Bir kishi xotini oldingiday yaxshi eshitmayotganini payqab qoldi. Bundan tashvishga tushdi, balki qulog‘iga maxsus eshitish uskunasi taqishi kerakdir deb ham o‘yladi. Shunday mulohazalar bilan do‘xtir huzuriga yo‘l oldi. Har holda mutaxassis bilan maslahatlashgan yaxshi-da.
Uning arzini tinglagan shifokor bir sinov usulini o‘rgatdi:
– Xotiningizdan qirq qadam narida turasiz, odatdagi suhbat tovushida gapirib ko‘rasiz. Agar eshitmasa, masofani o‘ttiz qadamga qisqartirasiz. Yana bo‘lmasa, yigirma qadam. Xullas, sizni eshitguncha yaqin boraverasiz.
U bu tajribani o‘sha kun oqshomdayoq qo‘llashga kirishdi. Xotini oshxonada kuymalanib yurganini ko‘rgach, qirq odim nariga bordi-da:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz? – dedi.
Javob yo‘q. Odam masofani o‘ttiz qadamga qisqartirib, savolini qaytardi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Yana javob yo‘q. Endi yigirma metr masofada turib so‘radi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Nahotki! Yana javob bo‘lmadi-ku!
Er oshxona eshigi yaqiniga keldi-da, so‘rovini tag‘in takrorladi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Tavba-tavba! “Nima balo, ayolimning qulog‘i tom bitganmi?!” deb o‘yladi u. Bu safar xotiniga judayam yaqin keldi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Va nihoyat shu gal ayoli javob berdi:
– Dadajonisi, beshinchi marta qaytaryapman: osh damlayapman, osh.
Biz ko‘pincha muammoni qarshimizdagi kishilardan axtaramiz. Balki ayb o‘zimizdadir. Buni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Oqil odamning eng ustun jihatlaridan biri boshqalarning emas, o‘zining nuqsonlarini o‘ylashi va ularni to‘g‘rilashidir.
Orif Tolib
27 avgust kuni Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Mavritaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Ismoil Vild Shayx Ahmad IHTning yangi bosh kotibi etib saylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligining ma’lum qilishicha, 66 yoshli Ismoil Vild ash-Shayx Ahmad IHT Bosh kotibi lavozimida 2021–2026 yillarda tashkilotga rahbarlik qilgan chadlik diplomat Husayn Ibrohim Tahaning o‘rnini egallaydi.
Yangi bosh kotib 2015–2018 yillarda BMT Bosh kotibining Yaman bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati