Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mo‘jizalari

04.09.2018   13442   4 min.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mo‘jizalari

Hazrat Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biznikiga keldilar va ozroq mizg‘ib, terladilar. Ummu Sulaym Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning terlarini bir idishga yig‘a boshladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uyg‘onib: “Ey Ummu Sulaym, nima qilyapsan?”, deb so‘radilar. Ummu Sulaym (roziyallohu anho): “Yo Rasululloh, sizning teringizdan xushbo‘ylik o‘rnida foydalanamiz. Zero, u xushbo‘ylar ichra eng xushbo‘yidir”, deb javob berdi» (Imom Muslim).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)da shunday xislat bor edi. Agar bir ko‘chadan o‘tsalar, hidlarining xushbo‘yligidan, u zot (alayhissalom)dan so‘ng o‘tgan odam u yerdan u zot (alayhissalom) o‘tganlarini bilib olardi».

* * *
Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan safarda edik. Suvi oz quduq yonida to‘xtadik. Idishni hovuchlab to‘ldirish uchun quduq tubiga olti kishi tushdik. Bizga chelak tushirildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) quduq boshida qoldilar. Biz chelakning yarmini yoki uchdan ikki qismini suv bilan to‘ldirdik. Idish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)­ga uzatildi. O‘zim esa tomog‘imni ho‘llab olish uchun idishimga qaragan edim, suv yo‘q ekan. U zot (alayhissalom) idishga qo‘llarini botirdilar va Alloh xohlagan narsalarni aytib, idishni bizga qaytardilar. Men quduq ichidagi oxirgi kishi cho‘kib ketishdan qo‘rqib, kiyimini yechib tortib olishlari uchun yuqoriga uzatayotganini ko‘rdim”. Keyin quduqdan suv daryo bo‘lib oqdi (Imom Ibn Kasir va Imom Ahmad).
* * *
Abu Zayd Amr ibn Axtob Ansoriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Yaqinroq kel”, dedilar. Borganimda soch va soqolimni qo‘llari bilan siladilar va: “Yo Alloh, uni go‘zal et va go‘zalligini doimiy qil”, dedilar».
Amr ibn Axtob (roziyallohu anhu) yuz yoshdan oshganida ham soqoliga oq tushmadi. Faqat ozgina oqi bor edi, xolos. Shuningdek, u ochiq yuzli kishi bo‘lib, to vafot etguniga qadar yuziga ajin tushmadi (Imom Ahmad).
* * *
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Ansorlarning sug‘orishda ishlatadigan tuyalari bo‘lardi. O‘sha tuya bo‘ysunmay, hech kimni mindirmay qo‘ydi. Ansorlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Bizlarni sug‘orishda ishlatadigan tuyamiz bor edi. U bizga bo‘ysunmay, yuk orttirmay qo‘ydi. Xurmo va ekinlarimiz chanqab qoldi”, deyishdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga qarab: “Turinglar, men bilan yuring­lar”, dedilar. Barchalari boqqa kirishganda, uning bir chetida o‘sha tuya o‘tlab yurardi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) u tomonga yurdilar. Shunda ansorlar: “Yo Rasululloh, ehtiyot bo‘ling. U itdek quturgan, yana tashlanib qolmasin”, de­yishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Undan menga hech bir ziyon yetmaydi”, dedilar.
Tuya Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘rib, ul zot tomon yura boshladi. Oldilariga kelgach, sajda qilgan holida yiqildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uning peshonasidan ushladilar. Tuya, ilgari hech ko‘rilmagan holatda itoatkor bo‘lib qoldi.
Sahobalar: “Yo Rasululloh, bu aqlsiz hayvon sizga sajda qildi, vaholanki, biz undan ko‘ra sizga sajda qilishga haqliroqmiz”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonning insonga sajda qilishi mumkin emas. Agar inson insonga sajda qilishi mumkin bo‘lganida, haq-huquqi katta bo‘lgani uchun, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim”, dedilar» (Imom Ahmad).
* * *
Hanzala ibn Xudaymning otasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, men keksayib qoldim. Mana bu o‘g‘lim Hanzala. Uning haqqiga duo qilsangiz”, deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey bola”, deya qo‘lidan ushladilar va boshini silab: “Senga Allohning barakoti bo‘lsin!” dedilar.
Shundan so‘ng Hanzalaning oldiga yelini shishib ketgan qo‘y va tuyalarni, o‘simtasi bor kishilarni olib kelishardi. U qo‘liga tuflab, boshining o‘sha joyiga ishqalardi va: “Bismillah, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llari izidan”, deb kasallarni silar va ular tuzalib ketishardi (Imom Ahmad, Imom Buxoriy).


Mahmudaxon MUXTOROVA

“Hidoyat” jurnalidan

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

27.08.2026   6013   1 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.

Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.

Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.

Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari