Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

O‘zbekiston buyuk allomalar yurti

15.09.2018   31075   5 min.
O‘zbekiston buyuk allomalar yurti

Tabarruk diyorimizda kamol topgan ulug‘ muhaddislar, fozilu fuzalolarning nomini butun dunyoda yaxshi bilishadi. Bobokalonlarimiz bilan nafaqat faxrlanish, balki ularning boy ma’naviy merosini tadqiq va targ‘ib etish burchimizdir. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori buyuk mutafakkirlar -xotirasini abadiylashtirish va ilmiy faoliyatini keng o‘rganishga oid ishlar silsilasining yangi bosqichi sifatida tarixiy ahamiyatga ega.


Ushbu hujjatga binoan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan markaz islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qiladi.


O‘zbekiston Buyuk allomalar yurti deganimizda dunyoni o‘z ilmi bilan larzaga solgan hadis ilmining sultoni, betakror ilm sohibi Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, algebra faniga asos solgan Muso al-Xorazmiy, “Astronomiya asoslari” fundamental olamning tuzilishi, yerning o‘lchovi haqida dastlabki ma’lumotlarni IX asrda bera olgan Ahmad Farg‘oniy, ulug‘ qomusiy alloma, birinchi bo‘lib yer shari globusini yaratgan Abu Rayhon Beruniy, meditsina otasi deb tan olingan Abu Ali ibn Sino, “Sharq Aristoteli” deb nom olgan buyuk alloma Abu Nasr Farobiy, 1018 ta yulduzni holatini va joylashuvini XV asrda bayon qilib bergan astronomiya sohasida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek, “Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan, kalom ilmining yetuk allomasi Imom Moturudiy, “Din va millatning hujjati” degan nom bilan ijod qilgan islom huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Marg‘inoniy, “Diling Alloh, qo‘ling mehnatda bo‘lsin” degan purma’no so‘zlar sohibi, dunyoga mashhur bo‘lgan buyuk alloma Bahouddin Naqshband hazratlari, o‘zbek tilining asoschisi, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultoni” bo‘lgan, jahon adabiyoti tarixida porloq yulduz bo‘lib porlagan hazrat Alisher Navoiy va yana shunga o‘xshash minglab aziz avliyo, olimu ulamo, fozilu fuzalolarni misol keltira olamiz. Allohning nazari tushgan olimlarning ona zaminimizda qo‘nim topishlari, shu zamin tuprog‘ida mangu yotishlarida hamhikmatlar bisyor. Shunday ekan tashlayotgan qadamlarimizni, olayotgan ilmimizni, gapirayotgan gapimizni ustozlarga munosib shogirt sifatida amalga oshirishimiz zarur.


Alloh taolo ilm izlashni, ilm o‘rganishni barcha musulmon bandalariga buyurgan. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir:
ya’ni: “…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”, – deb bashorat beradi.
Bundan tashqari Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.)dan ilm va ilm ahllarining fazilati haqida ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan.


Abu Umoma (rz.)dan rivoyat etiladi. U zot aytadilar: “Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida biri obid va biri olim bo‘lgan ikki kishi zikr etildi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Olim kishining obidga nisbatan fazli mening oralaringizdagi eng quyi tabaqa vakiliga nisbatan fazlim kabidir”, – deb marhamat etdilar. So‘ng yana u zot (a.s.): “Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va nihoyat dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat so‘rab duo qilishadi”, – dedilar”. Bu hadisni hamyurtimiz Imom Termiziy ham rivoyat etganlar.

Ilm va ilm ahlining darajasi har qaysi jamiyatda ham yuqori darajaga qo‘yilgan. O‘zbekistonimiz ham ustozlar vatani bo‘lgani uchun ana shunday sharafli nomlarga munosib topishgandir. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sabab bo‘lsa, ustoz unga ta’lim berib ilmini ziyoda qiladi. Bobolarimizdan qolgan odatga ko‘ra namozlaridan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga salovot aytib bo‘lgach, ota-onalari qatorida ta’lim-tarbiya bergan ustozlarining haqlariga ham Yaratgandan mag‘firat so‘rab duo qiladilar. Yoshlarimiz ham ana shu odatni dasturul amal qilib, o‘rganib olishlari, o‘tgan ustozlar haqqiga doimo duolar qilib, hayotda yashab turgan ustozlar duosini olib yashashlari maqsadga muvofiqdir. Bugungi kun yoshlari zamon talabidan kelib chiqib dunyoviy bilimlar bilan birga diniy bilimlarni yoki diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni a’lo darajada o‘zlashtirishlari kerak.
Ustozlar yurti bo‘lgan O‘zbekistonimizda yana ham ustozlar ko‘payishini umid qilib Allohdan so‘rab qolamiz.

A.Boboyev
Shovot tumani “Vayangan bobo” masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

27.08.2026   117131   1 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.

Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.

Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.

Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari