Islom va tavhid haqida eshitiboq, qalbi imon bilan porladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borib Islomni qabul qildi. U boshqa sahobalar kabi mushriklarning qattiq qiynoqlari va bo‘htonlariga sabr etdi. Bu mashaqqatlar faqat uning imonu ishonchini va dinda sobitligini oshirdi, xolos.
* * *
Birinchilardan bo‘lib imon keltirgan ulug‘ sahobaning to‘liq ismi: Ukkosha ibn Mihson ibn Xurson ibn Qays ibn Murra Asadiy. Kunyasi: Abu Mihson. Banu Umayya qabilasining amiri. G‘ayratli, kuchli, aqlli, o‘ta sezgir va oqko‘ngilligi bilan odamlar orasida ajralib turardi. U shijoatli va jur’atli edi.
Makkada mushriklar tomonidan sahobalarga yetayotgan azob va uqubatlarni ko‘rgan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ularga Madinaga hijrat etishlarini buyurdilar. Ukkosha (roziyallohu anhu) ular orasida edi. Keyinroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni G‘amroga (Yamandan 18 chaqirim masofadagi joy nomi) jo‘naydigan qirq kishilik sariyaga boshliq etib yubordilar. Ular bu yurishda dushmanga duch kelmadilar.
Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) barcha yaxshiliklarda peshqadam bo‘lishga intilardi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan ayrilmadi. Badr kuni uning qilichi sinib qolganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga tayoq berdilar va o‘sha tayoq uning qo‘lida qilichga aylandi. Bu sahoba Uhud, Xandaq va boshqa barcha safarlar ishtirokchisidir.
Sen o‘shalardansan
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Arablarning eng yaxshi chavandozi, mana, bizdadir”, dedilar. “Yo Rasululloh, kim u?”, deb so‘rashdi. “Ukkosha ibn Mihson”, dedilar. Ziror ibn Azvar (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, u kishi bizdan”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sizlardan emas, bizlardandir”, dedilar (Imom Muslim).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qildilar: “Menga ummatlar ko‘rsatildi. Payg‘ambar va payg‘ambarlar o‘ta boshlashdi. Ular bilan bir olomon odam birga edi. Bir payg‘ambar bilan esa hech kim o‘tmadi. Nogahon, ko‘zimga katta bir olomon ko‘rindi. Men: «Bu nima, shu mening ummatimmi?», deb so‘raganimda, «Yo‘q, bu Muso va uning qavmidir», deb aytildi. Menga:“Ufqqa qara!” deb buyurildi. Qarasam, ufqni to‘ldirib xalqlar kelyapti. Keyin: “Osmon ufqining bu tomoniga, anavi tomoniga qara”, deyildi. Bu yoqda ham ufqni to‘ldirib tumonat odam kelayotganini ko‘rdim. Menga: “Bular sening ummating. Ulardan yetmish mingi savol-javobsiz jannatga kiradi”, deyildi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hech narsa aytmasdan, (ichkariga) kirib ketdilar. O‘tirganlar: “Biz Alloh taologa imon keltirib, Uning rasuliga ergashdik. O‘shalar biz bo‘lamizmi yoki Islomda tug‘ilgan avlodlarimizmi? Chunki biz johiliyat zamonida tug‘ilganmiz”, deya muzokaraga kirishib ketishdi. Bu gaplarni eshitgan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) hujralaridan chiqib, bunday dedilar: “Ular irim qilmaydigan, fol ochdirmaydigan, va (kasal bo‘lmasidan) badaniga (temir qizdirib) bosmaydigan va Parvardigoriga tavakkal qiladiganlardir”. Shunda Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, men o‘shalardanmanmi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sen o‘shalardansan”, dedilar. Muhojirlardan boshqa bir kishi turib: “Yo Rasululloh, men o‘shalardanmanmi?” deb so‘ragan edi, Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ukkosha sendan oldin so‘radi”, deb javob berdilar» (Imom Buxoriy).
Madinani tark etmadi
Kasir ibn Solt (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlariga qadar Madinani tark etmadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) olamdan o‘tganlarida Ukkosha (roziyallohu anhu) qirq to‘rt yoshda bo‘lgan. So‘ng Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) uni Yamanga yubordi”. Ukkosha ibn Mihson (roziyallohu anhu)dan sahobalar Abu Hurayra hamda Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) hadis rivoyat qilishgan.
Orzu sari so‘nggi qadam
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan hech bir savol-javobsiz jannatga kirish bashoratini eshitgan Ukkosha (roziyallohu anhu) ana shu ne’matga tezroq sazovor bo‘lishni orzu qila boshladi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) zamonida murtadlarga qarshi kurashdi. Umrining so‘nggi kuni Buzoxada (Bahrayndagi joy nomi) yakun topdi. O‘shanda u Xolid ibn Valid, Sobit ibn Arqam bilan birga Tulayha ibn Xuvaylid (so‘ng u Islomni qabul qilgan) va ukasi Salama ibn Xuvaylid qo‘shiniga qarshi jang qildi. Ukkosha (roziyallohu anhu) “Ruzom” laqabli otini, Sobit ibn Arqam esa “Muxabbar” laqabli otini mingan edi. Sobit (roziyallohu anhu) Salama ibn Xuvaylid bilan, Ukkosha (roziyallohu anhu) Tulayha ibn Xuvaylid bilan yakkama-yakka olishuvda mardlarcha halok bo‘lishdi va yuksak darajaga erishishdi.
Manbalar asosida
Yulduz KOMILOVA
tayyorladi.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi