunohlaringizni mag‘firat qilur. Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsa, batahqiq, buyuk zafarga erishibdir” (Ahzob surasi, 70-71-oyatlar).

Mo‘min odam har qanday lag‘v (bekorchi) suhbat quriladigan, befoyda gaplar gaplashiladigan majlislardan, joylardan uzoq bo‘lishi kerak. Alloh taoloning quyidagi ikki oyatida shu haqida aytilgan:

 

قَدْ أَفْلَحَ الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ هُمْ فِي صَلَاتِهِمْ خَاشِعُونَ وَالَّذِينَ هُمْ عَنِ اللَّغْوِ مُعْرِضُونَ

“Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu’ qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir” (Mo‘minun surasi, 1-3-oyatlar).

وَإِذَا مَرُّوا بِاللَّغْوِ مَرُّوا كِرَاماً

“Va behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tarlar” (Furqon surasi, 72-oyat).

Tilini ortiqcha gaplardan tiyadigan mo‘min jannatga salomat holda kiradi. Chunki, sukut saqlash va tilni tiyish dunyo va oxiratda najotga erishish sabablaridan biridir.

Uqba ibn Omir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Ey Rasululloh, najot nima?” deb so‘radilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Tilingni saqla, uyingda o‘tir (uyingdagi bor narsaga qanoat qil va ko‘proq uyingda bo‘l), xatolaringga yig‘la” dedilar.

Alloh taolo barchamizni tilini tiyadigan, faqat gapirish foydali bo‘ladigan o‘rinlardagina gapiradigan sevikli bandalaridan qilib, johillar, qo‘pol kimsalar shaxsimizga tegadigan og‘riqli so‘z aytganda ham odob bilan vaziyatdan chiqib ketishimizni nasib etsin!

         Oxirgi duoyimiz: “Olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin”.

 

 

Doktor Xolid ibn Abdulloh Muslihning

maqolasidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida ilk magistrantlar himoyasi boshlandi!

12.06.2026   2203   1 min.
Toshkent islom institutida ilk magistrantlar himoyasi boshlandi!

Bugun, 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida birinchi marta magistrantlarning dissertatsiya himoyasi start oldi! 

Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. 

Ushbu muhim voqeada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, institut o‘qituvchi va talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
 

Institut rektori Uyg‘un G‘ofurov va boshqalar bu tarixiy qadam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy natijasi ekanini, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining samarasi ekanini alohida ta’kidlashdi.



Hozirda Toshkent islom institutida «Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti» hamda «Hadis ilmlari» mutaxassisliklari bo‘yicha jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.

Ilk 10 nafar magistrant o‘qish davomida 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirgani, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlagani e’tirof etildi. 

 Bu himoyalar yurtimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, kelajakda boy ilmiy-pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga va ajdodlarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganishga xizmat qiladi. 

 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Toshkent islom institutida ilk magistrantlar himoyasi boshlandi!
O'zbekiston yangiliklari