Dunyo dunyo bo‘lganidan buyon har narsaning oxiri ayriliq ekaniga boq.
Bu jahonga kelgandan keyin ketmaganni kim ko‘ribdi?
Keksalar suhbatidan (“Hidoyat” jurnali)
* * *
Jamoat transportida ketyapsiz. Tiqilinch. Yo‘lovchilardan biri ulovdan tushish uchun hammani turtib-surtib oldinga intiladi. Qo‘lingizdan kelgancha unga oson bo‘lsin deb harakat qilasiz. Shunga qaramay, u tushish oldidan zahrini sizga sochadi: “Sal surilsangiz bo‘lmaydimi?!”
Shunday paytda nima qilamiz? Xotirjam, maqola o‘qib o‘tirganimizda miyig‘imizda kulib qo‘ya qolamiz. Chunki ichida bo‘lmay turib holatga aniq baho berish oson emas. Lekin o‘sha joyda yo‘lovchi zahrini sochgan odam biz bo‘lsak-chi? Tabiiy, o‘rnida javob qaytaramiz, “haqimiz”ni yedirmaymiz. Chunki aybsiz holda, indamaygina ketish juda qiyin.
Bu hol esa mo‘min bo‘lish oson emasligining bir dalilidir. Mo‘min ham odam, uning ham g‘azabi, izzat-nafsi, og‘riqlari, dardu alamlari bor. Uning ham ozor chekkan paytida boshqalardek baqirib-chaqirgisi, jahl qilgisi, alamini nimalardandir olgisi keladi. Biroq har qanday holatda oxirini o‘ylaydi, bu ishidan dunyosidan ham ko‘ra, oxiratiga yetadigan ziyonni hisobga olib, o‘zini bosadi...
Ruhiyatshunos asabiylashgan paytda boshqalarga jahl qilishdan saqlanish uchun kimsasiz joyda buyumlarni urib-sindirish, hech bo‘lmasa, qog‘oz parchalash yordam berishi mumkinligini aytadi. Yana kimdir ranjitgan odamning rasmini qo‘yib, nishon o‘rnida foydalanishni tavsiya qiladi. Mo‘min esa qaraydi – biror buyumni sindirish isrof, suratni nishonga olish ham yarashadigan ish emas. Eng zararsizi – qog‘oz parchalashni tanlaydi, biroq bundan ham biror natija chiqmasligini anglaydi. Yana har galgi amali – sabr va namoz bilan Allohdan yordam so‘rash uchun tiz cho‘kadi...
* * *
Bir kun hamma narsa tugaydi, umrimiz ham. Oxirat safarida yonimizda amallarimizdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Ibodatlarimiz qay ahvolda? Bandalik burchlarimizni, mas’uliyatlarimizni qanday bajaryapmiz?
Mo‘min bu savollarni berib, o‘zidan hisob so‘raydigan, har bir ishi, aytar so‘zining natijasini, oxirini o‘ylaydigan, amallarida ixlosli, Alloh taolodan qo‘rqib, umidini ham yo‘qotmagan holda ibodat va harakatlariga nozik yondashgan kishidir.
Mo‘min odam Alloh taoloning rizosiga erishish maqsadida U Zotga xolis, samimiy itoat qiladi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytdilar: “Men sizlar uchun eng qo‘rqadigan narsa kichik shirkdir”. As'hobi kirom so‘radi: “Yo Rasululloh, kichik shirk nima?” “U riyodir”, dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam). Keyin bunday davom etdilar: “Alloh taolo qiyomat kuni hammani amallari uchun hisobga tortganida: “Boringlar, riyo qilgan kishilaringiz oldiga, qaranglar-chi, ularning huzurida biror mukofot toparmikansiz?” deydi» (Imom Ahmad rivoyati).
Har zarraning hisobi qilinadigan ulug‘ kunda hech banda amallari zoye bo‘lishini istamaydi. Nafsoniy aldanish kishini ko‘r va kar qiladi. Xo‘jako‘rsinga o‘qilgan namoz, odamlar saxiy deyishlarini xohlab, berilgan sadaqa, biror manfaat, kimgadir yoqish uchun qilingan yaxshilik, adolat kabilar nafsni oziqlantirishdan boshqa narsa emas.
* * *
“Oxirini o‘ylagan qahramon bo‘lolmaydi”, deyiladi bir filmda. Balki oxirini o‘ylagan qahramon bo‘lmas, ammo mo‘min bo‘ladi. Zero, mo‘minlikning o‘zi qahramonlikdir. Fikrimiz isboti uchun unga haqsizlik qilishganida jahlini ichiga yutib, sukut saqlay olishini va Payg‘ambarimizning (alayhissalom) “Odamlar yengolmagan kishi emas, g‘azablanganida o‘zini bosa olgan kishi haqiqiy pahlavondir” (Imom Buxoriy rivoyati), hadisi shariflarini eslasak, kifoya.
Zumrad FOZILJON qizi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi