O‘zbekiston va Misr Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralarida savdo-sotiq va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shu maqsadda mamlakatlarimiz imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha katta imkoniyat va zahiralar borligini ta’kidladi. O‘zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar va xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekiston Misr bozorida talab yuqori bo‘lgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi.
Misr O‘zbekistonga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, teri va plastik mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini taklif qildi.
Bu boradagi loyihalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya ishini faollashtirish, O‘zbekiston – Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi. Eksport qilishda transport xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega mamlakat. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham ushbu tarmoq jadal rivojlanmoqda. Muzokaralarda bu sohadagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekistondagi qadimiy shaharlar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlarni ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Toshkent, Qohira va Xurgada o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishildi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida faol hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.
Muzokaralarda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohadardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati