Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Oktabr, 2026   |   6 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:18
Quyosh
06:37
Peshin
12:08
Asr
15:56
Shom
17:44
Xufton
18:58
Bismillah
17 Oktabr, 2026, 6 Jumadul avval, 1448

Idda muddatlari

03.09.2018   33449   3 min.
Idda muddatlari

 «Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini  saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.

Idda muddatlari:

  1. Eri taloq qilgan ayol taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi.

Alloh taolo:

«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).

Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.

Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.

  1. Yoshi keksaligi yoki juda yoshligi yoki bo‘yi yetgan bo‘lsa ham umuman hayz ko‘rmaydigan ayol uch oy idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan.  (Taloq, 6)

  1. Eri vafot etgan homilador bo‘lmagan ayol taloq qilinsa to‘rt oy o‘n kun idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.

Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.

  1. Eri vafot yetgan homilali ayol homilasini tug‘ishi bilan iddasi chiqadi.

Alloh taolo:

«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan.  (Taloq, 6)

Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:

Alloh taolo:

«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)

Er-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.

Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:

Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.

 Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.

Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.

 

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

O‘MI matbuot xizmati

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ibn Sinoning “Sarguzasht” asari haqida

15.10.2026   28559   6 min.
Ibn Sinoning “Sarguzasht” asari haqida

Abu Ali ibn Sino – Sharq renessansining porloq yulduzlaridan biridir. Uning boy ilmiy va ijodiy merosi ming yildan buyon butun bashariyatga xizmat qilib kelmoqda. Butun umrini ilm-fanga bag‘ishlagan olimning tibbiyot, falsafa, ilohiyot, matematika, musiqa, adabiyot, tilshunoslik va mantiq kabi o‘nlab sohalarda yaratgan asarlarini chuqur o‘rganish bugungi kunda ham eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Allomaning tafakkur dunyosi shu qadar keng qamrovliki, turli soha mutaxassislari uning hamon yangi qirralarini kashf etmoqdalar. E’tiborlisi shundaki, u nafaqat buyuk olim, balki so‘z san’ati ustasi sifatida ham nozik tuyg‘ularini badiiy tilda qog‘ozga tushirgan ijodkordir.

Mutafakkirning «Sarguzasht» (tarjimayi hol) asari o‘zi tomonidan tugallanmay qolgan bo‘lib, keyinchalik uning sodiq shogirdi Abu Ubayd al-Juzjoniy yakuniga yetkazgan. Unda Shayxurraisning bolalik yillaridan boshlab, umrining so‘nggi kunlarigacha bo‘lgan voqea-hodisalar muxtasar bayon etilgan. Mazkur risola olimning hayoti, ilmiy faoliyati, oilaviy muhiti va davr manzarasini o‘rganishda bebaho manba bo‘lib xizmat qiladi. Ibn Sino ushbu asarida she’riyatga bo‘lgan qiziqishiga ham ishora qilib, shunday yozadi:

«Jurjonga qaytib keldim va u yerda menga Abu Ubayd al-Juzjoniy kelib qo‘shildi. Shu kezlarda o‘z holimni ifodalaydigan bir qasida yozdim, unda mana shu bayt ham bor edi:

«Men ulug‘ bo‘lganimda keng shahar ham sig‘dirolmay qoldi, Qimmatim oshganida xaridorsiz qoldim».

«Sarguzasht» risolasi orqali allomaning hayotiga oid ko‘plab nodir faktlar bilan tanishish mumkin. Asarning Juzjoniy tomonidan davom ettirilgan qismida muallifning notakror iste’dodi va ishchanlik qobiliyati jonli misollar bilan ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, unda olimning kuniga o‘rtacha 50 varaq asar yozganligi alohida qayd etilgan.

Shuningdek, Ibn Sino Abulhasan al-Aruz ismli qo‘shnisining iltimosiga ko‘ra «Al-Majmu’» nomli kitob tasnif etgani, unda matematikadan tashqari barcha mavjud ilmlar jamlangani bayon qilinadi. Bu kabi ma’lumotlar alloma shaxsiyatini anglashda katta ahamiyatga ega.

X asr ilmiy muhitini o‘zida aks ettirgan bunday memuar asarning bizgacha yetib kelishi katta tarixiy voqeadir. Risola Ibn Sinoning vaqtdan unumli foydalangani va ilm yo‘lida butun hayotini fido qilganini ko‘rsatuvchi ibratli detallarga boy. Xususan, Ibn Sinodan oldinroq yashagan Hakim Termiziyning «Badv ush-sha’n» avtobiografik asarida ham xuddi shunday Movarounnahr ilmiy muhiti, olimning hayoti va xoriqulodda holatlari yoritib berilgan edi. Bu ikki ulug‘ siymo o‘z yo‘nalishlarida betakror ijod qilib, jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar.

Ibn Sino «Sarguzasht»da Abu Abdulloh Notiliy va Ismoil Zohid kabi ustozlarining nomlarini hurmat bilan tilga oladi hamda ularning bilim darajasiga adolatli baho beradi. Shu bilan birga, u turli ilmlarni o‘zlashtirish jarayoni haqida to‘xtalib, jumladan, shunday deydi:

«Tib ilmi qiyin fanlardan emas, shu sababli qisqa muddat ichida bu sohada juda ilg‘orlab ketdim. Natijada hatto tajribali va bilimdon tabiblar ham huzurimga kelib, tibbiyotdan saboq ola boshladilar».

U ilmga chanqoqligi va noyob zehn sohibi bo‘lishi bilan birga, maqsad yo‘lidagi mashaqqatlardan aslo qo‘rqmagan. Ulkan zafarlarga faqat qobiliyat bilan emas, tinimsiz zahmat orqali erishilishini teran anglagan. Ibn Sino o‘zining 16-17 yoshlik davrini xotirlab: «O‘sha kezlarda men biror kechani ham oxirigacha uxlab o‘tkazmas, kunduzlari esa faqat ilm bilan shug‘ullanar edim»,– deb yozadi.

Asarning nima maqsadda va kimning buyurtmasiga binoan yozilgani haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, olim unda o‘z hayotining eng muhim va burilish nuqtalarini muhrlab qoldirishga intilgani ko‘rinadi.

Asardan ma’lum bo‘lishicha, Ibn Sino Somoniylar hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagani evaziga uning boy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur kutubxonaning kengligi, kitoblarning fanlar bo‘yicha tizimli ravishda jamlangani haqidagi xotiralar Somoniylar davridagi kutubxonachilik madaniyati va umumiy fond haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Shuningdek, muallif o‘z ma’naviy va intellektual imkoniyatlari haqida gapirib, 18 yoshida o‘sha davrning barcha zarur ilmlarini to‘liq egallab bo‘lganini va bu davrda ko‘proq «ilmni xotirada mustahkam saqlab qolish»ga e’tibor qaratganini ta’kidlaydi.

Juzjoniyning yozishicha, Shayxurrais bir vaqtning o‘zida bir nechta kitob ustida ishlay olgan. Masalan, mashhur «Ash-Shifo» asarining tabiiyot qismiga kirishganda, «Tib qonunlari»ning birinchi kitobini allaqachon yakunlagan edi. Juzjoniy ustozining xizmatida 25 yil davomida sodiqlik bilan turganini, ammo shu davr ichida Ibn Sinoning biror yangi kitobni boshdan-oyoq shunchaki mutolaa qilib o‘tirganini ko‘rmaganini (chunki u barcha ilmlarni mukammal bilganidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yozishga kirishganini) hayrat bilan eslaydi.

«Sarguzasht» asari orqali biz allomaning bugungi kungacha yetib kelmagan, yo‘qolgan asarlari haqida ham qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Juzjoniy olimning «Lison ul-arab» («Arab tili») asari oqqa ko‘chirilmay qolgani va «Al-Qonun»ga kiritilishi lozim bo‘lgan tibbiy tajribalar qayd etilgan qo‘lyozmalarning yo‘qolganini afsus bilan qayd etadi.

Xulosa qilib aytganda, «Sarguzasht» risolasi Ibn Sinoning hayoti, oilaviy muhiti, Buxoroning X asrdagi yirik ilmiy markaz sifatidagi maqomi va Somoniylar kutubxonasining ahvolini o‘rganishda eng mo‘tabar manbalardan biridir. Asar olimning noyob xotirasi, yuksak ijodiy salohiyati va betakror iste’dodini bevosita muallif hamda uning yaqin shogirdi tilidan so‘zlovchi nodir hujjatdir.

Bugungi kunda mazkur asar jahon tillari qatori o‘zbek tiliga ham tarjima qilinib, u haqda ko‘plab ilmiy maqola va risolalar yaratilgan. Allomaning badiiy ijodi va she’riy merosi haqida esa kitobning keyingi bobida batafsil so‘z yuritiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, PhD Xusrav Hamidov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari