Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Qaffol Ash-Shoshiy maqbarasi

15.09.2018   11756   2 min.
Qaffol Ash-Shoshiy maqbarasi

Qaffol Ash-Shoshiy nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Bakr Muhammad ibn Ali ash-Shoshiy (904-976) – islom olimi, muhaddisi va tilshunosidir. U Hazrati Imom nomi bilan taniqli bo‘lgan.

Qaffol Ash-Shoshiy mashhur musulmon ilohiyotchilari va olimlari Imom al-Buxoriy va Muhammad at-Termiziylarning shogirdi va ma’naviy vorisi hisoblangan. Musulmon diniga chuqur e’tiqod qilgan olim Makkani bir necha bor ziyorat qilgan. Vafotidan so‘ng Toshkentda uning qabri ustida maqbara barpo etilgan bo‘lib, u hozirga qadar musulmonlar tomonidan ziyorat qilinadi.

Qaffol Ash-Shoshiyning asarlari bugunda ham qayta nashr etilmoqda. 2007 yilda Bayrutning Dar al-Kutub al-'Ilmiyah (Livan) nashriyoti tomonidan islom fiqhi bo‘yicha “Mahasinu shariat” kitobi chop etildi.
Maqbaraning 10-asrga oid birinchi binosi ham saqlanib qolgan. Sag‘ana birlamchi shaklida saqlanmagan.

Maqbara bu shaklda xonning o‘sha paytdagi me’mori G‘ulom Husayin tomonidan 1542 yilda qurilgan. U asimmetrik gumbazsimon maqbara – honaqodan iborat. Honaqo ziyoratchilarga turar joy sifatida ham berishga mo‘ljallangan. Maqbaraning yonida Qaffol Shoshiyning izdoshi bo‘lgan Xoja Ahror yashagan uy ham saqlanib qolgan.

Ushbu yodgorlik katta tarixiy va badiiy ahamiyatga ega bo‘lib, Hazrati Imom majmui tarkibiga kiradi.

2007 yilda maqbara qayta ta’mirlangan.

Manzil: Zarqaynar ko‘chasi, Chorsu bozoridan sharqda, Hazrati Imom maydoni yaqinida.

 

Kiyinish talablari: O‘zbekistonda ayollar diniy diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilishda tananing ochiq qismlarini (yelkalar, orqa va oyoqlar) yopib yurishi maqsadga muvofiq.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   40432   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari