Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

«Muhammad sollallohu alayhi vasallam – ikki olam sarvari»

04.09.2018   17717   21 min.
«Muhammad sollallohu alayhi vasallam – ikki olam sarvari»

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam – yuksak balog‘at va fasohat sohibi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fasohatli (aniq va ravon) til sohibi hamda gapni ravshan va ochiq ifodalab beruvchi zot edilar.

U zotga Alloh taolo tomonidan purma’no so‘zlar, xislatli hikmatlar, balog‘atli[1] va’z-nasihatlar bilan xitob qilish iste’dodi, muhkam (aniq, ishonarli, qat’iy) dalillar bilan uzil-kesil hukm chiqarish mahorati ato qilingan edi. Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qilganlar: «Men ummiy (o‘qish-yozishni o‘rganmagan) payg‘ambar – Muhammadman (buni uch marta aytganlar), mendan keyin birorta payg‘ambar bo‘lmaydi. Menga kalomning boshiyu oxiri[2] va javome’lari[3] ato qilindi».[4]

Boshqa bir rivoyatda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarda turib: «Ey insonlar! Menga purma’no so‘zlar va ularning xotimalari ato etilib, men uchun juda muxtasar qilindi», deganlar.[5]

Bir kuni hazrati Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Ey Allohning Nabiysi, qanday qilib siz oramizda bo‘la turib, fasohat bilan so‘zlaydigan bo‘ldingiz, holbuki hech qayerga chiqmagan bo‘lsangiz? (Ya’ni o‘qish-yozishni o‘rganish uchun biror kishining huzuriga qatnamagan bo‘lsangiz)», deb so‘raganida u zot: «Ismoil alayhissalomning (so‘zlashgan fasohatli) tili unutilib ketgan edi. Jabroil alayhissalom ana shu tilni menga olib keldi, men uni yodlab oldim», deb javob berganlar.[6]

Payg‘ambar alayhissalomning biror muallimdan dars olmay turib, shunday fasohatu balog‘at bilan so‘zlashlari Alloh taoloning u zotga bergan ulkan ne’matidir. Payg‘ambar alayhissalomning hadislarini, siyratlarini o‘rganib chiqqan juda ko‘p olimlar bu haqiqatni e’tirof etganlar. Payg‘ambar alayhissalom gapirganlarida har bir so‘zni aniq-tiniq talaffuz bilan dona-dona qilib gapirardilar. So‘zlari xuddi marjonga terilgan durlar kabi edi.

Johiz rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kalomlarini tavsiflab, shunday deydi: «Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomning kalomlarini tinglovchida u zotga nisbatan muhabbat uyg‘onadigan darajada ziynatlab qo‘ydi. Kalomlarida haybat bo‘lishi bilan birga, eshitgan odam halovat ham topardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada tushunarli, dona-dona qilib so‘zlardilarki, aytadigan gaplarini qayta takrorlashga hojat qolmasdi. Ul zotning ibora va jumlalaridan biron-bir so‘z tushib qolmas, gapirishda tutilib qolish holatlari kuzatilmas, keltirgan hujjat-dalillari befoyda ketmas, so‘zlarini eshitib turgan biror-bir notiq u zotga qarshi fikr bildirib, gaplarini bo‘la olmas edi. Faqat rost so‘zlar bilangina hujjat keltirardilar. Insonlar ul zot sollallohu alayhi vasallamning kalomlaridan ko‘ra manfaati ko‘proq, ishonchliroq biror-bir kalomni eshitmaganlar».

Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning fasohatlarini: «Men arablardan qandaydir ajoyib, nodir so‘z eshitgan bo‘lsam, faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman. Men Rasulullohning «Maata hatfa anfihi»[7]deganlarini eshitganman. Bunday so‘zni ilgari biror arabdan eshitmagan edim», deb tavsiflaydilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kalomlari shu darajada ravshan va ochiq-oydin ediki, unda biror-bir ortiqchalik ham, kamchilik ham bo‘lmasdi, hatto yonlaridagi kishi gaplarini yodlab oladigan darajada tushunarli gapirardilar.

Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlarga o‘xshab shoshilib gapirmasdilar, balki shunday ochiq-oydin va dona-dona qilib gapirardilarki, u zot bilan birga o‘tirgan kishi gaplarini bemalol yodlab olardi».

Yana Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday gapirardilarki, so‘zlarining harflarini sanamoqchi bo‘lgan kishi sanashga ulgurardi».

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror gapni gapirsalar, (agar ehtiyoj bo‘lsa) uni uch marta takrorlardilar».

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni «Sizdan fasohatliroq kishini ko‘rmadik» deb maqtaganlarida, ul zot: «Alloh taolo meni lahhonlardan[8] qilmadi, Alloh taolo men uchun eng yaxshi kalom bo‘lmish kitobi – Qur’oni Karimni tanladi», deb javob berganlar.[9]

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fasohat bilan so‘zlashni maqtardilar. Jumlalarning ma’nosini buzib, qo‘pol gapirishdan qaytarardilar. Shuning uchun Abbos roziyallohu anhu: «Go‘zallik nima?» deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Til», deb javob berganlar.[10]

Boshqa bir rivoyatda Abbos roziyallohu anhu: «Kishidagi go‘zallik nima?» deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tilining fasohatliligi», deb javob berib, «Ravon gapiradigan kishiga Alloh taolo rahmatini yog‘dirsin!» deb duo qildilar.[11]

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fasohatlari shu darajada ediki, har bir qavmga o‘sha qavmning tiliga xos fasohat bilan xitob qilar, o‘sha qavmning shevasida gaplashar hamda ularning tillariga oid balog‘at masalalari bo‘yicha bahslasha olar edilar. Bu holatni kuzatgan sahobalar ko‘pincha u zotdan boshqa shevada aytgan gaplarini sharhlab, izohlab berishlarini so‘rashardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Quraysh, Ansor, Hijoz va Najd xalqi bilan qilgan suhbatlari Xazramavt va Yaman podshohlari bilan bo‘ladigan suhbatlariga sira o‘xshamas edi (ya’ni ul zot sollallohu alayhi vasallam podshohlar bilan bo‘lgan suhbatlarida o‘sha podshohlarning tili, fasohati va balog‘atida gaplashardilar. Ular bilan gaplashishda qo‘llaydigan so‘zlari Quraysh va ansorlarga nisbatan ishlatadigan so‘zlaridan farq qilardi. Shu o‘rinda so‘zlashuv uslublari farqli ekanini bildirish maqsadida arab tilidagi so‘zlarni o‘zbek yozuvida ifodalab, yonida izohini keltirib o‘tdik).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hamadonga shunday maktub yozgan edilar: «Albatta, sizlar Hamadonning fara’i (yerning tepaliklari), vuhoti (pastliklari), azozi(biror kishi egalik qilmaydigan bepoyon qattiq yerlari)ga egalik qilasizlar. O‘sha joylarning alofi (podalar o‘tlaydigan o‘tlar)da podalaringiz o‘tlaydi hamda afolari(biror kishi egalik qilmaydigan, kimsasiz joylari)da podalaringizni boqasiz. Modomiki (Hamadon xalqi) ahdu paymon va omonatlarini (zakotlarini) topshirar ekanlar, Hamadonning daf’ilari (tuya, qo‘ylari) va suromlari(xurmo daraxtlari yoki xurmo mevalari)gina bizga tegishlidir. Sadaqaning salb (tishlari to‘kilgan qari tuyalar), nob (qari tuyalarning urg‘ochisi), foridud dojin (qari sigir), kabshul havoriyi (qo‘ylarning katta yoshli qo‘chqor) ularnikidir. Zimmalarida sadaqaning solig‘i (yoshi oltiga to‘lgan qo‘y va sigir) va forihi (besh yoshli tuya va otni bizlarga yuborish vazifasi) bor».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Nahd ahliga ham shunga o‘xshash maktub yozganlar: «Allohim, ularning mahdi(qaymog‘i)ga, mazqi(qorishma suti)ga barakot ber. Podachilarini dusur(unumdor, serhosil yerlar)ga yubor, podachining samadi(oz miqdordagi suvi)ni mo‘l-ko‘l qilib ber hamda mollari va farzandlariga baraka yog‘dir. Kim namozni ado qilsa, u (komil) mo‘min bo‘ladi, kim zakotni bersa, g‘ofil bo‘lmaydi, kim «Laa ilaaha illalloh» deb guvohlik bersa, musulmon bo‘ladi. Ey Nahd urug‘i, sizlar uchun vadoi’ushshirk (urushdan keyingi o‘zaro kelishilgan ahdu paymonlar) va vazoi’ul mulk (mulk soliqlari) lozimdir. Namoz borasida dangasalik qilmanglar, zakotni man qilmanglar hamda hayotda haq yo‘ldan og‘manglar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nahdliklarga farz topshiriq borasida ham quyidagicha maktub yozganlar: «Foriz (qari sigir), farish (yosh sigir), zul inonir-rukub (miniladigan tuya), filvuz-zobis (minish qiyin bo‘lgan toychoq) sizlargadir. Modomiki ichingizda rimoq(nifoq, munofiqlik) saqlab yurmasangiz (ya’ni qalblaringiz haqqa bo‘ysunishdan bosh tortmas ekan), riboq(arqon) yemas ekansiz (o‘rtamizdagi kelishuvni buzmas ekansiz), sizlarning sarhlaringiz (kunduzi yaylovda o‘tlab yuradigan podalaringiz) man qilinmaydi (o‘tlashdan to‘sib qo‘yilmaydi), tolhingiz (mevasiz daraxtlaringiz) kesilmaydi, shuningdek, darringiz (sut beruvchi chorvalaringiz) ham yaylovdan to‘silmaydi. Kim (bizning aytganlarimizga) amal qilsa, kelishuvni bajargan bo‘ladi. Kim kelishuvdan bosh tortsa, uning zimmasiga (zakotdan tashqari jazo o‘laroq olinadigan) ziyoda narsa yuklanadi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Voil ibn Hajar orqali Yaman podshohlariga bir necha maktublar yuborganlar. Ularning birida shunday yoziladi: «Bir ti’ada (qirqta qo‘y yoki tuyadan beshtasida) miqvaratil alyot (nuqsonli, ozg‘in) ham bo‘lmagan, zonnok (semiz) ham bo‘lmagan bitta qo‘y, sabaja (o‘rtacha qo‘y), suyubdan (qazilma konlardan) beshdan biri beriladi. Kim bikr bilan zino qiladigan bo‘lsa, uni yuz marta fasqo’uhu (darra uringlar), bir yilga fastavzuhu (surgun qilinglar), kim juvon bilan zino qiladigan bo‘lsa, uni azomim (toshlar) bilan fazrojuhu (toshbo‘ron qilinglar). Dinda tavsim (ayb va uyalish hamda Allohning hadlarini ado qilishda dangasalik) yo‘qdir, Alloh taoloning farzlarida g‘umma (berkitish, taraddudlanish) ham yo‘qdir. Har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Voil ibn Hajar aqyolga (Hazramavt podshohlariga) tarafful (boshchilik) qiladi».

Yuqorida matni keltirilgan maktublarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan xitob qilinayotgan qavmlar va podshohlarning so‘zlashgan tili, balog‘atu fasohati biz bilgan hozirgi arab tilidan farqli bo‘lgan. Ya’ni ularning shevasida turli farqlar bor edi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar uchun nozil bo‘lgan Qur’oni Karimni ularning holatlariga mos ravishda, iste’mollari, odatiy so‘zlashadigan so‘zlariga qarab bayon qilganlar.

Atiyya Sa’diydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ustun, oliy qo‘l muntiya (beruvchi) qo‘ldir.Ostki, quyi qo‘l esa muntot (oluvchi) qo‘ldir», deganlar. O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan o‘z lahjamizda gaplashgan edilar».

Bir kuni Omiriy roziyallohu anhu savol so‘rash maqsadida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Shunda u zot (arab tilidagi «xohlagan narsangni so‘ra» ma’nosini anglatadigan «sal ’ammaa shi’ta» deyish o‘rniga) «sal ’anka», dedilar. Payg‘ambar alayhissalom ishlatgan bu ibora Omiriy roziyallohu anhuning lahjasiga mos kelar edi.

Siyrat ulamolari Payg‘ambar alayhissalomning kundalik turmushda, insonlar bilan muomalada ishlatgan gap-so‘zlari, va’z-nasihat qilganlarida aytgan hikmatli gaplari va go‘zal iboralari, qo‘yingki, shu boradagi barcha-barcha ma’lumotlarni to‘plab, juda ko‘p kitoblar yozganlar. Sevimli Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadislarini o‘zida mujassam etgan kitoblar olamiga kirar ekansiz, o‘zingizni xuddi mevali daraxtlari ko‘p bo‘lgan go‘zal bir boqqa kirgandek his qilasiz. Qalbingiz xotirjamlik va sururga to‘lganidan, bu olamdan aslo chiqib ketgingiz kelmaydi. Quyida biz ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning ana shu bo‘stondan terilgan mevalar yanglig‘ purma’no so‘zlari va go‘zal nasihatlaridan ba’zilarini siz azizlarga havola qilamiz:

  • «Amallar niyatga bog‘liqdir».[12]
  • «Amal qiluvchining amalidan faqatgina niyat qilgani bo‘ladi. Mo‘minning niyati amalidan yaxshi­roqdir».[13]
  • «Urush xiyladir».[14]
  • «Jinoyatchi faqat o‘z zarariga jinoyat qilgan bo‘ladi».[15]
  • «Haqiqiy jasoratli va kuchli kishi – odamlar ustidan g‘olib bo‘lgan kishi emas, balki o‘z nafsi ustidan g‘olib bo‘lgan kishidir».[16]
  • «Kuragi yerga tegmagan pahlavon emas. Haqiqiy pahlavon g‘azab kelgan vaqtda uni yenga olgan kishidir».[17]
  • «Eshitilgan xabar ko‘rganchalik emasdir».[18]
  • «Majlislar(da aytilgan gap-so‘zlar) omonatdir».[19]
  • «Balo tilga bog‘liqdir».[20]
  • «Yomonlikni tark qilish ham sadaqadir».
  • «Baxillikdan ham yomonroq illat bo‘lishi mumkinmi?»[21]
  • «Hayoning turgan-bitgani yaxshilikdir».[22]
  • «Yolg‘on qasam ichish yurtni sahro holatiga olib keladi».[23]
  • «Qavmning sayyidi (boshlig‘i) ularning xizmatchisidir».[24]
  • «Ilmning fazilati ibodat fazilatidan yaxshi­roqdir».[25]
  • «Savobi eng tez yetadigan yaxshilik – o‘zgalarga yaxshilik qilish va silai rahmdir (ya’ni yaqinlar bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lash). Jazosi va azobi tez keladigan yomonlik esa birovga zulm qilish va qarindoshlikni uzishdir».[26]
  • «Ba’zi bayon(nutq)larda sehr, ba’zi ilmlarda jaholat, ba’zi she’rlarda esa hikmat bor».[27]
  • «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar ularga beparvodir: sihat-salomatlik va bo‘sh vaqt».[28]
  • «Makr-hiyla va firibgarlikning olib boradigan joyi jahannamdir».[29]
  • «Maslahat beruvchi (undan so‘ralgan masalalar borasida) ishonchlidir».[30]
  • «Nadomat – tavbadir».[31]
  • «Yaxshilikka sabab bo‘lgan odam xuddi uni qilgan odam kabidir».[32]
  • «Bir narsani yaxshi ko‘rishing seni ko‘r va kar qilib qo‘yadi».[33]
  • «Eng yaxshi mol – uxlaganingda ham oqib turuvchi buloqdir». Bu hadisning ma’nosi: Mol-mulkning eng yaxshisi manfaati doimiy bo‘lgan moldir, xuddi odamlar ichsin deb tekinga topshirib qo‘ygan buloq kabidir. Egasi uxlab yotsa ham, buloq kechayu kunduz oqaveradi, savobi ham egasiga yozilaveradi.
  • «Eng afzal mol – ko‘p bolalovchi biya va chetlariga xurmo ekilgan yo‘lakdir».[34]
  • «Amali ortga surgan odamni nasabi oldga sura olmaydi».[35]
  • «Bir-biringizni ziyorat qilib turinglar, o‘zaro mu­hab­bat z???????????iyodalashadi»
  • «Bu din mustahkamdir. Sen unga muloyimlik ila kirgin».[36] Boshqa bir rivoyatda quyidagi ziyodalar keltirilgan: «Boshqalardan uzilib o‘zi yolg‘iz qolgan kishi ko‘zlagan joyiga yetib bora olmaydi, tuyasini ham sog‘ qoldirmaydi».[37] Hadisning ma’nosi: Yolg‘iz qolgan kishi oldindagilarga yetib olish maqsadida ulovini ayamay, unga toqati yetmaydigan narsalarni yuklaydi. U bu holatida qancha shoshilmasin, na ko‘zlagan yeriga yetib oladi va na tuyasi sog‘ qoladi.
  • «Oqil odam – o‘zini sarhisob qilib, o‘limdan keyingi holatni o‘ylab amal qiladigan kishidir. Ojiz odam esa havoyi nafsiga ergashib, Alloh taolodan ko‘p (narsani) umid qiladigan kishidir».[38]
  • «Qalbingiz bir (yomon) narsaga taraddudlansa, uni tark qiling (qalbda kechadigan turli vasvasalarga e’tibor bermang)»[39].
  • «Ayolga chiroyi, moli, dini hamda nasabi uchun nikohlaniladi. Sen dindorini tanlagin, baraka topkur».[40]
  • «Qish fasli musulmonning bahoridir. Qisqa kunlarida ro‘za tutadi, uzun tunlarida bedor bo‘ladi».[41]
  • «Qanoatli bo‘lish bitmas-tuganmas mol, yo‘q bo‘lmaydigan xazinadir».[42]
  • «Istixora qilgan noumid bo‘lmaydi, maslahat qilgan nadomat chekmaydi, iqtisod qilgan faqir bo‘lmaydi».[43]
  • «Infoqda (sarf-harajatda) iqtisod qilish hayotning yarmidir, insonlarga do‘stona munosabatda bo‘lish aqlning yarmidir, go‘zal savol berish ilmning yarmidir».[44]
  • «Alloh roziligi yo‘lida qilingan chora-tadbir kabi aqlli tadbir yo‘q. Alloh taolo harom qilgan narsalardan tiyilishdek taqvo yo‘q».[45]
  • «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir. Haqiqiy muhojir – Alloh harom qilgan narsalardan hijrat qilgan (ya’ni o‘sha narsalarni tark qilgan) kishidir».[46]
  • «Omonatdorligi yo‘q kishining iymoni yo‘q, ahdu paymoni yo‘q kishining dini yo‘q».[47]
  • «Qadrdon do‘stlarga go‘zal muomalada bo‘lish iymondandir».[48]
  • «Kishining chiroyi tilining fasohatidadir».[49]
  • «Ikkita yeb to‘ymas ochko‘z bor. Biri – tolibi ilm, yana biri – dunyoni talab qiluvchi».[50]
  • «Nodonlikdan ortiq faqirlik yo‘q. Aqldan azizroq boylik yo‘q, ujb (o‘ziga-o‘zi qoyil qolish)dan tubanroq yo‘q».[51]
  • «Gunoh unutilmas, yaxshilik o‘chmas, Dayyon Zot o‘lmas. Qanday xohlasang, shunday bo‘l».[52]
  • «Ilmga halimlik qo‘shilganidan go‘zalroq narsa yo‘q».[53]
  • «Rizqni yerosti boyliklaridan izlanglar».[54]
  • «Dunyoda xuddi musofir yoki yo‘lovchidek bo‘lgin, o‘zingni qabr ahllaridan deb hisobla».[55]
  • «Yaxshilik va muruvvatli ishlar halokatli, yomon ishlardan saqlaydi, maxfiy sadaqa berish Robb taoloning g‘azabini so‘ndiradi, silai rahm qilish umrni ziyoda qiladi».[56]
  • «Afvli, kechirimli bo‘lish bandaga azizlikni ziyoda qiladi, tavozeli bo‘lish martabasini yuksaltiradi, hech bir mol sadaqa tufayli kamayib qolgan emas».[57]

Mazkur hadislardan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilatlari, ma’ruzalari, xutbalari, duolari hamda ahdnomalari haqida juda ko‘p roviylar bir-birlaridan rivoyatlar keltirganlar.

Shak-shubha yo‘qki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha sohada, xususan fasohat va balog‘at sohasida ham biror kishi yeta olmaydigan yuksak daraja egasi hisoblanganlar va bu borada barchaga o‘rnak bo‘lganlar.

[1] Balog‘at so‘zi «voyaga yetish», «yetuklik» ma’nolarini bildiradi. Balog‘at bilan so‘zlash har bir holatning vaziyatiga mos so‘zlarni topib, so‘zamollik ila gapirishdir. Yuqoridagi jumlada «balog‘atli va’z-nasihatlar» deb saviyasi baland pandu nasihatlar nazarda tutilgan (vallohu a’lam).

[2] Fasohat va balog‘at bilan gapirish, ma’nolarning siru asrorlari, xislatli hikmatlar, go‘zal iboralar qo‘llash qobiliyati.

[3] Ko‘p ma’nolarni o‘z ichiga oluvchi qisqa jumlalar.

[4] Imom Ahmad «Musnad»ida rivoyat qilgan. Boshqa muhaddislar ham rivoyat qilgan.

[5] Hofiz Ibn Kasir bu hadisning sanadini Abu Ya’loga bog‘lagan.

[6] Bu hadisni Abu Nu’aym «Asbahon tarixi» kitobida rivoyat qilgan. Shuningdek, «Mavohib» kitobining sharhida ham zikr qilingan.

[7] Hech bir tashqi ta’sirsiz vafot etgan kishiga nisbatan qo‘llaniladigan bu ibora arab tilida yuksak fasohat namunasidir.

[8] Noto‘g‘ri, g‘aliz gapiruvchi, grammatik qoidalarga rioya qilmaydigan kishi.

[9] «Jomi’us-sag‘ir» kitobida hadis rivoyati imom Daylamiyga nisbat berilgan.

[10] Imom Hokim rivoyati.

[11] Askariy rivoyati. Mazkur ikki rivoyatdan birinchisida Abbos roziyallohu anhu umumiy qilib so‘radilar, keyingisida esa xos qilib so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikkala savolga ham javoblari til haqida bo‘ldi.

[12] Ikki shayx rivoyati.

[13] Imom Tabaroniy rivoyati.

[14] Ikki shayx rivoyati.

[15] Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyatlari.

[16] Ibn Hibbon rivoyati.

[17] Ikki shayx rivoyati.

[18] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.

[19] Uqayliy rivoyati.

[20] Ibn Abu Shayba va boshqalar rivoyati.

[21] Imom Buxoriy rivoyati.

[22] Muttafaqun alayh.

[23] Firdavsning «Musnad»ida rivoyat qilingan.

[24] Abu Abdurrohman as-Sulamiy rivoyati.

[25] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.

[26] Imom Ahmad va imom Termiziy rivoyati.

[27] Abu Dovud rivoyati.

[28] Imom Buxoriy rivoyati.

[29] Imom Bayhaqiy va Bazzor rivoyati.

[30] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.

[31] Imom Tabaroniy va imom Ahmad rivoyati.

[32] Askariy va imom Tabaroniy rivoyati.

[33] Imom Ahmad, Abu Dovud va boshqalar rivoyati.

[34] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.

[35] Imom Muslim rivoyati.

[36] Imom Ahmad rivoyati.

[37] Bazzor rivoyati.

[38] Imom Ahmad, imom Termiziy, imom Hokim rivoyat qilgan. Imom Hokim sahihlar qatoriga kiritgan.

[39] Imom Tabaroniy rivoyati.

[40] Muttafaqun alayh.

[41] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.

[42] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.

[43] Imom Tabaroniy rivoyati.

[44] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.

[45] Imom Bayhaqiy rivoyati.

[46] Muttafaqun alayh.

[47] Imom Ahmad va boshqalar rivoyati.

[48] Imom Hokim «Mustadrak»ida rivoyat qilganlar.

[49] Qodo’iy rivoyati.

[50] Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyati.

[51] Imom Ibn Moja rivoyati.

[52] Firdavs «Musnad»idagi imom Daylamiyning rivoyati.

[53] Askariy rivoyati.

[54] Abu Shurayh rivoyati.

[55] Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.

[56] Imom Tabaroniy rivoyati.

[57] Imom Muslim rivoyati. Boshqa muhaddislar ham turli lafzlar bilan rivoyat qilgan.



O‘MI matbuot xizmati

manba

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   47633   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari