Ayrim kishilar og‘izlaridan noxush hid anqib turishidan shikoyat qilishadi. Mutaxassislar og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi, tishlarning chirishi, yaxshi o‘rnatilmagan protezlar, kechasi olinmaydigan sun’iy tishlar, milkdan ajralma chiqishi, ovqat qoldiqlarining burmalarda yig‘ilishi hamda tozalikka e’tiborsizlik kabilarni bunday noxushliklarga sabab bo‘lishini ta’kidlashadi.
Og‘izdagi mana shu yomon hiddan qutulmoqchimisiz?
Quyidagi fikrlar aynan shu muammoni bartaraf etishda asqotadi deb umid qilamiz.
Shifokorlar o‘rganishlar natijasida og‘izdan yomon hid kelishining yuqoridagi sabablari qatorida yana bir asosiy sababini aniqladilar. Ular “Og‘izdan yomon hid kelishiga eng ko‘p sabab til yuzasidagi qoldiqlardir” deyishyapti. Ushbu qoldiqlar bakteriyalardan iborat bo‘lib, ovqat qoldiqlarini parchalovchi xususiyatga ega. Ana shu parchalash jarayonida og‘izdan yomon hid keladi.
Tish shifokorlari “Bu muammoning yechimi – og‘izda qolgan ovqat qoldiqlaridan xalos bo‘lishdir” deyishyapti.
Jumladan, AQSHning Ogayo shtatidagi klinikilardan birining vrachi doktor Filip Shrayden “Tilga qo‘shimcha ravishda tishlaringni ham cho‘tka yoki ip bilan tozala. Shunda sog‘lik va tozalik bo‘ladi” deydi.
Bu aytilganlardan ma’lum bo‘ldiki, tish bilan bir qatorda tilni ham tozalash og‘izdagi mikroblarni va yomon hidni yo‘qotish uchun eng afzal yo‘ldir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizga aynan shu uslubni tavsiya qilgan edilar. Keling, mana bu hadisga quloq tutaylik:
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdim. Misvokning bir tarafi tillari ustida edi”. Imom Muslim rivoyati.
Sunnati mutohharadan ma’lumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tishlari va og‘izlarini tozalashga qattiq e’tibor berar, bir kunda besh martadan ko‘proq yuvardilar.
Stomatologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Bu kasalliklarga shifo bo‘ladigan dori-darmonlar, vositalarni zikr qilish bilan bir qatorda mutaxassislar bunga eng yaxshi davo deb misvokni e’tirof qilishadi.
O‘n to‘rt asrdan buyon o‘zining beqiyos ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan shifo uslubi, shaksiz misvok qo‘llashdir. Misvok hozirgi kunda do‘konlarda (ayniqsa masjidlar yonlarida) sotilayotgan arzon va hammabop gigiyenik vositadir. Hattoki, undan olingan maxsus tish pastasi ham o‘ta qulayligi bilan ajralib turadi.
Misvok ishlatishning ko‘plab foydalari bor. Misvok og‘izni poklovchi, Parvardigorning roziligini topishga yordam beruvchi, farishtalarni xursand qiluvchi, ko‘zga ravshanlik bag‘ishlovchidir. U yoqimsiz hidlarni, tishlarning kasallanishini ketkazadi, tishlarni esa oqartiradi, milklarni baquvvat qiladi, taomni hazm qilishga yordam beradi, balg‘amni kesadi, namoz savobini ko‘paytiradi, Qur’on yo‘lini toza qiladi, fasohatni ziyoda qiladi, me’dani quvvatlantiradi, shaytonni g‘azablantiradi, yaxshiliklar savobini oshiradi, achchiqni kesadi, asab torlarini tinchlantiradi, tish og‘rig‘ini bosadi, og‘iz hidlarini xushbo‘y etadi, jon chiqishini osonlashtiradi.
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining o‘gitlari bilan zamonaviy tib ilmining stomatologiya sohasiga bundan o‘n to‘rt asr muqaddam tamal toshini qo‘yib ulgurgan edilar.
Abduddoim Kahel maqolasi va
ISLOM.UZ portali ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.