Bir kishi xotini oldingiday yaxshi eshitmayotganini payqab qoldi. Bundan tashvishga tushdi, balki qulog‘iga maxsus eshitish uskunasi taqishi kerakdir deb ham o‘yladi. Shunday mulohazalar bilan do‘xtir huzuriga yo‘l oldi. Har holda mutaxassis bilan maslahatlashgan yaxshi-da.
Uning arzini tinglagan shifokor bir sinov usulini o‘rgatdi:
– Xotiningizdan qirq qadam narida turasiz, odatdagi suhbat tovushida gapirib ko‘rasiz. Agar eshitmasa, masofani o‘ttiz qadamga qisqartirasiz. Yana bo‘lmasa, yigirma qadam. Xullas, sizni eshitguncha yaqin boraverasiz.
U bu tajribani o‘sha kun oqshomdayoq qo‘llashga kirishdi. Xotini oshxonada kuymalanib yurganini ko‘rgach, qirq odim nariga bordi-da:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz? – dedi.
Javob yo‘q. Odam masofani o‘ttiz qadamga qisqartirib, savolini qaytardi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Yana javob yo‘q. Endi yigirma metr masofada turib so‘radi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Nahotki! Yana javob bo‘lmadi-ku!
Er oshxona eshigi yaqiniga keldi-da, so‘rovini tag‘in takrorladi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Tavba-tavba! “Nima balo, ayolimning qulog‘i tom bitganmi?!” deb o‘yladi u. Bu safar xotiniga judayam yaqin keldi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Va nihoyat shu gal ayoli javob berdi:
– Dadajonisi, beshinchi marta qaytaryapman: osh damlayapman, osh.
Biz ko‘pincha muammoni qarshimizdagi kishilardan axtaramiz. Balki ayb o‘zimizdadir. Buni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Oqil odamning eng ustun jihatlaridan biri boshqalarning emas, o‘zining nuqsonlarini o‘ylashi va ularni to‘g‘rilashidir.
Orif Tolib
Da’vo: Qabristonda Qur’on tilovat qilish bid’at.
Raddiya: Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadi: “Ba’zi ulamolar qabr oldida Qur’oni karimni qiroat qilishga ikki novda hadisini dalil keltiradi va qabrlarga novda ekish hamda Qur’on tilovatining foydasi borligini ta’kidlashadi. Ekilgan novda azobni yengillatganidan keyin qandoq qilib mo‘min kishining Qur’on tilovat qilishi foyda bermasin? Shuning uchun, ulamolar qabr ziyoratini mustahab, tilovat esa ziyoratchidan mayyitga tuhfadir, deyishgan”.
Imom Navaviy rahimahulloh “Sahihi Muslim”ning sharhida: “Ulamolar qabr oldida Qur’on tilovat qilishni mana shu hadisga asosan mustahabdir, deyishgan. Qabristonga ekilgan daraxt novdasining tasbeh aytishi bilan azob yengillashgach, Qur’on tilovati bilan azobning yengillashishi yanada a’loroqdir”, degan.
Imom Sha’biy aytgan: “Ansoriylar mayyit huzurida “Baqara” surasini o‘qishar edi”. Imom Xallol: “Ansoriylar biror kishi vafot etsa, uning qabriga navbat bilan qatnab, u yerda Qur’on o‘qishar edi”, degan.
Ibrohim Naxa’iy aytadi: “Qabrlar oldida Qur’on qiroat qilishning aslo zarari yo‘q”.
Za’faroniy bunday deydi: “Shofe’iydan qabrlar oldida qiroat qilish xususida so‘raganimda, u zot zarari yo‘q dedi”.
“Fatavoi Hindiya”da: “Mayyit dafn etilgach, qabr oldida bir jonliq so‘yib, go‘shtini taqsimlab bo‘lguncha miqdorda tilovat qilib, mayyit haqqiga duo qilish mustahabdir” deyilgan.
Imom Navaviyning “al-Azkor” kitobida keltiriladi: “Mayyitni dafn qilib bo‘lingach, bir jonliq so‘yib, taqsimlangunicha qabr boshida o‘tirish mustahab amaldir. O‘tirganlar Qur’on tilovati, mayyitga duo, va’z, xayr ahlining hikoyalari va solihlarning suhbatlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Imom Shofe’iy va u zotning izdoshlari Qur’ondan ba’zi suralari o‘qiladi. Bordi-yu, Qur’onning barchasi xatm qilinsa, yanada yaxshiroq bo‘ladi”, deyishgan”.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi