Bugun, 12 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat olib borayotgan masjidlar imom-xatiblari, diniy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari ishtirokida video-selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda imom-xatiblarning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatlari natijalari, amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi vakillari, viloyat, tuman-shahar bosh imom-xatiblarining ish faoliyatlarining samaradorligini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda yurtimizdagi tinchlik xotirjamlikni qadriga yetish, hozirgi kunda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlarni keng xalq ommasiga yetkazish hamda imom-xatiblarning oldida turgan dolzarb vazifalar, e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlarga alohida urg‘u berildi.
Yig‘ilish so‘ngida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Imom-xatiblarning navbatdagi videoselektor yig‘ilishida muhokama etilgan masalalarni keyinroq batafsil yoritamiz.








O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Namangan viloyatida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ishga taqsimlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh Samadov hamda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon Mirzaboyev bitiruvchilarni ishga taqsimlashga doir masalalarga to‘xtalishdi.
Ma’lumot uchun, "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bu yilgi bitiruvchilari soni 35 nafar bo‘lib, yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib va imom noibi vazifalariga tayinlanadi. Ta’limni davom ettirmoqchi bo‘lganlar esa Toshkent islom instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Shuningdek, ta’lim muassasasida “Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib, yosh avlod qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini sayqal toptirish hamma davrlar uchun muhim vazifa sanalib kelishini ta’kidladi.
Tadbirlar so‘ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, xayrli duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati