Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Ukkosha ibn Mihson

04.09.2018   14273   5 min.
Ukkosha ibn Mihson

Islom va tavhid haqida eshitiboq, qalbi imon bilan porladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borib Islomni qabul qildi. U boshqa sahobalar kabi mushriklarning qattiq qiynoqlari va bo‘htonlariga sabr etdi. Bu mashaqqatlar faqat uning imonu ishonchini va dinda sobitligini oshirdi, xolos.

* * *
Birinchilardan bo‘lib imon keltirgan ulug‘ sahobaning to‘liq ismi: Ukkosha ibn Mihson ibn Xurson ibn Qays ibn Murra Asadiy. Kunyasi: Abu Mihson. Banu Umayya qabilasining amiri. G‘ayratli, kuchli, aqlli, o‘ta sezgir va oqko‘ngilligi bilan odamlar orasida ajralib turardi. U shijoatli va jur’atli edi.


Makkada mushriklar tomonidan sahobalarga yetayotgan azob va uqubatlarni ko‘rgan Payg‘am­barimiz (alayhissalom) ularga Madinaga hijrat etishlarini buyurdilar. Ukkosha (roziyallohu anhu) ular orasida edi. Keyinroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni G‘amroga (Yamandan 18 chaqirim masofadagi joy nomi) jo‘naydigan qirq kishilik sariyaga boshliq etib yubordilar. Ular bu yurishda dushmanga duch kelmadilar.
Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) barcha yaxshiliklarda peshqadam bo‘lishga intilardi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom)­dan ayrilmadi. Badr kuni uning qilichi sinib qolganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga tayoq berdilar va o‘sha tayoq uning qo‘lida qilichga aylandi. Bu sahoba Uhud, Xandaq va boshqa barcha safarlar ishtirokchisidir.
Sen o‘shalardansan


Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Arablarning eng yaxshi chavandozi, mana, bizdadir”, dedilar. “Yo Rasululloh, kim u?”, deb so‘rashdi. “Ukkosha ibn Mihson”, dedilar. Ziror ibn Azvar (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, u kishi bizdan”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sizlardan emas, bizlardandir”, dedilar (Imom Muslim).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qildilar: “Menga ummatlar ko‘rsatildi. Payg‘ambar va payg‘ambarlar o‘ta boshlashdi. Ular bilan bir olomon odam birga edi. Bir payg‘ambar bilan esa hech kim o‘tmadi. Nogahon, ko‘zimga katta bir olomon ko‘rindi. Men: «Bu nima, shu mening ummatimmi?», deb so‘raganimda, «Yo‘q, bu Muso va uning qavmidir», deb aytildi. Menga:“Ufqqa qara!” deb buyurildi. Qarasam, ufqni to‘ldirib xalqlar kelyapti. Keyin: “Osmon ufqining bu tomoniga, anavi tomoniga qara”, deyildi. Bu yoqda ham ufqni to‘ldirib tumonat odam kelayotganini ko‘rdim. Menga: “Bular sening ummating. Ulardan yetmish mingi savol-javobsiz jannatga kiradi”, deyildi.


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hech narsa aytmasdan, (ichkariga) kirib ketdilar. O‘tirganlar: “Biz Alloh taologa imon keltirib, Uning rasuliga ergashdik. O‘shalar biz bo‘lamizmi yoki Islomda tug‘ilgan avlodlarimizmi? Chunki biz johiliyat zamonida tug‘ilganmiz”, deya muzokaraga kirishib ketishdi. Bu gaplarni eshitgan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) hujralaridan chiqib, bunday dedilar: “Ular irim qilmaydigan, fol ochdirmaydigan, va (kasal bo‘lmasidan) badaniga (temir qizdirib) bosmaydigan va Parvardigoriga tavakkal qiladiganlardir”. Shunda Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, men o‘shalardanmanmi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sen o‘shalardansan”, dedilar. Muhojirlardan boshqa bir kishi turib: “Yo Rasululloh, men o‘shalardanmanmi?” deb so‘ragan edi, Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ukkosha sendan oldin so‘radi”, deb javob berdilar» (Imom Buxoriy).
Madinani tark etmadi


Kasir ibn Solt (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlariga qadar Madinani tark etmadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) olamdan o‘tganlarida Ukkosha (roziyallohu anhu) qirq to‘rt yoshda bo‘lgan. So‘ng Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) uni Yamanga yubordi”. Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu)dan sahobalar Abu Hurayra hamda Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) hadis rivoyat qilishgan.
Orzu sari so‘nggi qadam


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan hech bir savol-javobsiz jannatga kirish bashoratini eshitgan Ukkosha (roziyallohu anhu) ana shu ne’matga tezroq sazovor bo‘lishni orzu qila boshladi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) zamonida murtadlarga qarshi kurashdi. Umrining so‘nggi kuni Buzoxada (Bahrayndagi joy nomi) yakun topdi. O‘shanda u Xolid ibn Valid, Sobit ibn Arqam bilan birga Tulayha ibn Xuvaylid (so‘ng u Islomni qabul qilgan) va ukasi Salama ibn Xuvaylid qo‘shiniga qarshi jang qildi. Ukkosha (roziyallohu anhu) “Ruzom” laqabli oti­ni, Sobit ibn Arqam esa “Muxabbar” laqabli otini mingan edi. Sobit (roziyallohu anhu) Salama ibn Xuvaylid bilan, Ukkosha (roziyallohu anhu) Tulayha ibn Xuvaylid bilan yakkama-yakka olishuvda mardlarcha halok bo‘lishdi va yuksak darajaga erishishdi.


Manbalar asosida
Yulduz KOMILOVA
tayyorladi.

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   48010   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari