Abdulloh saxovatli, qalbi yumshoq kishi edi. Uni Ahmad ismli kambag‘al qo‘shnisi bor edi. Bir kuni Ahmad ko‘p molga muhtoj bo‘lib qoldi. Lekin... Unga ko‘mak beradigan kishi topilmadi. Oxiri oqibat uyini sotishga qaror qildi.
Xaridorlardan biri Ahmadga:
- Qancha deyapsiz?
- Ming dinor.
- Ming... Atrofda bunday uylar besh yuz dinor turadi-ku? Narxini oshirib yubormadingizmi? Insof qiling.
-To‘g‘ri aytasiz birodar. Lekin bu uyning qo‘shnisi saxovatli, yaxshi inson. Ismi Abdulloh. Kasal bo‘lsam ko‘rgani chiqadi. Hol ahvol so‘raydi. Xursand bo‘lsam sevinadi. Xafa bo‘lsam hamdard bo‘ladi. Shu hovlida yashayotganimdan beri bir og‘iz yomon gapini eshitmaganman. Xaridor Ahmadning gaplarini eshitgach: “Kimning Abdulloh kabi qo‘shnisi bo‘lsa, uyini sotmasligi kerak”- dedi.
Abdulloh qo‘shnisi va xaridor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gaplarni eshitib xafa bo‘ldi. Chunki qo‘shnisi pulga ehtiyoj sezib qolganini undan yashirgandi. Abdulloh darhol Ahmadning oldiga borib, ey aziz qo‘shnim! Sizga qancha pul kerak bo‘lsa mana oling, deya bir xalta hamyonni chiqardi. Uyingizni sotmang. Men sizga qo‘shni bo‘lib qolishni xohlayman.
Bu voqea xalq orasida tarqalib, zarbul masalga aylandi. (Voqea qahramoni bo‘lgan mehribon qo‘shni Abdulloh – mashhur Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh edi).
Yana bir ibratli voqea.
Bir kishi do‘stidan uyida sichqon ko‘payib ketganini aytib, undan qanday xalos bo‘lish mumkin deb so‘rabdi.
- Shuni ham bilmaysanmi? Mushuk boqib qo‘y. Olam guliston! Hammasidan bir kunda qutilasan, qo‘yasan.
- Men ham avvaliga shunday deb o‘ylagandim. Qarasam meni uyimdagi sichqonlar qo‘shnimning uyiga o‘tib ketar ekan. Sichqonlar qo‘shnimga ozor berganidan ko‘ra, o‘zimning uyimda yurgani ma’qul.
Xulosa shuki, yoshi katta insonlar o‘z farzandlariga shu kabi tarbiyaviy ahamiyatga ega ibratli voqealarni aytib, ularning murg‘ak qalbida qo‘ni-qo‘shnilarga nisbatan go‘zal muomalani shakllantirishi lozim. Zero, bizning ham qilayotgan ishlarimiz kelgusi avlodga ibrat maktabi bo‘lib qolsin.
O‘MI Andijon viloyati vakilligi matbuot kotibi
Iskandarbek Zokirov
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati